Mutolaa: Homiyni qanday topdim? Voqeiy hikoya Ismatulla Yo‘ldoshev

Homiy topishning o‘zi bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ko‘pchilik savob qilgisi, yetim bolalarning boshini silagisi, nogironlarga madad bergisi keladi. Ammo...

Shtat prokuraturasi tizimida ishlab yurgan paytimda shtat prokurori voyaga yetmaganlar komissiyasiga rais etib tayinlandi-yu, boshimiz baloga qoldi. Barcha voyaga yetmagan yoshlarga prokuratura xodimlari mas’ul qilib birkitildi.

Mening chekimga Sitsiliya shtatida joylashgan 7-mehribonlik uyi tushdi. Vazifam – mehribonlik uyidagi barcha kamchiliklarni tuzatish, homiylar hisobidan yetimlarga kiyim-kechak, sovg‘a-salom tashkil qilishdan iborat edi. Mehribonlik uyining eski binosi o‘ta ta’mirtalab.

Oylik maoshim qo‘l uchida kun ko‘rishga yetadi, pora olsang, qamalasan, birovni majbur qilsang, sharmanda bo‘lasan. Nima qilish kerak?

Rost, mansabimni ishga solib, bir nechta qurilish tashkilotlarini ixtiyoriy-majburiy tarzda Mehribonlik uyi binosini ta’mirlashda homiylik qilishga ko‘ndirdim.

Keyin 30 dona krovat, yumshoq mebel, gilam va har xil jihozlar sotib olishga kelganida ish taysallab qoldi. Borgan joylarim qop-qop va’da bergani bilan ancha vaqtgacha mehribonlik uyi uchun hemiriyam o‘tkazmadi. Shuning uchun shtat prokurori har yig‘ilishda menga dakki berib: “Qachon homiy topib jihozlarni olasan”, deb do‘q urar, hatto jazo choralari bermoqchi bo‘lib po‘pisa qilar edi.

Asosiy ishim tashviqot va targ‘ibot ishi bo‘lishi bilan birga ariza va shikoyatlar bo‘limi boshlig‘i shtati bo‘sh bo‘lgani uchun uning vazifasini ham bajarish ham menga yuklatilgan edi. Har kuni fuqarolarni qabul qilib, ularning ariza va shikoyatlarini mahkamaning tegishli bo‘limiga topshirardim.

Bir kuni qabulda o‘tirsam, Jomjom shtati don mahsulotlari kompaniyasi bosh menejeri Salimbey Ashurogli xonaga kirib keldi. Qarasam, ko‘zlari alang-jalang, shtat prokurorida ishi borligini aytdi. Kasb taqozosi bilan iskovuch itday odamga qarab, to‘n bichadigan bo‘lib qolganmiz. Uning do‘ppayib turgan cho‘ntagiga qarab xo‘mraydim.

– Xo‘sh, olib keldingmi? – deb so‘radim.

– Ha, mana, hammasini aytganlariday qilib keldim, – dedi u titrab-qaqshab. – Sizga tashlab ketaveraymi?

Men hech kim yo‘qmi deb uyoq-bu yoqqa qaradim, deraza pardasini tushirdim.

– Hammasi joyida, titrama, qani chiqar, – dedim.

U cho‘ntagidan ikki o‘ram jingalak sochli boboyning surati tushirilgan pul oldi.

– Bu kamku, - dedim unga qahrli qarab. Salimbey titrab-qaqshab boshqa cho‘ntagidan yana bir o‘ram boboydan chiqardi. “Hammasi shu”, deya qo‘limga tutqazmoqchi bo‘ldi.

– To‘xta, – deb stol tortmasiga ko‘zim bilan ishora qildim.

U o‘ramdagi pullarni unga ohista joyladi.

– Bo‘ldi, endi ishlaring yaxshi bo‘ladi. Faqat besh qo‘lingni og‘zingga tiqma, yirtilib ketadi?! Bittasini so‘rib yotsang ham, yetti pushtingning tuvagi tillodan bo‘ladi. Javob senga!

Salimbey menga ta’zim qila-qila chiqib ketdi.

Bosh menejepga balogardonlik qilishni bo‘ynimga olishga oldim-u, uning shtat prokuroriga bunchalik ko‘p pul olib kelishi xayolimga ham kelmagan ekan. Nima qilishni bilmay shoshib qoldim. U ertaga albatta shtat prokurori bilan gaplashadi, olib kelgan pulni menga berganini aytadi. 

Albatta, rahbarim Salimbey pul olib kelibdi, shuni menga ber, deb so‘rolmaydi, bunaqa narsalar imi-jimida bajariladi. O‘zim aytsam, jinoyat ishi ochdirib meni qamatadi. Shundoq ham menga tish qayrab yuribdi.

Mehribonlik uyiga homiylik ishlari cho‘zilganidan-cho‘zilib ketgan, pul o‘tkazadigan shovvoz homiy yo‘qligidan ikki oyog‘im bir etikka tiqilib qolgan emasmi, tavakkal qilib, o‘ramdagi pullarni mehribonlik uyiga o‘tkazishga qaror qildim. Juda ajabtovur, favqulodda katta pulni shu tariqa mehribonlik uyining hisob raqamiga o‘tkazdim, unga pul o‘tkazilganligi haqida shartnoma nusxasini oldim.

Har kuni shtat prokurori bilan ish yuzasidan muloqotda bo‘laman, qachon pulni so‘rarkan, deb, yuragim o‘ynab, jon hovuchlayman. U ham go‘yo hech narsa bilmagandek, o‘zini sipo tutadi, ko‘zining ostidan menga qarab-qarab qo‘yadi, lekin indamaydi.

Bir kuni yana mehribonlik uylariga homiylik qilish masalasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘ldi. Shtat prokurori birinchi bo‘lib menga yuzlandi.

– Manga qarang, qachongacha lattaga o‘xshab chaynalib yurasiz? Olti oydan buyon homiy topaman, deysiz, bir ish qilmaysiz.

Mehribonlik uyi lo‘lining chaylasi emas, u yoq bu yog‘ini tuzatib yashayveradigan! Bo‘ldi, shu bugun ishni bajarmasangiz, bo‘shsiz, o‘zingizga boshqa ish toping, tushunarlimi?!

– Tushunarli, – dedim va uning oldiga mehribonlik uyiga juda katta miqdorda pul o‘tkazilganini tasdiqlovchi shartnoma nusxasini qo‘ydim.

Shtat prokurori mehribonlik uyiga o‘tkazilgan pul miqdorini ko‘rib avval oqardi, keyin qizardi, ancha jim qoldi. Keyin tilga kirdi:

– Mana, bo‘larkan-ku. Rahmat sizga, buncha pulni qayerdan topdingiz, biror bank-mankni o‘mardingizmi deyman-a? – deya yayrab kuldi. Yig‘ilganlar unga qo‘shilib kuldi.

– Yo‘q, bankni o‘marmadim, bittasi pora olib kelgan ekan, – deb to‘g‘risini aytdim jiddiy.

Yana kulgi ko‘tarildi. Shtat prokurori yig‘ilganlarni mendan o‘rnak olishga da’vat qilib, shartnoma nusxasini qaytardi, pulning nimalarga sarflanishini nazorat qilishni buyurdi.

Oradan ko‘p o‘tmay shtat prokurori boshqa vazifaga o‘tdi. Xayrlashuv kechasida bo‘ynimda qarz bo‘lib qolgan gapni unga aytmasam bo‘lmasdi.

– Baxtiyorbey, siz juda madaniyatli, bilimli odamsiz. Sizni hurmat qilaman. Mana endi boshqa ishga o‘tib ketyapsiz, bir gapni aytib, orani ochiq qilib olmasam bo‘lmaydi…

 – Gapiring, qulog‘im sizda.

– Esingizda bormi, mehribonlik uyiga homiylik puli o‘tkazgandim.

– Esimda, juda savob ish qildingiz o‘shanda.

– Savoblikka savob, lekin pul meniki emasdi.

– Iye, kimniki edi?

– Sizniki edi.

– Sizniki edi?!. Qanday meniki? Mening pulim cho‘ntagimda, og‘ayni, siz yanglishyapsiz!

– To‘g‘ri, pul sizniki emas. Lekin o‘shanda Jomjom shtati don mahsulotlari kompaniyasi bosh menejeri Salimbey sizga deya berib ketgan pul edi.

– Kim dedingiz?

– Salimbey…

– Tanimayman unaqa odamni.

U shunday deya xayr-ma’zurni nasiya qilib tashqariga qarab yo‘naldi. Lekin uning yurishi alpang-talpang, yuk bosgan qirchang‘ini eslatardi.