Mutolaa: Opa

Hikoya

 - Opajon, assalomu alaykum, xush kelibsiz! – Noila yosh go‘dakday erkalaniib, yugurib kelib, Husniyaning bo‘yniga osildi. - Sog‘inib ketdim, opajon!

Dimog‘iga qimmatbaho «duxi» ifori urildi. Barmoqlaridagi tilla uzuklar, qulog‘idagi tilla ziraklar yalt-yalt tovlanib, ko‘zini kuydirdi.

- Va alaykum assalom, men ham seni sog‘indim, singlim. Bo‘ldi, bo‘ldi, yosh bolaliging qolmabdi-da! – Husniya burnini jiyirib, pardoz-andoz chaplangan betidan cho‘lpillatib o‘payotgan Noilani o‘zidan nari itardi. – Haliyam erkaliging qolmabdi.

- Axir, o‘zimning yakkayu yolg‘iz opajonimsiz-da, – Noila darrov ishkom ostidagi chorpoyaga ko‘rpacha yozib, opasini o‘tqazdi. Dasturxon yozib, choy damlab keldi. U xursandligidan o‘zini qo‘yarga joy topmasdi. Opasi bilan ko‘rishmaganiga ancha bo‘lgandi.

Husniyaning turmushdan omadi chopmadi. Birinchi eri bilan chiqisha olmay, bitta qizi bilan ota uyiga qaytib keldi. Ikkinchi turmushidan ham yolchimadi, eri bir o‘g‘li bilan tashlab, allaqaysi chet elga g‘oyib bo‘ldi. Husniya taqdirning bunday shafqatsiz zarbasidan unchalik esankirab qolgani yo‘q. Husni ismiga monand edi. Ikki farzandini onasiga tashlab, xorijga serqatnov bo‘lib qoldi - biznes bilan shug‘ullanar emish. Shu bois Noila uni ikki yildan buyon ko‘rmagan edi.

Husniya shodlikdan chehrasi yal-yal yonib, qozon-o‘choqqa unnab ketgan singlisining durkun gavdasiga suq bilan qaradi: «Yomon emas, sal yasan-tusan qilinsa, naq malikaga aylanadi, yaxshigina pulga sotsa bo‘ladi». U sumkachasidan atir-upa, oynacha olib, yuzi, labi, qosh-ko‘zining pardoz-andozini yangilagan bo‘ldi. Eskiroq, pastroq bo‘lsa-da, yap-yangiday ta’mirlangan uyga, mevali daraxtlar, turli sabzavot qulf urib, yashnab turgan orasta hovliga ko‘z yugurtirdi – jannat, jannat. Uning g‘ayirligi keldi. «Nega men shunday yasholmadim?».

- Opajon, uzr, mana endi osh dam yegunicha miriqib diydorlashamiz. Sizni biram sog‘indimki, bolaligingiz esingizdami? Qanday baxtiyor edik. Ayamdan so‘rasam, chet elda ekansiz, qo‘ng‘iroq qilib, hech tusholmayotgan ekan.

- Bilaman, ataylab telefonni ko‘tarmadim, - dedi Husniya labini burib. - Nuqul bolalarimga qarayotganini minnat qiladi, ming‘irlab. Ustlarini butlab, hech narsaga zoriqtirmay, jaraq-jaraq pul berib qo‘ygan bo‘lsam, og‘irliklari tushmayapti-ku onamga, tavba!

- Qo‘ying, opa, onajonimizdan xafa bo‘lmang, otamning vafotidan keyin biroz injiqroq bo‘lib, tez-tez toblari qochib, yotib qolyaptilar. Farzandlaringiz gaplariga kirmayotganidan xafa. Ertalab maktabga boryapmiz, deb kechasi allamahalda qaytishar ekan. Qizingiz Lobar hali sakkizinchi sinfda o‘qiyotgan bo‘lsa-da, qosh-ko‘zlari, labini bo‘yab, tilla taqinchoqlar taqib, xuddi kelinchakday bo‘lib borarmish maktabga. Onamga o‘qituvchilari «Nabirangiz tengdoshlarining tarbiyasini buzyapti. Bu yo‘ldan qaytaring, oxiri voy bo‘ladi», deganmish. Ukasi esa xonasiga qamalib olib, kechayu kunduz kompyuter o‘yinidan bo‘shamaydi. «Ular meni go‘rga tiqmasidan oldin opangning qo‘liga topshiray, desam telefonini ko‘tarmaydi», deydi kuyinib.

- Kel, qo‘y, bu g‘iybatlarni, bolalarim bilan o‘zim gaplashaman. Odamlarga ham hayronsan, boringni ko‘rolmaydi, yo‘g‘ingni berolmaydi, - deya Husniya muddaoga o‘tdi.

- Hozir sen bilan valaqlashib o‘tirishga vaqtim yo‘q. Shoshib turibman. Bir taklif bilan keluvdim. Xo‘p, desang kam bo‘lmaysan. Ering shaloq traktorini tarillatib, qora moyga botib, bir oyda topgan arzimas pulini bir kunda topasan. Tanishimning tilla do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlaysan. Qachongacha gulday juvon soching supurgi, qo‘ling kosov bo‘lib, cho‘rilik qilasan. Kiygan kiyimlaringni qara, hozir bunaqa matohlarni gadolar ham kiymaydi. Xullas, seni Dubayga olib ketmoqchiman. Qarabsanki, ikki yilda mana bu kulbang o‘rnida qasr qurasan malikalarday. Ering shahzodaday, bolalaring boyvachcha bo‘lib yashaysanlar.

- Opa, qalay bo‘larkin, men shundoq ham hayotimdan mamnunman. Gulday farzandlarim, mehribon umr yo‘ldoshim bor, ro‘zg‘orimiz, ustimiz but, baxtiyor yashayapmiz, - dedi Noila o‘ylanib.

- Ko‘ryapman qanday yashayotganingni. Nima, bolalaring o‘qib, akademik bo‘larmidi?! Nari borsa, senga o‘xshab uy cho‘risi, otasiga o‘xshab traktorchi bo‘ladida...

Noila go‘dakligida opasi bilan o‘tgan sho‘x-shodon, ahil-inoq, baxtiyor damlarini ko‘z oldiga keltirdi. Husniya uni opichlab, yelkasidan tushirmasdi. Hozir ro‘parasida o‘tirgan ayol sira o‘sha Husniyaga o‘xshamasdi. Sovuq boqishlarida qandaydir g‘ayirlik aks etar, opalik mehridan asar ham yo‘q edi.

- Tezroq bir qarorga kel, uch kundan keyin Dubayga ketamiz. Eringga yaxshilab tushuntir, bolalaring katta bo‘lib qolibdi, otasi eplab, qarab turar. Bir-ikki yilda sog‘inib o‘lib qolmas. Pul yuborib turasan, kelib ketasan. Hozircha borish xarajatlaring mening hisobimdan. Pul topganingdan keyin qaytararsan, - Husniya o‘rnidan turdi. Sumkadan 100 dollar olib, dasturxon chetiga qo‘ydi.

- Bolalaringga biror narsa olib berasan, vaqtim ziqligidan shoshib, sovg‘a-salom olishga ulgurolmadim. Xayr, javobingni kutaman!

Noila opasini kuzatib qaytgach, qiziqish bilan u qoldirgan dollarni qo‘liga oldi: «Ayrim odamlarni ohanraboday o‘ziga tortib, oromini o‘g‘irlab, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirayotgan pul shu qog‘oz ekan-da!». Keyin iflos narsani ushlagandek, hazar bilan ko‘rpacha tagiga tiqib qo‘ydi.

Noila kelin bo‘lib tushganidan buyon bir-ikki marta kelib, keyin qadami uzilib ketgan opasi uni sog‘inganidan kelmaganini angladi. Unga gulday oilasi, ona Vatanini tashlab, ajnabiy yurtlarda harom yo‘l bilan pul topishga undagani g‘ashini keltirdi. Kechgacha qo‘li ishga bormay, ko‘ngli g‘ash bo‘lib yurdi. Xuddi oilasini, jondan aziz bolalarini kimdir tortib olayotganday farzandlarini bag‘riga bosib, xomush o‘tirdi. Ulardan, mehribon turmush o‘rtog‘idan uni judo qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Yuragi titrab ketdi: «Yo‘q, yo‘q! Hech qachon, hech qachon!».

- Onasi, men keldim, - kechqurun odatdagidek shirinliklar ko‘tarib, eri kirib keldi. - Au, bolalar, qayerdasizlar, dadangiz keldi. - U yugurib kelgan qizalog‘i va o‘g‘ilchasini dast ko‘tarib, bag‘riga bosdi. Ularning baxtiyorligini ko‘rib, Noilaning kun bo‘yi qiynagan g‘ashligi yozildi. Eriga opasi kelganini aytdi. Ammo uning taklifi haqida lom-mim demadi. Uni deb mehr-muhabbat, oila, farzandlar shodligidan mosuvo bo‘lishni istamadi.

Husniya aytgan muddatida singlisidan tayinli javob ololmagach, «Yaqinda yana kelaman, bir qarorga kelib qo‘y», deb jo‘nab ketdi. Ammo aeroportda uch-to‘rtta Noilaga o‘xshagan qiz-juvonlarni yo‘ldan urib, o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga tushibdi.

Noila to‘g‘ri yo‘ldan ozgan opasiga har qancha achinmasin, ko‘ngli xotirjam tortdi: «Ishqilib xatosini anglab, qamoqdan tavbasiga tayanib qaytsin-da».

Tog‘aymurod ShOMURODOV.

***

Bugun ushbu hikoya muallifi – jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibi Tog‘aymurod Shomurodov tavallud topgan kun.

T.Shomurodov 1945 yil 16 oktyabrda Past Darg‘om tumani Jag‘alboyli mahallasida tug‘ilgan. “Past Darg‘om haqiqati”, “Zarafshon” gazetalarida faoliyat olib borgan.

“Jonning huzuri”, “Xotinidan qo‘rqmaydigan odam”, “Osmon qulagan kun”, “Zamin farzandi”, “Kechikkan uzr”, “Mungli ko‘zlar” kabi kitoblari nashr etilgan.

Fursatdan foydalanib, ustoz ijodkorni tavallud ayyomi bilan qutlaymiz, uzoq umr, ijodiy barkamollik tilaymiz.