Muvofiqlik sertifikati yo‘q daftarlar nega savdo shoxobchalariga chiqarilgan?

3-sinfda o‘qiydigan farzandimga daftar olish uchun idora ashyolari do‘koniga kirdim. Peshtaxtada yuzida buyuk adiblarimiz, mutafakkir allomalarimiz suratlari chop etilgan daftarlar turardi. Ularni kuzatar ekanman, yuzida mashhur faylasuf olim Abu Nasr Forobiyning surati hamda ismi yozilgan matematika daftari e’tiborimni tortdi.

Olim hayotiga oid ayrim ma’lumotlar imloviy, grammatik xatolar bilan yozilgan. Birinchi jumlaning o‘zida til qoidalari me’yorlari buzilgan. Gap egasiz qo‘llanilgan. Ulug‘ so‘zi ulug, «turkiy» so‘zi gapning o‘rtasida katta harflar bilan yozilgan. Undan keyingi jumlalar ham g‘aliz. Olimning «Al-muallim as-soniy» tarzida yozilishi kerak bo‘lgan asari «al Muallim assoniy» tarzida yozilgan.

Daftarni kuzatar ekanman, unda na ishlab chiqaruvchining nomi, manzili, muvofiqlik sertifikati yozilgan edi.

Barcha daftarlarni kuzata boshladim.

Muso al-Xorazmiy surati aks etgan daftarning so‘nggi sahifasidagi ma’lumotlar ham xatolar bilan berilgan.

Yarmi so‘zi «yarimida», olimning «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala» asari «Al-jabr val-muqobala» deb yozilgan. E’tibor bersangiz, ikkita daftarda ham asarlar xato berilgan. Bu farzandimizning noto‘g‘ri ma’lumot olishiga zamin yaratmaydimi? Bu daftarda ishlab chiqarish korxonasi, manzili yozilgan bo‘lsa-da, to‘liq ma’lumotlar berilmagan. Bu axborotlarda ham grammatik xatolar talaygina.

Bular hali holva ekan. Mirzo Ulug‘bek surati berilgan daftardagi ayrim so‘zlarni tushunish uchun ikkinchi yoki uchinchi sinf o‘quvchisi emas, tarixchi yoki tilshunos bo‘lish talab etiladi. Chunki matnda ishlatilgan «nobig‘a», «riyoziydon», «yerlashgan» kabi so‘zlarni tushunish mushkul.

Mirzo Ulug‘bekka «Buyuk Yulduz bilimdoni hamda riyoziydoni bo‘lgan», deya ta’rif berilgan. Bobomizning buyuk yulduz bilimdoni ekanligi tariximizga yangilik kiritish bilan barobar.

«O‘zstandart» agentligi viloyat bo‘limiga murojaat qilganimizda, mutaxassislar har bir daftarga texnik reglament bo‘yicha muvofiqlik sertifikati berilishi, ular bolalarning salomatligi uchun xavfsiz bo‘lishi, gigiyenik jihatdan ham qator talablarga javob berishi kerakligini aytishdi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 3 iyunda tasdiqlangan qarori asosida «Ta’lim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqida»gi umumiy reglament qabul qilingan ekan.

Jumladan, ta’lim muassasalari uchun poligrafiya mahsulotlarining har biri qog‘ozining rangli, sifatliligi, sog‘liq uchun zararli mahsulotlardan tayyorlanmaganligi, chiziqlarning rangi, gigiyenik jihatdan tozaligi kabi bir necha talablarga javob berishi lozim.

Umumiy reglamentda, yozuv daftarining birinchi sahifasida olim, faylasuf, buyuk tarixiy shaxs, yozuvchi, shoirlarning surati hamda ular haqida qisqacha ma’lumot yoki asarlaridan lavha berilishi aytilgan. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan davlat madhiyasi, o‘lchov birliklari, grammatik va metematik qoidalar ham berilishi mumkin. Boshqa axborotlar joylashtirilishiga ruxsat berilmaydi.

Ammo sotuvdagi kundalik daftar, rasm daftari, 36-48 varaqli daftarlar aksariyatining muqovasida turli multfilm qahramonlari, futbolchilar, avtomobillar, robotlar surati, so‘nggi rusumdagi telefon apparatlari reklamasi o‘rin olgan.

Ushbu mahsulotlarda ishlab chiqaruvchining ko‘rsatilmagani bu daftarlarning muvofiqlik sertifikati yo‘qligidan dalolat. Aslida har bir daftarning oxirgi sahifasida mamlakat nomi, ishlab chiqaruvchi korxonaning to‘liq manzili, saqlash tartibi, bosmaxona nomi, manzili, muvofiqlik sertifikatlari kabi axborotlar yozilishi lozim.

Biz kuzatgan daftarlarda esa bu kabi ma’lumotlarni uchratmadik. Achinarlisi, savdo rastasidagi birorta daftar xatolardan xoli emas. Xuddi barchasi bir-biridan andaza olgandek. Bular endi xat-savodi chiqayotgan o‘quvchini savodsizlik sari yetaklamaydimi? Bunga qachongacha e’tiborsiz qarashimiz kerak?

Nasiba JONTO‘RAYeVA.