Mutaxassis tavsiyasi: Jazirama kunlarda qanday ishlash kerak?
Bugungi jazirama kunlarda ishlash hammaga ham birdek ma’qul kelavermaydi. Bunday sharoitda korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlari belgilangan tartibdagi iqlim bo‘yicha sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda mehnat qilishlari talab etiladi. Ayniqsa, korxonalarda yilning issiq davrida ishlab chiqarish xonalari, sex va bo‘limlar va boshqa yopiq hududlarda mikroiqlim me’yorda bo‘lishi lozim.
Mehnat kodeksining 25, 276, 352, 359-moddalari hamda “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lishi kerak. Qulay ish sharoitlarini yaratib berish ish beruvchining majburiyati hisoblanadi.
Jazirama vaqtida binolarda miqroiqlim sharoitini yaxshilashga yordam beradigan konditsioner, ventilyasiya, quruq havoni namlantirish uskunalari faoliyatini ta’minlash hamda ishlatish imkoni bo‘lmagan taqdirda xodimlarning ish rejimini o‘zgartirish mumkin. Ya’ni, ularning dam olish vaqtlarini ko‘paytirish yoki ish vaqtini qisqartirish, xodimlarni bepul toza ichimlik suvi bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi lozim.
Yilning issiq davrida ochiq maydonlarda bajariladigan ishlar havo harorati 34,2°S-36,0°S dan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Mazkur holatda rejimni o‘zgartirib, ish vaqtini kunning salqin vaqtlariga ko‘chirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Agarda xodim ochiq maydonda, jumladan, qurilish maydonlarida, dalalarda faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan mavsumiy himoya vositalari ajratilishi, ish rejimi o‘zgartirilishi, shuningdek, xodimlar bepul toza ichimlik (mineral) suv bilan ta’minlanishi kerak. Ammo bu davrda xodimning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.
Korxonadagi bunday ishlarning ro‘yxati va ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib olingan holda amalga oshiriladi.
Mehnat kodeksining 21, 22, 355-moddalariga muvofiq, xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganda, albatta, ish beruvchiga xabar qilishi lozim. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlasa, ish beruvchi bu holatlarni bartaraf etishi lozim. Agar zarur choralar ko‘rilmasa, xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir.
Ob-havo xarorati darajasi yuqori bo‘lgan vaqtlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan saqlanish, ko‘proq soyada bo‘lish, imkon qadar ko‘chada o‘tkazish vaqtini cheklash, yorqin rangli, yengil, tabiiy matolardan tikilgan kiyim kiyish zarur. Shuningdek, ularga bosh kiyim yoki soyabon bilan yurish, jismoniy faoliyatni kamaytirish, avtomashinani boshqarish vaqtini qisqartirish, ko‘proq suv ichish, iliq choy yoki gazlanmagan mineral suv tavsiya qilinadi. Eng muhimi, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari iste’mol qilishdan o‘zlarini tiyishlari lozim.
Orifjon MIZOMOV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi
viloyat kengashi yetakchi mutaxassisi.