Myanmaning sobiq rahbari Aun San Su Chji yana yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Myanma sudi sobiq davlat maslahatchisi Aun San Su Chjini yana yetti yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Umuman olganda, muxolifatdagi "Demokratiya uchun milliy liga"ning 77 yoshli yetakchisi 33 yilni qamoqda o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji so‘nggi, 15-ishida yana korrupsiyada, ya’ni tabiiy ofatlar yuz bergan hududlarda yordam ko‘rsatish uchun vertolyot sotib olishda va undan shaxsiy maqsadlarda foydalanishda ayblangan. Sud jarayoni butunlay yopiq tarzda o‘tkazilgan va axborot agentliklariga hukm haqida anonim manba gapirib bergan.

2021 yil fevraligacha Myanmaning amalda rahbari bo‘lgan Aun San Su Chji davlat to‘ntarishi natijasida, ya’ni harbiy xunta fuqarolik hukumatini ag‘darganida hukmronlikdan ayrilgan edi. Uning safdoshlari va mustaqil ekspertlar mamlakat sobiq rahbariga qarshi da’volar siyosiy sabablarga ko‘ra, hukumatni harbiylar tomonidan qo‘lga olinishini qonuniylashtirishga qaratilganini aytishmoqda.