Mutolaa: Nabira (hikoya)

 

Shohida darvoza tepasiga o‘rnatilgan qo‘ng‘iroq tugmasiga qo‘l uzatdi. Biroq, ichkaridagi gap-so‘zlar qulog‘iga chalinib darhol qo‘lini tortib oldi. Tirqishdan hovli tomonga mo‘raladi. Yog‘och so‘rida o‘tirgan qaynonasi tinmay gapirar, qo‘shnilari – Zarifa kelinoyi esa uning so‘zlarini indamay eshitar, har-har zamonda bosh chayqab qo‘yardi.

- Bugun  ertalab tursam hammayoq jimjit. Kun yoyilib ketgan. “Hoy, bu uyda tirik jon bormi?” deb baqirganimdan so‘ng bu kishim asta eshik ochib chiqdilar. Meni ko‘rib, o‘zlaricha bahona qidirdilar. “Kechasi o‘tirib dars qilgandim” deydimi-yey...

- Endi... Institutda o‘qish osonmi, charchaydi-da!

- Koyisam “xo‘p-xo‘p” deydi-yu, so‘ng baribir bilganini qiladi. O‘g‘limniyam o‘ziga og‘dirib olgan. Boshda shu ish bekor bo‘ldi o‘zi. Birovning qog‘ozdagi qanddek qiziga og‘iz solgandim-a, bu yoqda bolasi tushmagur “Shundan boshqasini olmayman” deb turib oldi-da, aylanay.

Shohida ortiq chidolmadi. Qo‘ng‘iroqni zarb bilan qayta-qayta bosaverdi. Keyin nima bo‘lgani ayon: qaynonasi shosha-pisha kelib darvozani ochgani, ko‘zida jiqqa yosh bilan turgan Shohidani ko‘rgach, yuzini chirt o‘girgani, so‘ng “Bu kishimga tag‘in nima bo‘libdi?” deb to‘ng‘illagani, bu orada Zarifa kelinoyi sarosimalanib, gulzor yonidagi krandan bir piyola suv olib uzatgani...

Shohida yotoqxonadagi karavotga beholgina cho‘karkan, hozirgi manzarani yana bir karra xayoldan o‘tkazar, “Ularga ko‘z yoshimni ko‘rsatib nima qilardim?” deya o‘z-o‘zini koyirdi. Axir nima qilsin, qaynonasining oxirgi gapi suyak-suyagidan o‘tib ketdi. Go‘yo u birovning qog‘ozdagi qanddek qizini kelin qilmoqchi bo‘lgan ekan-u, bu yoqda Shohida uchrab qolib hamma niyatlari puchga chiqqanmish! “Xo‘sh, men-chi? Men ham birovning ko‘zga surgan dilbandi, asrab-avaylab o‘stirgan pokiza qizi edim-ku? Aybim shu ayolning o‘g‘liga ko‘ngil qo‘yganimmi?

Bir vaqtlar Shohida allaqachon turmush qilib ketgan dugonalarining uylariga borib turar, ular gap orasida qaynonalaridan nolib qolishsa u darrov “E, o‘zingdan o‘tgan, keksa ayol-ku u, so‘zlariga xo‘p deb quloq solib tursang olam guliston”, deyardi.

Shunda dugonasi “boshingga tushganda bilasan” derdi sekingina. Shohida bo‘sh kelmasdi: “Vaqti kelib erga tegsam, qaynonamga shunday yaxshi muomala qilamanki, keyin u meni o‘z qiziday ko‘ra boshlaydi!”.

Mana, endi bo‘lsa...

Shohida shu uyning ostonasidan kirib kelgan kunning ertasigayoq qaynonasi uni ko‘pam hushlamayotganini sezib qoldi. O‘shanda u yangi kelin emasmi, barvaqt turib hovli va yo‘laklarni supurib-sidirdi, nonushta tayyorladi. So‘ngra qaynonasining xonasiga o‘tdi.

- Assalomu alaykum, oyijon, choyga keling.

Qaynona pichirlab alik oldi, keyin Shohidaning yuziga qaramay dedi:

- Bahuzur choy ichaveringlar, men keyinroq chiqarman!

Kelinchak ma’yuslandi, yuragi “shig‘” etdi. “Nojo‘ya gapirmadim shekilli...” Uning dasturxon atrofida bo‘shashibgina o‘tirganini ko‘rgan Akbar darrov vaziyatni “yumshatish”ga o‘tdi:

- Oyim ikkimizni yolg‘iz qoldirishni istagandirlar-da, choydan quying!

Oradan bir hafta o‘tib qaynonasi tugun-tersagini ko‘tarib ertalabdanoq qayoqqadir otlanib qoldi.

- Ha, yasanib olibsiz? – dedi Akbar hayron bo‘lib.

- Mavludanikiga borib kelay...

Shu ko‘yi o‘n kunlardan so‘ng uyga qaytdi. Bunga qadar Shohida Akbarni uch-to‘rt bor so‘radi:

- Oyim nega kelmayaptilar? Bizdan xafa emasmilar, ishqilib?

- Hecham-da! Uyda kelin bor deb opamnikida bemalol yurgandirlar.

O‘shandan keyin ham qaynonaning “chiroyi ochilmadi”. U kelini bilan deyarli gaplashmas, Shohida esa buning sababini bilolmay hayron edi. Bir qancha oy shu taxlit o‘tdi. Shohida homilador ekanini bilgach, endi bunaqa noxush holatlarga hech e’tibor bermaslikka qaror qildi. Axir tug‘ilajak bolasining sog‘lig‘ini o‘ylashi kerak-ku. “Qay kun kelib bu hovlida go‘dak yig‘isi eshitiladi. O‘shanda qaynonam yaxshi tomonga o‘zgaradilar” deya ich-ichidan umid qilardi u.

Yukli ayolning ruhiyatida ko‘pgina o‘zgarishlar yuz beradi. U kun sayin yaxshi so‘zga, mehrga intiq bo‘layotganini sezadi. Ko‘ngli ancha noziklashib qoladi. Shohida ham shunday ahvolda edi. Qaynonasining qovoq solib yurishiga ko‘nikkan bo‘lsa-da, baribir buni hazm qilolmasdi. Gohida xo‘rligi kelib chekka-chekkada yig‘lab olardi. Ukasi Murodjonning tug‘ilgan kuniga to‘planishganida singillari “kelinchaklar to‘lishardi, siz qaytanga ozib ketdingiz” deyishganida ham u xo‘rsinib qo‘ydi. Onasi esa “Nega unday deysanlar? Bu boyaqishni o‘qishi qiynab qo‘yyapti”, dedi. Shu kuni Shohida ota uyida tunab qoldi. Allamahalgacha uxlolmay yotdi. So‘ng onaizoriga ko‘nglini ochdi.

- Mayli, injiqligini ko‘tar, qattiq gapirma bolam. Keksa ayolni ranjitsang, keyin o‘zingga qiyin bo‘ladi, -  dedi onasi.

Shohida boshqa hech kimga bu haqda gapirmadi...

Bugun qaynonasining qo‘shni ayolga aytgan gapidan so‘ng u hammasini tushundi. Demak, qaynonasi bularning to‘ylariga qarshi chiqqan! O‘g‘li oyoq tirab turib olgandan so‘ng noiloj rozi bo‘lgan. Xuddi barisiga Shohida aybdordek, qaynonasi uni kechirolmaydi. U endi nima qilsin? Axir hademay ona bo‘ladi...

O‘sha kunlar ham yetib keldi. Shohida yo‘rgaklangan chaqaloqni bag‘riga bosib eshik hatlaganida hovli bayram tusini olgandi. Akbarning uchchala opasi ham butun oilalari bilan shu yerda jamuljam edi. Gullar, tabriklar, tilaklar! Shohida quvonchdan hech qayerga sig‘masdi shu topda. Endi uning o‘g‘li bor! Oilasining davomchisi, shu hovlining erkatoyi.

Biroq, shodligi ko‘pga cho‘zilmadi.

O‘sha kuni yomg‘irdan so‘ng havo charaqlab ochilgan, Akbar ishdan ertaroq qaytgani uchun chaqaloqni qo‘lida ko‘tarib, hovlini aylanib yurardi. Shu payt darvozadan kirgan onasini ko‘riboy Akbar unga peshvoz chiqdi.

- Sizni sog‘inib ketdik-ku, buvijonisi. Qani-qani, buvimizga salom beraylik, - yo‘l-yo‘lakay go‘dak bilan “gaplashib” kelardi u.

- Bizning davrimizda o‘g‘illar ota-onasi oldida chaqaloqni qo‘lga olishga iymanardi, endigi yoshlarda uyat yo‘q! – Bashorat aya o‘zi bilan o‘zi so‘zlashgancha ichkari uyga kirib ketdi.

Bu paytda Shohida oshxona stolida xamir yoyayotgandi. Qaynonasining gapi unga og‘ir botdi. Lekin indamadi. Balki bu ayol unchalik bolajon emasdir? Hali o‘g‘li chopqillab yurib ketsa, so‘ng chuchuk tillari bilan “buvijon, buvijon” desa, hammasi izga tushib ketadi. Xayolidan kechganlari o‘zigayam yoqib tushdi. Ko‘ngli yorishib, yengil tortdi.

Azizjon ikki oylikdan oshgan kunlar edi. Tonggacha chinqirib yig‘lab chiqdi. Eru xotin navbatma-navbat ko‘tarib ovutishsa-da, go‘dak hech tinchiy qolmas, yig‘isi battar avjga chiqardi. Akbar tashvishga tushib onasini boshlab chiqdi.

- Badaniga “gul” toshibdi, ertalab Savri qushnochni chaqirib chiqaman, irim-sirimini qiladi, - dedi Bashorat aya chaqaloqni qayta yo‘rgaklarkan.

Qaynonasi Savri kampirnikiga ketganicha hadeganda qaytavermadi. Shohida uyiga do‘xtir chaqirtirdi. “Bolangizning harorati baland, - dedi do‘xtir, so‘ng allaqanday suyuq dorini Shohidaga uzatdi. – Paxtaga botirib badaniga oz-ozdan suring, toshmalar bor joyga qo‘l tekkizmang xo‘pmi?”.

Do‘xtir ketgach, chaqaloq uxladi. Shohida uni ichkari uyga yotqizib chiqdi. Xuddi shu payt qaynonasi Savri qushnoch bilan boshlashib kirib keldi.

- Qani kelin, chaqaloqni bu yoqqa olib chiqingchi,  - dedi Savri kampir ko‘rpachaga joylashib o‘tirib olgach.

- Haligi... do‘xtir chaqiruvdim, kelib ko‘rdi. Bolani bezovta qilmanglar, dedi. Hozir ichkarida, uxlatuvdim.

Qaynonasi unga yeb qo‘ygudek bo‘lib tikildi.

- Men sizga do‘xtir chaqiring, demagandim-ku?!

- Axir bola yig‘layvergach...

- Men Savrinikiga ketganimni bilardingiz, kutsangiz bo‘lmasmidi? – o‘qraydi qaynonasi, so‘ng sensiray ketdi:

- Yo shu ikki kampirning ustidan bir kulay dedingmi-a? Qani ayt!?

- Yo‘g‘-ye, oyijon, men...

- Oyijon dema!

Shohida ustidan bir chelak sovuq suv quyilgandek seskanib ketdi. Qaynonasi shu topda gapi yerda qolganidanmi yo kelinining o‘zboshimchaligi uchun Savri kampirning oldida izza bo‘layotgani uchunmi yoinki boshqa bir sabab tufaylimi, xullas tinmay javrar, qushnochning “qo‘ying, egachi, hali yosh-da” deyishiga qaramay xunuk so‘zlarni tilga olardi.

- Tarbiya ko‘rmagan bu! O‘g‘limning aqli bo‘lsa, mening gapimga kirmasmidi? Endi manavi sho‘rishga uchrab...

- Bo‘ldi, bas! – Shohida qichqirib yubordi. – Mayli, men ketaman! O‘g‘lingizni uylantira qoling o‘shanga! Qachongacha chidayman, axir!

- Yo‘qol ko‘zimdan, beodob!

- Hay egachi, siz og‘irroq bo‘ling, - Savri kampir astoydil yalinishga o‘tdi. – Bu g‘o‘r bola ekan, siz ko‘pni ko‘rgansiz-a, aylanay. Qo‘lida go‘dagi bor, haydamang. Nabirangizning kamolini ko‘rasiz, siz bilan bizning tobutkashimiz shular-ku!

- E, bu bola katta bo‘lguncha men go‘rimda necha marta ko‘karib chiqaman! Shularga kunim qolmasin!

- Hay, hay, yaxshi niyat qiling, egachi. Kelinjon, tavba qildim desangizchi, siz ham, - qushnoch ayol har ikki tomonni insofga keltirmoqchi bo‘lardi.

Shohida esa indamas, rangi bo‘zday oqargan, endi manavi ayol bilan bu hovlida ortiq birga yasholmasligini sezib turardi. So‘ng u bir qarorga kelgandek o‘rnidan turdi. Chaqaloqni yo‘rgak ustidan qalin ko‘rpachaga o‘radi. Qo‘liga ilingan kiyim-kechaklarni sumkaga joyladi. O‘zi ham kiyindi, bolani ko‘tarib hovliga chiqdi. Qaynonasi qushnochni kuzatib ko‘chaga chiqqanmi, ko‘rinmasdi. U birpas kalovlanib turdi. Hech kimga hech narsa demay ketsa... Axir endi yosh bola emasku u, kap-katta ayol. Nima bo‘lsayam qaynonasini kutgani ma’qul.

Darvoza g‘ijirladi, qaynonasi kirdi. Ketmoqqa chog‘lanib turgan keliniga ko‘zi tushsa ham miq etmadi. “Beting qursin” degandek yuzini o‘girdi.

- Oyi... men ketayotuvdim, bergan tuzingizga rozi  bo‘ling.

- Ixtiyoring o‘zingda-ku, sen birovning maslahatiga kirarmiding.

Shohida bu yerdan tezroq ketish kerakligini tushundi. Shunda hammaga yaxshi bo‘ladi. Akbar akasi ham onasining malomatlaridan qutuladi. Lekin, Shohida... Endi u qayoqqa boradi? Qo‘lida bolasi bilan ota uyiga sig‘armikin? Harxolda bundan keyingi hayoti bir oz og‘ir bo‘ladi. Balki judayam og‘ir bo‘lar...

Dastlab Shohidani o‘rtaga olib, nasihat qilguvchilar ko‘p bo‘ldi. Uyidagilarku, ko‘z ochirgani  qo‘yishmasdi “Akbar yolg‘iz o‘g‘il, baxtsiz bo‘lsa sen ta’nayu malomatga qolasan”, deyishdi.

- Agar meni desa alohida yashashimizga rozi bo‘lsin, - Shohida ham bo‘sh kelmadi.

- Onasining bitta o‘zini qoldirib-a?

- Bo‘lmasa, men nima qilay? Qaynonam baribir kun bermaydi!

- Yaxshilab o‘ylab ko‘r.

- O‘ylab ko‘rdim. O‘sha uyga qaytib bormayman!

Axiyri, ajrashishdi. Akbar amal-taqal qilib, Shohidaga bir xonali uy olib berdi. Oradan ikki yil o‘tib... o‘zi uylandi. Shundan so‘ng Shohidaga og‘iz solguvchilar qo‘paydi. Birortasiga izn bermadi. U o‘zicha Akbarni hanuz kechirolmas, boshqa erkaklar ham sobiq eri singari “nomard” bo‘lib ko‘rinardi. “Onasining gapini ikki qilib menga uylangandi, xo‘sh oxirigacha va’dasida turdimi? Yo‘q, baribir onasiga qayishdi. Mendan, o‘g‘lidan voz kechdi!”. Umana shunisiga aslo chidolmasdi.

Bir kuni Azizjon “Mening dadam qayerda?” deb so‘raganida “dadang o‘lgan” dedi. Ammo yillar o‘tib, bola “haqiqat”ni bilib oldi. U deyarli har kuni ko‘chadan yangi gap topib kelardi.

- Dadamni ko‘rdim, men bilan ancha vaqt suhbatlashib o‘tirdilar.

- Ammalarim bor ekan-a? Dadam “ular bilan bordi-keldi qilgin” deyaptilar...

- Eshitdim, ajrashib ketishinglarga buvim sabab bo‘lganmish. Ular meni ham yomon ko‘radilarmi? Uylariga borsammikin...

Shohida  o‘g‘lining gaplariga nima javob qilishni bilmay, boshi qotar, so‘ng “o‘zing bilasan bolam, ko‘ngling chopsa boraqol” derdi. Shunday kunlarning birida Aziz ko‘chadan xafaroq bo‘lib qaytdi.

- Oyi, buvimni ko‘rdim.

- A? Yaxshi ekanlarmi? – Shohidaning ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi.

- G‘alati gap qildilar. “Onang men haqimda senga nimalar degan? Har kuni go‘rimga g‘isht qalasa kerak-a?” deydimi-yey...

Shohida sekingina “uh” tortdi. “Qaynonamning ichidagi muz haliyam erimagan ekan-da? Tavba, men u kishiga nima yomonlik qiluvdim, o‘zi?”. Boyadan beri tikilib turgan o‘g‘liga hech narsa demadi. Nimayam derdi, o‘g‘lining tomirlarida o‘shalarning qoni oqyapti!

Vaqt oqar daryo ekan ...

Aziz institutga kirish uchun imtihonlardan o‘tdi. “Test natijalarini bilib kelaman” deb barvaqt chiqib ketdi. Kechqurun esa g‘alati bir kayfiyatda kirib keldi.

- Nima bo‘ldi, senga, ranging o‘chib ketibdi?

- Oyi, bugun ikki voqea bo‘ldi, biri yomon, biri yaxshi. Qay bittasini aytay? – dedi u horg‘inlik aralash bo‘g‘iq tovushda.

- Meni qo‘rqitma!

- Birinchidan, o‘qishga qabul qilindim, bu yaxshi. Ikkinchidan... yo‘lda ketayotsam, tobut obketishayotgan ekan, ancha joygacha ko‘tarishib bordim. Bir payt keksaroq kishi qo‘limdan ushlab oldingi qatordagilar yoniga olib bordi. Qarasam, dadam! Boshlarida do‘ppi, choponga o‘ralgan. Bilsam, buvim qazo qilgan ekanlar, oyi. Buvimning tobutini ko‘targan ekanman...

- Voy, xudoyim!

Shohida bir nuqtaga tikilgancha turib qolgan, shu topda eshitgan xabaridan iztirobga tushayaptimi yo marhumaga achinyaptimi, aytib berolmas, faqat o‘shanda... kelinlik uyidan chiqib ketayotgan kunida qaynonasi aytgan gap quloqlari ostida qayta-qayta jaranglayotgandi.

“E, yo‘rgakdagi shu bola ulg‘aygunicha men...”

Ayni vaqtda ro‘parasida o‘g‘li xomush o‘tirar, go‘yo bugun institutga qabul qilinganini ham unutgandek, Shohidaning nazarida u buvisining o‘limidan qattiq kuyunayotgandi.

Gulchehra JAMILOVA.

***

  Muallif haqida: Gulchehra Jamilova 1958 yilda Jomboy tumanida tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 1986 yilgacha  “O‘zbekiston ovozi” gazetasida, 2000 yilgacha “Saodat” jurnalida ishlagan. 

      Gulchehra Jamilova matbuot sohasidagi xizmatlari uchun “Shuhrat” medali (1997 yil) bilan, 2000 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlangan.

      24 yildan buyon Sog‘liqni saqlash vazirligining “Sihat-salomatlik” jurnalida ishlab kelmoqda. “Umr hikmatlari”,“Qoyadagi atirgul”,  ”Moviy barqut siri”, ”Yorug‘ kun”, ”Men borman hayot”,”Xizrni ko‘rgan odamlar” kitoblari nashrdan chiqqan.