Mutolaa: Bir soat davom etgan voqea

Keyt Shopen

Mellard xonimning yuragi xastaligini hamma bilar edi, shuning uchun erining o‘limi haqidagi xabarni unga ehtiyotkorlik bilan yetkazishga harakat qilindi.

Bo‘lgan voqeani unga singlisi Jozefina aytib berdi. U go‘yo haqiqatning bir qismini ochib berayotgandek, juda noaniq, chalkash-chulkash, tutilib, nozik sha’ma bilan gapirdi. Jozefinaning yonida poyezd halokati haqidagi xabar kelgan vaqtda gazeta tahririyatida ishlaydigan uning do‘sti Richards turardi. O‘lganlar orasida birinchi bo‘lib Brentli Mellardning ismi qayd etilgan. Xabar tasdiqlanishi uchun Richards ikkinchi telegrammani qabul qilib oldi va qayg‘uli xabarni undan oldin g‘amxo‘r va sezgir boshqa birov yetkazmasligi uchun darhol Mellardlar uyi tomon shoshildi.

Mellard xonim qayg‘uli xabarni boshqa ayollarga qaraganda o‘zgacha qabul qildi – u og‘ir judolikdan dong qotib qoldi. O‘zini tiya olmasdan boshini singlisining yelkasiga qo‘yib, yig‘lab yubordi. Ko‘z yoshlari tugagach, u yolg‘iz qolishni istashini aytib, xonasini ichidan bekitib qo‘ydi va lohasgina ochiq deraza yonidagi katta, qulay kursiga cho‘kdi. Baxtsizlik uning butun tanasidagi qonini qochirib yuborib, qalbiga pisib kirayotandek bo‘ldi.

Ertabahor hayotida deraza tashqarisidagi yopiq maydonda daraxtlar qayta tug‘ilayotgandi. Yomg‘irdan keyingi havo yoqimli va toza edi. Pastda, derazalar ostida ko‘cha sotuvchisi xaridorlarni chaqirar, uzoqdan allaqanday qo‘shiqning mayin sadolari eshitilar, tomda son-sanoqsiz chumchuqlar chiyillashardi.

U boshini kursi suyanchig‘iga qo‘ygancha qilt etmay o‘tirdi. Vaqti-vaqti bilan tomog‘ida bir nima tiqilib kelgandek bo‘ldi va butun vujudi bilan xuddi kun bo‘yi yig‘lagan go‘dak kechasi tushida titrab uxlagandek, hiqillab yig‘ladi.

U navqiron va go‘zal edi. Sokin chehrasi odatda vazminlikni, hatto qudratni ifodalab turardi, lekin endi u muzlab qoldi, ko‘m-ko‘k nigohi go‘yo moviy samoning bir bo‘lagiga yopishib qolgandek uzoqlarga qadaldi. Fikr-xayoli to‘xtab qoldi, bo‘m-bo‘sh ko‘zlar pirpiramasdan bir nuqtaga tikildi.

U qo‘rquv bilan o‘ziga yaqinlashayotgan qandaydir tushunarsiz tuyg‘uni kutardi. Bu nimaligini uning o‘zi ham anglab yetmadi. Allaqanday nozik, tutqich bermas tuyg‘u, uni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Biroq uning yondashuvini aniq his qildi: mana u ko‘k osmon oralab, deraza tashqarisidagi tovushlar, atrofdagi hamma narsani ortda qoldirib, suv bosgan bahorning hidlari va ranglaridan o‘tib, unga yaqinlashmoqda.

Nafasi chuqurlashib, hayajonlanib ketdi. O‘zini qanday tuyg‘u chulg‘ab olayotganini fahmlay boshladi, zo‘r iroda kuchi bilan uni bostirmoqchi bo‘ldi, lekin bu urinishlar uning oppoq qo‘llari kabi zaif edi.

Qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatgani bilan bexosdan ochiq lablaridan bitta so‘z chiqib ketdi. U jimgina uni qayta-qayta takrorladi:

  • Ozodman! Ozodman! Ozod...

Bo‘m-bo‘sh ko‘zlaridagi miltillagan qo‘rquv o‘sha zahotiyoq tarqab ketdi. Ularda fikr uyg‘onib, jonli yorqinlik paydo bo‘ldi.

Katta xursandchilik uni to‘lqinlantirganini tan olishga jur’at eta olmadi, biroq sog‘lom aql uning ikkiyuzlamachilik qilishiga yo‘l bermadi. Ko‘ksida buklangan mehribon, mayin qo‘llarni, doim o‘ziga mehr bilan qaragan yumuq ko‘zlarni, yuzi tosh kabi oqargan o‘likni ko‘rganida u albatta yana yig‘lab yuboradi. Ammo bu achchiq daqiqalar ortida u butunlay o‘ziga tegishli bo‘lib qoladigan uzun-uzoq yillarni ko‘rdi. U yangi hayotga quchoq ochdi.

Endi u faqat o‘zi uchun yashaydi. Garchi bunga haqli bo‘lsa-da, endi hech kim unga qat’iylik bilan er va xotinlar turmush o‘rtog‘lariga o‘z xohish-irodasini yuklaganidek, majburlab bo‘yniga ortmaydi, uning istaklarini nazorat qilmaydi. Bir lahzada bunday “zo‘ravonlik”, hatto eng yaxshi niyat bilan qilinadigan bo‘lsa ham, unga haqiqiy jinoyat bo‘lib tuyuldi.

Hartugul u erini yaxshi ko‘rardi – ba’zida... Lekin endi buning nima ahamiyati bor! Butun borlig‘i bilan orzu qilgan erkinlik bilan solishtirganda, sevgi nima o‘zi? U bir ochilmagan sir.

- Ozodman! Qalban va ruhan! — pichirlardi u tinmay.

Jozefina yopiq eshik ortida tiz cho‘kib, kalit teshigidan opasidan ichkariga kiritishini iltimos qildi:

- Luiza, eshikni och! Iltimos! Eshikni ochsang-chi! Nega o‘zingni qiynayapsan! Bir o‘zing nima qilyapsan, Luiza? Xudo haqi, eshikni och!

- Meni tinch qo‘ying! Men hech ham o‘zimni qiynamayapman!

Haqiqatan ham u o‘zini qiynamadi - ko‘krak kerib ochiq derazadan o‘ziga obi-hayot singdirdi. Xayollari o‘rnini tasavvuriga bo‘shatib, kelajakka sayohat qildi. Bahor, yoz – hamma narsa, endi hamma narsa uning o‘ziga tegishli. U Xudodan umrini uzaytirishni ibodat qilib so‘radi. Axir kechagina u hayot qanchalik uzoq ekanligi haqida dahshat bilan o‘ylagandi.

Nihoyat, u o‘rindig‘idan turdi-da, uni bezor qilgan singlisiga eshikni ochdi va viqor bilan xonani tark etdi. Uning ko‘zlari tantanavor porlardi. Opa-singillar quchoqlashib zinadan pastga tushishdi. Richards ularni pastda kutib turardi.

To‘satdan ular tashqaridan kimdir old eshikni ochayotganini eshitib qolishdi. Xonaga Brentli Mellarddan boshqa hech kim kirmadi. Yo‘lda uning kostyumi biroz kir bo‘lib qolgan ekan, u xotirjamlik bilan qo‘lidagi sumka va soyabon tutgancha kirib keldi. Brentli hech qachon falokat haqida eshitmagan ekan, chunki u butunlay boshqa joyda edi. U hayrat bilan uni ko‘rib chiyillagan Jozefinaga, so‘ng Luizani qalqon qilish uchun tez harakat qilgan Richardsga qaradi.

Richards ulgurmadi.

Shifokorlar Mellard xonim quvonchga bardosh bera olmay, yurak yorilishi natijasida vafot etganini aniqlashdi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.