“Muvaffaqiyat - yaramas o‘qituvchidir. U odamlarni o‘ziga rom qiladi": Milliarder Bill Geyts muvaffaqiyat sari to‘rt maslahatini e’lon qildi

Microsoft texnologiya kompaniyasi asoschisi, amerikalik milliarder Bill Geyts odamlarga hayotda shaxsiy muvaffaqiyatga erishish imkonini beruvchi to‘rtta maslahatini taqdim etdi.

Birinchisi. “Bu dunyoda o‘zingizni hech kim bilan solishtirmang. Agar shunday qilayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizni haqorat qilayotgan bo‘lasiz”. Ishbilarmon o‘zini boshqalar bilan solishtirishi keyingi rivoji uchun tuzoqdir. Bu o‘z-o‘zidan shubha va keraksiz tashvishga olib keladi, deb hisoblaydi milliarder.

Geytsning ikkinchi maslahati - xatolarni qadrlash va ulardan saboq chiqarish. "Muvaffaqiyatni nishonlash yoqimli, ammo muvaffaqiyatsizlikdan saboq olish muhimroqdir", deydi tadbirkor.

Milliarderning fikricha, muvaffaqiyat ko‘pincha “hammasi yoki hech narsa” sifatida qabul qilinadi. Ushbu talqin muvaffaqiyatsizlik qo‘rquvini keltirib chiqaradi va ishlarida tajriba o‘tkazishga to‘sqinlik qiladi.

Geyts, shuningdek, insonga o‘z hayoti uchun, jumladan shaxsiy moliyaviy mustaqillik masalalarida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni tavsiya qiladi. “Agar siz kambag‘al tug‘ilgan bo‘lsangiz, bu sizning aybingiz emas. Ammo kambag‘al bo‘lib o‘lsangiz, bu sizning aybingiz, - deydi u.

Iqtisodiy qiyinchilik yoki bolalikdagi qashshoqlik - odamlar ongli ravishda qiladigan tanlov emas. Biroq, inson hayotining trayektoriyasiga qashshoqlik doirasidan chiqib ketish uchun kelajakda qabul qilingan qarorlar sezilarli darajada ta’sir qilishi mumkin, deya ishonadi Geyts.

To‘rtinchi maslahat - muvaffaqiyat davrida havolanish, o‘ziga qattiq ishonish bilan kurashish. “Muvaffaqiyat - yaramas o‘qituvchidir. U odamlarni "yutqazishim mumkin emas" deb o‘ylashga majbur qilgan holda o‘ziga rom qiladi.

Tadbirkorning xulosasiga ko‘ra, bu tuyg‘u xotirjamlikka boshlab, yangi sinov va ravnaqqa to‘sqinlik qiladi. Bunga qarshi kurashish uchun esa inson yangi g‘oyalarni rag‘batlantirishi va tavakkalchilikdan qo‘rqmasligi kerak.

G.XOLDOROVA tayyorladi.