Mutolaa: Vatan (hikoya)
Voqif Sultonli.
It bir paytlar o‘zi qo‘riqlagan hovlining yonida to‘xtadi. Umrining eng shirin damlari o‘tgan bu makon endi uning uchun dunyodagi eng olis, yetib bo‘lmas bir maskanga aylangandi.
Uch kundirki, och edi. Qaysi uyga oyoq bossa, uni quvib chiqarishardi. O‘ziga biror boshpana topolmasdi. Ko‘chaning oxiridagi sassiq axlatxonani ham tumshug‘i bilan titkilab biror yegulik topolmadi.
Yalqovlanib, ko‘chaga ko‘z yugurtirdi. Birdan tosh devor tagida tushib yotgan suyakka ko‘zi tushdi. Atrofga olazarak ko‘z soldi. Qo‘rqa-pisa suyakni asta tishlab yo‘l chetidagi eski bostirma tagiga o‘tdi. Suyak pichoq bilan chunonam qirtishlangan ediki, bir eti qolmagandi. Chirik tishlari bilan suyakni qancha g‘ajimasin uni sindirolmadi. Suyakni tishlari orasida aylantirarkan, so‘lagi oqdi. Keyin suyakni itqitib, tanballarcha ortiga burildi.
Osmon toqida suzayotgan momiq bulutlar qontalash tusga kirgandi. Xuddi bulutdan yomg‘ir emas, qon yog‘adigandek. Qarshisidagi baland cho‘qqilar ham quyoshning so‘nayotgan shafaqlari ostida qizarib ko‘rinadi. Bu qishloqda o‘zini juda g‘arib va tanho his qildi. Bir paytlar xo‘jayini uni kichkina yog‘och uychada saqlar, har kuni uning yalog‘iga mazali yuvindi quyib ketardi. Biroq bu sokin damlar uzoqqa bormadi. Kunlarning birida xo‘jayinning uzoqda turadigan o‘g‘li otasini ko‘ch-ko‘roni bilan olib ketdi. Otasi ketmoqchi emasdi. Ammo o‘g‘li hademay urush boshlanishi, qishloqda hech kim qolmasligini aytib, uni arang ko‘ndirdi. Xo‘jayin ketishdan oldin uyini qulfladi. It o‘z xojasidan ayrilishni istamasdi. Ammo bu payt unga kim ham e’tibor berardi.
U qariyani to qishloqdan chiqqunicha kuzatib bordi. Qishloqdan chiqishda, yovshanzor so‘qmoqning boshida xo‘jayin uning boshini bag‘riga bosdi. Keyin ortiga qaramasdan, uni kutib turgan mashinaga o‘tirdi. Mashina ichida ota va o‘g‘ilning asabiy ohangda gaplashib, tez-tez orqaga qarab qo‘yishlaridan gap u haqida borayotganini tushundi. Chamasi ota itini olib ketishni istar, o‘g‘li rozi emasdi. Mashina tepalik ortidan chapga burilib ketguniga qadar, it egasining ortidan ko‘z uzmay turdi. Keyin umidsizlik bilan ortiga qaytdi.
Xo‘jayini qishloqning ko‘zga ko‘ringan odamlaridan biri edi. U ketganidan so‘ng qishloq bo‘shay boshladi. Kimning shaharda tanish-bilishi, qarindosh urug‘i bo‘lsa, hammasi uyini qulflab qishloqdan jo‘nadi. Kechasi dushmanlar kelib, qishloqni o‘qqa tutishdi. Ba’zida o‘q ovozlari ertalabgacha tinmasdi. U g‘animlarning qishloq etagiga qadar yaqinlashib kelishgani, odamlarni qo‘rqitish uchun turli o‘yinlar o‘ylab topishlarini ko‘rib turar, faqat inson tilini bilmagani uchun hech narsa deyolmasdi.
Kuzga yaqin qishloq dushmanning qo‘liga o‘tdi.
It qishloqni eng oxirida tark etdi.
O‘q tekkan oyog‘ini sudrab, og‘riqdan hushini yo‘qotar darajada shaharga kirib bordi. U o‘z xojasining shaharda ekanini bilardi. Shoyad u meni ko‘rib, rahm qilsa, yonidan joy bersa, deb shahar ko‘chalarida kechgacha izg‘irdi. U shahardagi uylarni qo‘riqlash uchun qishloqdagi singari ehtiyoj yo‘qligini bilardi. Shunda ham umidini uzolmasdi.
Kimdir unga boshpana berishini istardi. Biror bir eshikni sadoqat bilan qo‘riqlashni, xizmat qilishni istar, ammo hech kim unga e’tibor bermasdi.
Butun umri shahar ko‘chalarida o‘z sohibini izlash bilan o‘tdi. U o‘z xojasi dushman qo‘liga o‘tgan ona qishlog‘ining g‘amida kuyib ado bo‘lgani, hasrat bilan duyodan o‘tganidan bexabar edi. U xojasining qabri shahar tashqarisidagi qabristonning bir chetida o‘t bosib yotganini ham bilmasdi. Necha yildan beri qishloqni dushman qo‘lidan qaytarib olish haqida so‘z borsa-da, biror natija yo‘q edi.
It ham qishloqni sog‘inar, uy-joyidan ayrilgan odamlar kabi begona shahar ko‘chalarida o‘lishni istamasdi. Nihoyat u qishloqqa qaytishga qaror qildi.
Havoning rangi tobora so‘nib borardi. Tog‘dan esayotgan yengil shamol o‘rmondagi turfa giyohlarning yoqimli hidini olib kelardi. Bu hid unga tanish edi. Har gal xojasining hovlisida, o‘z yog‘och uychasida mudragan payti burniga ana shu hid urilardi.
Eshik ochiq turardi. Hech kim ko‘rinmasdi. Oyoq uchida ichkariladi. Hovli sahnidagi bedazorga kirib uzandi. Bedalar orasidan uni payqashning imkoni yo‘q edi. Shu paytda qulog‘iga chalingan ovozdan hushyor tortdi. Boshini panjalari ustidan ko‘tarib, orqasiga qayrilganda, yelkasiga miltiq osganicha, u tarafga kelayotgan soqolli odamni ko‘rdi.
Och va madorsiz bo‘lishiga qaramay, o‘rnidan sapchib turdiyu qochishga tushdi.
Soqolli odam begona tilda so‘kingancha itning orqasidan yugurdi. It hovlining kungay tarafiga qarab chopdi. Devorning o‘sha qismi ancha past, ko‘chaga oshib o‘tishi oson bo‘ladi.
Endi devordan hatlayotganida o‘q ovozi varangladi. Itning badaniga iliq bir harorat yoyildi. Uvillagancha tog‘ etagiga o‘rmon tomon qochdi. Keyin madorsizlanib, tuproqqa ag‘anadi.
Quyosh botayotgandi.
Oqshom quyoshining to‘q qizil shafaqlari itning chala yumuq, nursiz ko‘zlarida aks etardi. It kuchukchalik davridan o‘ziga qadrdon bo‘lib qolgan hovlining mo‘risidan chiqayotgan oppoq tutun burumlarini so‘nggi bor ko‘rish uchun boshini tuproqdan ko‘tarmoqchi bo‘ldi, ammo qurbi yetmay holsizgina cho‘zildi.
Ozarbayjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi.