Mutolaa: Marhabo kuz tongi!
Kechagi tong bugungisiga o‘xshamaydi. Go‘yo tabiat kuzning har bir kuni uchun o‘zgacha bir tong hadya etgandek. Yoz bo‘yi bir xil tongga o‘rgangan ko‘zlar har tun nihoyasida oldingisiga o‘xshamagan fusunkor tongning guvohiga, tarifiga til ojiz bo‘lgan o‘zgacha manzaraning maftunkoriga aylanib, go‘yo million yilda bir ro‘y beradigan mo‘’jizaviy ko‘rinishga sazovor bo‘lgandek. Azal-azaldan ufqlarga yelka tutishdan charchamagan tog‘larning qoramtir yuziga harir mato tortilgandek, ular yanada xira tortgan, borliqda uzoq vaqtlar ko‘rinmay qolgan tumanning sharpasi bo‘lsa kerak, elas-elas ko‘zga tashlanayotgan o‘ta zaif va simobiy rangga o‘xshash noma’lum bir tusdagi havo oz vaqt o‘tib shaffof bo‘ladigan umidni uyg‘otadi ko‘ngilda.
Darhaqiqat, ufq birdan ravshanlanib, havo eski buloq suvidek tiniqlasharkan, o‘z shakliga sodiq tog‘larning tanish qiyofasi bir dam nigohda muhrlanadi, lekin ko‘k yuzida ohista sudragan gavdasini muqim tutolmagan bulutlar galasi osmonni tog‘lar ko‘tarib turibdi, degan gumonga boribmi, qirg‘oqqa talpingan qayiq misol ufqqa tomon suza boshlaganini ko‘z ilg‘aydi va beixtiyor diqqat ko‘kka tortiladi. Charxlanaverib, eni qari cholning oriq barmog‘idek bo‘lib qolgan o‘roqqa o‘xshash oy hali namoyon, lekin atrofini qurshagan qahraborang bulutning avzoyidan qo‘rqib, joyida tosh bo‘lib qotganga o‘xshaydi. Yonida to‘liq so‘nib ulgurmagan yolg‘iz bir yulduz esa to‘dasidan ayrilib qolgan jayron bolasining iltijo bilan mo‘ltillab boqqan mitti ko‘zlariday jovdiraydi - miltillaydi.
Xo‘roz qichqirig‘i. Uzoqdan kelgani aniq, lekin quloqqa sekin bo‘lsa-da, ravon chalingan bu ovoz, nainki tong sukunatining barham topishiga, ko‘kka andarmon xayollarning to‘zg‘ishiga ham sabab bo‘ladi. “Kechikdi”, o‘ylaysan, kechagi kunlarni yodga olib, “kechikdi”. Ilgari tong otguncha bo‘lmay qichqirardi u. Tongning kundan-kunga kechikib otayotganiga erinchoq xo‘rozning erta qichqirmagani sabab, deb o‘ylaysan. Etni biroz junjiktirgan nimjon yelning oyoq sudrashini eshitib, go‘yo uni izlagandek, atrofga alanglaysan. Yel barglar bo‘ylab odimlagandek, yaproqlardan tanish ovoz keladi. Oh, rangi sarg‘aygan bir barg bandidan uzildi-ku. Yelning vazni og‘irlik qildi unga, ko‘tarolmadi, bechora. Uzlatga yuz tutgan bargga qo‘shilib, nigohing zaminga tushadi. Eh-he, qancha barglar..., bir kechada... Ular ustida ham yel vazmin qadam tashlagandek, bemador yaproqlar urushda og‘ir yarador bo‘lib, jon taslim qilayotgan askarlardek titrab-titrab qo‘yadi. Nimagadir iching achiydi, o‘ksinasan, o‘kinasan.
Yo‘q, noto‘g‘ri o‘ylarga berilding debmi, ufqda bo‘y ko‘rsatgan yorug‘lik faqat unga qaragan nigohingni emas, xayolingni, butun borlig‘ingni chulg‘ab olgandek bo‘ladi.
Yelga ko‘nikasanmi, yel senga ko‘nikadimi – eting uvishmaydi. Aksincha, tanu joning yayragandek bo‘ladi. Kuzning namxush yellarimi yoki tongning oppoq nurlarimi, anglamaysan, anglolmaysan, lekin yoqimli, badaningga orombaxsh bir nima singib borayotganini his etasan, kuzning bir tonggini - baxtni tuyasan.
Bugun yana tong otmay uyg‘ondim. Oldi oynavand qilib berkitilgan ayvondan hovliga chiqib, ob-havoni kuzatish xodimlarimning, ba’zan o‘zlari ham ishonmaydigan bashorati to‘g‘ri chiqqanini o‘yladim. Bir necha kun havo darajasi pasaygandi. Kecha yana isidi. Ko‘ylakda chiqqan bo‘lsam-da, badanimga salqinning qilcha ta’sir etmagani bugun ham havo isishi kechagidan kam bo‘lmasligini ma’lum qilardi, go‘yo. Bino qoshiga simi uzun qilib osilgan chiroq bilinar-bilinmas ohista tebranadi. Undan taralgan xira yorug‘lik hovli to‘ridagi devorgacha yetib borgan. Osmonning oqarib kelayotgani tong uyg‘onganidan dalolat, shuning ta’siridanmi, tuni bilan hovlini qorong‘ulikdan himoya qilgan chiroqning hali zamon keraksiz bo‘lib qolishi ko‘nglimdan o‘tib, beixtiyor devorga o‘rnatilgan o‘chirg‘ich tomon yuraman. Chiroq o‘chib, hovlini bir xil xira oydinlik egallaydi. Yuqoriga qarayman. Voyishdagi uzumlar e’tiborimni tortadi. Ularning nigohimga qadalgan katta-kichik shaklini aytmasa, sinchiklab tikilib uzum donalarini payqash mumkin. Tokdan tushgan bir nechta qurigan barglar hamisha ozoda tutiladigan supada bemajol sudraladi. Bu erinchoqlikdan g‘ashi kelibmi, qadoq panjaga o‘xshash barglarning sust harakatiga sabri chidamagan tong epkini ularga ildamlik kiritmoqchi bo‘ladi. Quloqqa xazonlar qadamining ko‘ngil kosasiga mahzunlik sharobini solguvchi past ovozi chalinadi. O‘zini yel yetaklaganidan maloli kelgan bargning toqati bir odim bilan tugaydi. Go‘yo u shu harakatidan ham toliqqan, majoli yo‘qligi burishgan yuzida qotib qolgan achchiq qismatning rangi – zafaron mungdan ham ma’lum.
Hovlim supasi – men tong bilan uchrashadigan joy. Shu yerda men tong bilan yuzma-yuz ko‘rishaman. Ko‘zim qorachig‘idan beozor kirib, butun borlig‘imni egallagan tong ko‘nglimdagi hayajon hissini uyg‘otadi. Ajib entikish jon-tanimga huzur baxsh etgandek, baxtni tuyaman.
Oqarib kelayotgan samoda qaysar bir yulduz ko‘kni tark etmaslik sabrini sinaydi. Unga havasim keladi. Men tongni ko‘rib hayajondaman, u esa tong ichida. Yo‘q, u yo‘qoldi. Menimcha hayajon zo‘rligidan yuragi yorildi. Qanday chiroyli o‘lim.
Tong havosi bir oz namiqqan. Changi bulutlarga artilgandek. Shunday. Aks holda bulutlar qoraymagan bo‘lardi.
Ufq ko‘rindi. Bahor, hatto yozda ham boshidan yechmagan qor qalpog‘idan ayrilgan tog‘lar boshini ko‘rsatishga iymangandek, yarim bo‘yigacha bulutlarga o‘rangan.
Hovlim supasidan tongni kuzataman. Ovozi chiqmasa-da, har bir ishorasidan uni tushunaman. U xursand. Meni baxtiyor ko‘rganidan sevinchda. Quvongani - uxlab, g‘aflatda qolmaganim. Yashash baxtini birga tuyganimiz, birga surganimiz. Tong bilan birga bo‘lish - BAXT.
Xurshid NURULLAYeV.