Futbol, “JCh-2026” caralash bahsi: Bugun O‘zbekiston BAA terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi
Bugun, 15 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Bunyodkor” stadionida “JCh-2026” Osiyo qit’asi guruh bosqichining 4-turida O‘zbekiston – BAA terma jamoalari kuch sinashadi.
Xo‘sh, o‘yin oldidan jamoalar tarkibidagi holat qanday? Avvalo, BAA milliy jamoasi haqida: raqiblarimizning to‘rt nafar futbolchisi O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi kechadigan o‘yinda ishtirok eta olmaydi.
BAA futbol federatsiyasi sayti xabarida himoyachi Kuame Kuadioning sariq kartochkalari to‘planib qolgani, uning ampluadoshi Abdulrahmonda jarohat borligi, yarim himoyachi Yahyo Nodirning sport formasi joyida emasligi aytilgan. Tajribali hujumchi, jamoa to‘purarlaridan biri (30 o‘yinda 12 gol) Fabio de Lima esa shaxsiy sabablarga ko‘ra Toshkentga ucha olmagani ko‘rsatilgan.
O‘yin oldidan mazkur ro‘yxatdagi aynan to‘rtinchi futbolchi bilan bog‘liq holat bir necha kun muhokamalar markaziga chiqdi. Bu uning ilgariroq O‘zbekiston «fuqaroligi»ni olgani bilan bog‘liq.
Asli braziliyalik bo‘lgan Fabio de Lima 11 yil avval, 2013 yilda O‘zbekiston «fuqarosi»ga aylanib qolgan va BAA chempionatida osiyolik legioner sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Lekin uning pasporti soxta bo‘lgan va bunday raqamli pasport aslida boshqa odamga tegishli edi.
2014 yildan buyon «Al Vasl» safida o‘ynab kelayotgan Fabio 2018 yil fevralida OChL guruh bosqichi doirasida «Nasaf»ga qarshi o‘yinga ham kelmagandi. 2024 yil sentyabrida O‘zbekistonning boshqa bir klubi - «Paxtakor» Elit OChL doirasida «Al Vasl» bilan o‘ynadi, Fabio o‘shanda ham Toshkentga kelmagan.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidagi holatga to‘xtalsak. Milliy terma jamoamizning yetakchi futbolchisi Oston O‘runov BAAga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, O‘runovda kichik jarohat aniqlangan. Futbolchining Eronga qarshi o‘yinda maydonga tushishi ham so‘roq ostida edi, biroq O‘runov forslar bilan bahsda ishtirok etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Rustam Ashurmatov BAAga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishga majbur. Chunki Ashurmatov qatorasiga ikkinchi o‘yin - Eronga qarshi bahsda ham sariq kartochka olgan.
Yana bir xabarga ko‘ra, terma jamoamizning yetakchi futbolchilaridan biri Abbosbek Fayzullayev ham bugungi o‘yinda maydonga tushmasligi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, Fayzullayev terma jamoaning oxirgi mashg‘ulotida jarohat olgan. Jamoa yordamchi murabbiyi Vlado Radmanovich ham buni tasdiqlagan.
Endi turnir jadvaliga e’tibor qaratsak: Ayni paytda terma jamoamiz 7 ochko bilan to‘plar nisbatiga ko‘ra “A” guruhida peshqadam bo‘lib turibdi. Eron terma jamoasi ham 7 ochkoga ega. Birlashgan Arab Amirligi vakillarida esa 4 ochko bor.
Bugun 4-tur doirasida Dubay shahrida Eron — Qatar “dueli” o‘tkazilsa, Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi KXDR vakillariga qarshi maydonga tushadi.
Bugun Qatar Erondan ochko tortib ola bilsa, Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasi BAA jamoasini yengsa, 2026 yilgi jahon chempionatining katta dovoni o‘zbek futboliga yanada yorqinroq ko‘rina boshlaydi.
Shunday bo‘lsin, deb umid qilamiz. Yigitlarimizga omad tilaymiz!
O‘zbekiston – BAA uchrashuviga soat 19:00 da start beriladi.