Mutolaa: Kechikkan xat. Hikoya
Jek Richi
Yigitlar adashdi. Ular Xarli Pendltonni ilib ketdik, deb o‘ylashdi. Biz haqiqatan u bilan bir-birimizga o‘xshaymiz, faqat u “Pendlton Aerosani” kompaniyasining egasi, men esa shunchaki uning ishchisiman.
Bu gap dushanba kuni tushga yaqin bo‘lib o‘tdi, janob Pendlton kabinetining eshigini ochib, qabulxonani ko‘zdan kechirdi va u yerda faqat bir odam, ya’ni kaminaga ko‘zi tushdi.
U menga mashina kalitini irg‘itdi va:
- Uilber, mashinamga yoqilg‘i quydiring, yog‘ darajasi va shinalardagi bosimni ham tekshirtiring. Kechqurun Medisonga boraman, vaqtim yo‘qroq...
- Xo‘p bo‘ladi, ser, - dedim va paltomni yelkamga tashlab, pastga tushdim.
Avtoturargohda yonib turgan “Pendlton” belgisi go‘yo dunyoni yoritardi. Men boshlig‘imning “Linkoln”iga yaqinlashdim.
Kalitni qulfga kiritishga ulgurmasdan, orqamga och yashil rangli “Sedan” kelib turdi va undan ikki yigit sakrab tushdi. Ular meni mahkam tutib, mashinasining orqa o‘rindig‘i poliga taqab tiqishtirib qo‘yishdi.
- Nimalar bo‘lyapti?.. Bu o‘g‘irlikmi? – tinchlana olmasdim.
- Xuddi shunday, mister.
Men kula boshladim.
- Unda sizlar yanglishibsiz. Mening ismim Uilber. Uilber Krouford! Tushunishimcha, sizga mister Pendlton kerak.
- Og‘zingni yop, - dedi loqaydsizlik bilan ulardan biri.
Men yana qo‘shig‘imni boshladim, lekin qovurg‘alarimga urilgan zarba taqdirga bo‘ysunishga majbur qildi.
Avtomobil polida yotgan odam uchun har qanday sayohat cheksiz bo‘lib tuyularkan. Taxminimga ko‘ra, shinalari shag‘al ustida urilgan mashina to‘xtashidan oldin kamida ikki soat yurdi.
Yo‘l-yo‘lakay meni o‘g‘irlagan kishilarning suhbatidan haydovchining ismi Maks va men tomonda o‘tirgan yigit Klarens ekanligini bilib oldim.
Nihoyat u oyoqlarini yonimdan tortib oldi.
- Chiq, keldik.
- Biz bir g‘aribgina qishloqda joylashgan ferma oldida edik. Men payt poylab astagina qochmoqchi bo‘ldim, ammo Klarens tirsagimdan mahkam ushlab, uy ichiga itarib yubordi. U yerda ham men aniqlik kiritishga harakat qildim.
- Mening ismim Uilber Krouford, hech qanaqa Pendlton emasman. Uning firmasida ishlayman.
- Xo‘sh-xo‘sh, - dedi Klarens o‘zini jinnilarcha tutib. – Ha, haqiqat!
U meni ikkinchi qavatga yetaklab olib chiqdi va torgina yotoqxonaga itarib yubordi. Qulfning sharaqlagan ovozi eshitildi va men yolg‘iz qoldim. Deraza mustahkam panjara bilan o‘ralgan edi. Aftidan ular hamma narsani oldindan rejalashtirgan.
Uy oldida turgan mashinaga razm soldim. U o‘g‘irlanganmikin? Yo‘q-yo‘q, o‘g‘irlangan mashinada ikki soatdan ko‘proq vaqt davomida garovga olingan odam bilan yurish juda xavfli bo‘lsa kerak. Ehtimol, mashina ushbu bezorilarning biriga tegishlidir, raqamini eslab qolishim kerak, degan fikr keldi xayolimga.
Atrofga sinchiklab qaradim, polda ventilyasiya panjarasini ko‘rdim-da, to‘rt oyoqlab pastga cho‘kdim. Maks va Klarens pastda mehmonxonada televizor tomosha qilishardi.
“...Bugun tushga yaqin Uilber Krouford “Aerosani Pendlton“ zavodining avtomobil to‘xtash joyidan o‘g‘irlab ketildi. Ikki kishi mashina bilan olib ketayotganini ko‘rgan guvoh uzoqroqda bo‘lganligi sababli mashina raqamini ko‘ra olmagan. Uning aytishicha, mashina so‘nggi rusumdagi yashil “Sedan” bo‘lgan. Politsiya o‘g‘rilar adashib firma prezidenti Xarli Pendlton o‘rniga Krouford olib ketilgan deb gumon qilmoqda... ”
Klarens so‘kinib o‘rnidan turib ketdi. Uning zinapoyadagi qadamlarini eshitdim. Eshikni ochib, u menga tikilib qoldi.
- Sen rostdanam Xarli Pendltonmasmisan?
- Sizlarga aytdim-ku axir?
U meni yomon nigoh bilan o‘lchadi.
- Demak, biz sen uchun bir sent ham ololmas ekanmizda.
- Ko‘rdingizmi, - tabassum qildim men. – Endi meni qo‘yib yuborsalaringiz ham bo‘ladi.
Klarens o‘ylanib qoldi.
- Nega endi seni qo‘yvorishimiz kerak ekan?
Tomog‘im bo‘g‘ilganday bo‘lib, yo‘tala boshladim. Vaqt cho‘zishim kerak edi.
- Umuman olganda, men sizga bir oz foyda keltirishim mumkin. Mo‘may daromad. Pendltonga xat yuboring. To‘lov xati.
- Nima? Sen uchun ikki yuz ming dollar to‘larmidi? Oddiy ishchi uchun-a?
- Albatta to‘laydi! U gazetachilardan qo‘rqadi. Agar u meni taqdirimga befarq bo‘lib qolsa, ular nima yozishini tasavvur qila olasizmi? U odam emas, hayvon, deb yozishadi. O‘ylab ko‘ring, unga bunaqa reklama kerakmi? Agar u bu ikki yuz mingni bersa, odamlar uni qahramon deb bilishadiku.
- Gapingda jon bor, - o‘ylanib qoldi Klarens.
Men g‘ayrat bilan bosh irg‘idim.
- Bu aniq. Axir butun Amerika uning qoryurar avtomobillarini sotib olishni boshlaydi. U ishlab chiqarishni kengaytiradi. Pul unga daryo kabi oqib keladi...
- Bo‘pti, xayolga berilma! – o‘kirdi Klarens.
U meni pastga olib tushdi va qo‘limga ruchka bilan qog‘oz tutqazdi. – Aytganlarimni yoz: “Ular mendan ikki yuz ming dollar talab qilishyapti. Pullarni yopiq bank hisob-raqamiga o‘tkazib bering. Muddat bir hafta”.
Konvert ustiga manzilni yozib, marka yopishtirdim, shundan so‘ng Klarens meni yana yuqoriga kuzatib qo‘ydi. Endi meni o‘ldirishmaydi, deb umid qilsam bo‘ladi. Yana bir xat yozish kerak bo‘lish ehtimoli bo‘lib qolsa-chi?
Dushanba, seshanba, chorshanba kunlari o‘tib, payshanba ertalab xat belgilangan joyga yetib bormaganligi to‘g‘risida tashvishlana boshladim.
O‘sha kuni soat ikkilarda derazadan, uydan yarim chaqirim uzoqlikda kelib to‘xtagan mashinalarni ko‘rib qoldim. Ulardan galalashib tushgan odamlar dala bo‘ylab tarqalib ketishdi va fermaga bilintirmasdan yaqinlasha boshladi.
Men ventilyasion tuynukka engashdim, Maks va Klarens hamon televizor ko‘rib o‘tirardi. Xonaga politsiyachilar yugurib kirib keldi. G‘aflatda qolgan o‘g‘rilar darhol taslim bo‘lishdi.
Pastga tushganimda Klarens bo‘layotgan hodisalarga hayron bo‘lganini yashirmasdan katta politsiyachiga qarab baralla ovozda so‘radi:
- Qanday qilib bizni topdilaring?
U esa jilmayib qo‘ydi:
- Konvert orqali. Pochta indeksi noto‘g‘ri yozilgan edi va xat ushlanib qoldi. Indeks shu qadar axmoqona yozilgan ediki, biz mister Krouford bizga biror bir muhim masalani, masalan, mashina raqamini aytmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida o‘yladik. Shunday ham bo‘lib chiqdi. Biz raqamni tekshirdik va ushbu och yashil “Sedan” kimga tegishli ekanini bilib oldik.
Maks Klarensga badqovoqlik bilan qaradi:
- Qanday qilib mening mashinam raqami yozilgan xatni yubording?
Klarens yelka qisdi:
- Bu la’natli raqamni yoddan bilishim shartmidi?
Ishxonada meni qahramon sifatida kutib olishdi. Keyingi dushanba kuni janob Pendlton kabineti eshigini ochib, atrofga qaradi va mendan boshqa hech kimni ko‘rmay, mashina kalitini tashladi va:
- Uilber, mashinamga yoqilg‘i quydiring, yog‘ darajasi va shinalardagi bosimni ham tekshirtiring. Kechqurun Medisonga boraman, vaqtim yo‘qroq!
Lekin bu safar meni hech kim o‘g‘irlab ketmadi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.