Mutolaa: Savdogar

Kichik xona isiriq hidiga to‘lgan, vassajuft shift tagida siyrak tutun suzib yuribdi. Derazadan qiya bo‘lib tushgan nur pechka yonida yotgan Yo‘lchi akaning yarim gavdasini yoritgan.

U og‘ir qovoqlarini zo‘rg‘a ochib, oynadan ichkariga yopirilib kirgan yog‘duni ko‘rdi-yu, yanvarning olachalpoq etagidan boychechak topib olgan boladay sevindi. Derazadan qo‘shnining oppoq qor bosgan tomi ko‘rinib turar, ustidan o‘tgan elektr simlarida maynalar chug‘urlashib, g‘ujg‘on o‘ynardi. Goh-gohi bu hushtakboz qushlar pag‘a-pag‘a tutun chiqayotgan mo‘ri atrofida o‘ymalashib qolar, shunda ularning ovozi pechkaning tirsagiga shovqin bo‘lib, oqib kelardi. Garchi fevral bo‘lsa ham bahor nafasi sezilar, kunlar ancha uzayib qolgandi.

Vaqt o‘tgani sayin hamma narsa o‘zgarar, faqat Yo‘lchi akagina o‘zgarmas edi. U mana, yigirma kundirki, to‘shakda mixlanib yotardi. Qoruvli gavdasi allaqachon to‘shakka singib ketgan, shuning uchun ham bir tuyur bo‘lib ko‘rinadi. Uni avvaldan bilganlar bu yotishini ko‘rishsa, yoqa ushlashlari hech gap emas. Hatto xotini uni cho‘pday ozib ketayotganidan hayron edi. Anchadan beri ustara tegmagan soqol-mo‘ylovi vujudini uzluksiz va ayovsiz g‘ijimlayotgan og‘riq sabab goh burishib, goh tirishayotgan, aksar pallalarda qo‘rqinchli tarzda bujmayib ketayotgan yuzini biroz qat’iyatli ko‘rsatardi.

Hech bir shifokor, hatto eng so‘nggi rusumdagi apparatlar ham aniqlay olmagan xastalik kuchli xuruj qilganida, agar yonida odam bo‘lmasa, og‘ir uh tortib qo‘yar, mabodo birov, hatto xotini bo‘lsa ham alam-u iztirob bilan dardini ichiga yutardi. U xotinining oldida ingrashdan qo‘rqardi. Negaki, Munavvar checha tinmay uning qilmishlarini betiga solar, barchasi birovlarga yetkazgan jabr-sitami sabab sodir bo‘layotganini to‘tiqushday ta’kidlardi. Xotini jim bo‘lsa bas, buyam bir shifo, har nechuk qulog‘i tinchiydi. Kimningdir shang‘illashi bemor uchun ajalning tanglayini oshkora taqillatishi bilan barobar. Yagona suyanchig‘ingdan yuraging bezillasa, dardingni kimga aytasan?

Tashqarida olashaqshaqning shaqillagan ovozi eshitildi.

- Hak! Hoy, yer yutgurlar, hak! - ularni haydadi Munavvar checha.

Yo‘lchi akani tinmay o‘y bosardi. Kundan-kunga ahvoli og‘irlashib bormoqda, chilladan chiqqan bo‘lsa ham qishdan chiqmaydigandek. Dard oyog‘idan chalgan, ba’zan boshini tutolmaydi, ba’zan tili tutiladi. Nahotki, so‘nggi kun yaqin! Ellik ikkiga kirdi. Oltmishga kirsam, savdo-sotiqni tashlayman, namoz o‘qishni o‘rganib, choyxonaga emas, masjidga boraman, deb niyat qilgandi. O‘sha paytda qanchalar nodon bo‘lgan ekan-a, oltmish qayoqda, ertaga nima bo‘lishini bilmaysan. Rosti gap, pulga o‘chligi sabab harom-harishdan hazar qilmadi, iymon-u vijdonni oddiy chaqadan past ko‘rdi. Ko‘ziga dunyo tor ko‘ringach, esi kirdi. Ammo endi kech emasmi?

- Uy issiqmi? - otashkurak ko‘tarib kirdi xotini. - Sovuq bo‘lsa, o‘tin qalay.

Yo‘lchi aka tilini zo‘rg‘a aylantirdi.

- Q-qala…

- Tetikmisiz? Bekor yotgandan ko‘ra, o‘tgan umringizni sarhisob qiling. Birovda qarzingiz qolib ketmasin tag‘in.

Ko‘ziga xotin yalmog‘izdek ko‘rinib ketdi. Lekin u haq. Ha, u haq. Shunday haqki, savdogar biron-bir bahona bilan o‘zini oqlayolmaydi.

- Farhodni chaqir.

- Uydamas. Gapingiz bo‘lsa menga aytavering.

- Chaqir.  To-op…

Yakkayu-yagona o‘g‘li qarshisiga kelganida unga jovdirab boqdi.

- Sandiqda ikki million pul bor, shuni opke.

O‘g‘li ikki taxlam o‘n mingtalikni sandiqdan oldi.

- Kasalxonaga boramizmi, ota?

- Yo‘q. Menimcha, umrim poyoniga yetyapti. Jildirsoyda Begoyim ismli bir ayol yashaydi, bu pulni o‘sha ayolga eltib berasan.

- Nimaga?

- Besh yil oldan undan to‘rt qop qora mayiz olgandim. Nasiyaga. Pulni uch kun ichida to‘g‘rilab bermoqchiydim. Nima bo‘ldi-yu, berolmadim. Qishlog‘iga har borganimda ayol pulini so‘rardi. Rostini aytsam, uni erta-indin, deb aldardim. Eri yo‘q edi. Keyinchalik u pulini so‘ramay qo‘ydi. Umidi so‘ndi, shekilli. Tayin oborib ber. Uzr so‘ra nomimdan. Yotishimni qara. Unga ne ahvolda yotganimni aytaver. Bir amallab rozi qil. Meni kechirsin.

-  Besh yildan beri…

- Yaramni tirnama! Hoziroq yo‘lga tush. Vaqt g‘animat. Enangga hech nima demay chiqib ket. O‘sha ayol rozi bo‘lishi shart. Sen uning roziligini opke, shunda tinchiyman.

-  Xo‘p, ota. Faqat shumi?

- Shu. Ayolning uyi maktabning orqa tomonida. Jigarrang tusli darvoza. Balki rangi o‘zgargandir. Otasining ismi Tojiboy. O‘ziniki Begoyim.

O‘g‘li chiqib ketgach, chap biqini tortishib qoldi. Go‘yo ajal farishtasi biqiniga chang solgandek, ingrab yubordi.

- Farhodni qayerga yubordingiz? - uyga xotini kirib keldi. - Moshin top, do‘xtirga obor dedingizmi? Do‘xtirma-do‘xtir chopishingizdan naf ko‘rmayapman. Pullaringizni teshik-kovakda saqlamay, beva-bechoralarga ehson qiling.

U indamay, ko‘zini yumib oldi…

Farhod jo‘rasining mashinasida ayolning qishlog‘iga kirib borganida izg‘irin quyosh nurini sindirgan edi. Ayolning uyini adashmay topib borishdi. Uyda erkak kishi anchadan beri yo‘qligi bilinib turardi. Ko‘cha tomonda qad rostlagan devor zanglagan darvozagacha yerda sochilib, ag‘anab yotardi. Ayvonsiz uyning tomi loysuvoq bo‘lib, deraza oynalari o‘rniga karton qoqilgan edi. Na og‘il, na o‘tinxona ko‘zga tashlanadi, chap tomonda tandir og‘zini katta qilib, ochib turardi.

Ko‘rimsiz va g‘arib manzarani ko‘rib, Farhodning yuragi uvishib ketdi. Lekin bir tomondan xursand bo‘ldi, ayol pulga muhtoj, undan rozilik olish qiyin kechmaydi.

- Hovli tog‘a! Hoy, hovli tog‘a!

Ichkariga kirmay, ariq bo‘yidan ovoz berdi. Omonat eshik ochilib, tashqariga chamasi o‘n yettiga kirgan qiz chiqdi.

- Otangni aytib yubor, - dedi Farhod ayolning eri yo‘qligini otasi aytgan bo‘lsa ham, buni yodidan chiqarib.

- Uning otasi yo‘q, - qo‘shni hovlidan bir ayol chiqib keldi.

- Assalomu alaykum!

- Va alaykum!

- Begoyim ismli ayol kerak edi. Tojiboy akaning qizi. Shu ayolni izlab keldim.

- Unda nima ishing bor?

Qiz yaqin kelib, kesak uyumi yonida to‘xtadi. Farhod go‘yo pul olib kelib, qahramonlik qilayotganday nega kelganini baralla ovozda aytdi.

- Otamning ahvoli og‘ir. Nima desam ekan, o‘lim to‘shagida yotibdi. Siz qo‘shnisi bo‘lasizmi?

- Ha… Afsuski, otang kech qolibdi. Begoyim vafot etganiga ikki yil bo‘lyapti. Bolalarini og‘aynilari opketgan, bu mening qizim. Uyni menga sotishgan. Begoyim otang haqida gapirgandi. O‘sha yili pulsizlikdan rosa qiynaldi, bechora. Qahratonda shamollab qoldi, so‘ng vafot etdi. Otang o‘z vaqtida pulni berganida oilasi to‘zg‘ib, o‘zi o‘lib ketmasdi. Pulni kimga berasan endi? Men aytgan gaplarni otangga yetkaz.

Yigit qaltirab-titragan ko‘yi mashina tomon yurdi. U mashinaga o‘tirarkan, puchchaygan uyga so‘nggi bor nazar tashladi. Eti jimirlab ketdi. Garchi, farzand degan oti bo‘lsa ham qo‘shni ayoldan eshitganlarini otasiga miridan-sirigacha aytib beradi. Shuni ko‘ngliga tugdi. Bu g‘amgin haqiqatni yurakda saqlab bo‘lmaydi.

Devor qoldig‘i oldida tik turgan qiz mashina ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan bo‘shliqqa o‘ychan ko‘z tikib o‘tirgan ayolning yoniga keldi. Ayol yig‘lar, achchiq ko‘z yoshlari yanog‘ini yuvardi.

- Nimaga yolg‘on gapirdingiz, oyi? - dedi qiz titragan ovozda. - Nimaga men qo‘shnisiman dedingiz, nimaga o‘zingizni o‘ldiga chiqardingiz? Pulga hozir ham muhtojmiz-ku, nimaga bunday yo‘l tutdingiz?

Qiz onasining yelkasiga boshini qo‘yib, yig‘lab yubordi. Begoyim, ha, o‘sha Begoyim, savdogar bir paytlar zor qaqshatgan mushfiq ayol uni bag‘riga bosdi.

- Savollaringga vaqti kelsa javob topasan, qizim, hozir aqling yetmaydi.

Shoniyoz Meliboyev.