Mutaxassislar manzarali daraxtlarda uchraydigan archa unsimon qurtidan ogohlantirmoqda

Viloyat o‘simliklar karantini va himoya boshqarmasi axborot xizmatiga ko‘ra, ayni vaqtda viloyatda archa unsimon qurti (Planococcus vovae Nass.)ga qarshi kurash bo‘yicha dolzarb 15 kunlik tadbirlari o‘tkazilyapti.

18 mart holatiga ko‘ra viloyatda archa unsimon qurti 31,5 gektar maydonning 13 398 dona manzarali daraxtlarida tadqiqot o‘tkazilgan. Aytilishicha, har yarim gektar daraxtzorning 35 tupida zararkunanda aniqlangan. Zararkunandaga qarshi 1,3 gektar maydonda kimyoviy ishlov berilib, 18,25 gektarning 94 03 tupida agrotexnik tadbirlar olib borilgan. Zararlangan daraxtlar aniqlangan 15 ta tashkilotga dalolatnoma tuzilib, boshqarmaning fitosanitar biolaboratoriyasiga namunalar olingan.

Viloyat hududlarida yo‘l bo‘ylari, o‘rmon xo‘jaliklari va boshqa yashil maydonlarda parvarish qilinayotgan igna bargli va boshqa manzarali daraxt va butalarga katta zarar yetkazayotgan archa unsimon qurtiga qarshi “Dolzarb 15 kunlik” 14 martdan 8 aprelga qadar davom etadi.

Bu davrda zararkunanda tarqalgan joy va maydonlarni aniqlash hamda ushbu hududlarda kasallik tarqalishi mumkin bo‘lgan ko‘chatlarni boshqa bir hududga yuborilishini qat’iyan taqiqlash, zararkunandalar aniqlanganda zudlik bilan kasallikni bartaraf etish hamda ularning oldini olish ishlari amalga oshirilmoqda.