Myanmadagi havo kuchlari bazasida uchta portlash sodir bo‘ldi

Myanma havo kuchlari bazasida sodir bo‘lgan portlashlar oqibatida 6 nafar askar halok bo‘ldi, deya xabar beradi RIA Novosti Delta News Agencyga asoslanib.

Mahalliy aholi birinchi portlashni tungi soat 3:00 larda eshitgan, keyin yana ikkita portlash sodir bo‘lgan. Armiya bazasi Mague tumanida joylashgan. U yerda uchta qo‘lbola portlovchi moslama portlagan deb taxmin qilinmoqda.

Myanmaning ko‘plab shaharlarida harbiylar fuqarolik hukumatini ag‘darib tashlagani, uning bir necha a’zosini hibsga olgani va hukumatni o‘z qo‘llariga olganidan beri harbiy hukumatga qarshi har kuni ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Harbiylar bunday harakatlarni 2020 yilgi saylovning umumiy natijalarini ommaviy ravishda soxtalashtirish va avvalgi hukumat buni tekshirishni istamagani bilan izohlagan.

Harbiy hukumat rahbarlari bir yil ichida yangi saylovlar o‘tkazishga va hukumatni g‘olib bo‘lgan partiyaga o‘tkazishga va’da berishdi.

Namoyishchilar orasida har kungi qurbonlar statistikasini olib boruvchi Myanma siyosiy mahbuslarga ko‘maklashuvchi uyushma ma’lumotiga ko‘ra, harbiylar hukumat tepasiga kelganidan buyon to‘qnashuvlarda 728 kishi halok bo‘ldi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra esa Myanmadagi inqiroz boshlanganidan beri 741 kishi vafot etgan, ularning 52 nafari bolalardir.