Nafaqa olish tartibi osonlashdi, biroq tizimni aldash emas
Samarqand tumanida 6700 nafarga yaqin nogironligi bor fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 1028 nafari bolalardir. Tumanga tashkil etilgan press-turda nogironlar va kam ta’minlangan oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar haqida ma’lumot berildi.
Dastlab jurnalistlar tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazning tibbiy-ijtimoiy eksport komissiyasi ham Samarqand, ham Toyloq tumani aholisi uchun xizmat ko‘rsatmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, unda bir kunda o‘rtacha 12 nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lsa, komissiya a’zolari fuqaroning uyiga borgan holda ham xizmat ko‘rsatishi mumkin.
— Ilgari fuqaroga nogironlik belgilanishi va nafaqa tayinlanishi murakkab jarayon bo‘lgan, - deydi markazning ijtimoiy to‘lovlar shu’basi mudiri Daler Sa’dullayev. – Hozir buning uchun 3 ish kuni kifoya qiladi. Asosiysi, fuqarolar ovora bo‘lmaydi, markazning o‘zida barcha ishi bitadi. To‘lovlar ham kechiktirilmay, o‘z vaqtida to‘lab berilmoqda. Misol uchun, shu oyda 4,200 milliard so‘mdan ziyod nafaqalar egalariga yetkazildi. Shundan 3,243 milliardi nogironlarga tegishli.
Jarayon to‘liq raqamlashtirilgan. Fuqarolarda boqimandalik kayfiyatini uyg‘otmaslik, pul ajratilishida qonunbuzarlikning oldini olish maqsadida unda bir necha bosqichli kelishuv tadbirlari olib boriladi. Nogironlikdan chiqarilgan yoki moddiy ahvoli yaxshilangan fuqarolar avtomatik shaklda tizimdan chiqariladi. Albatta, nogironligi bor fuqarolarning jamiyatdan ajralib qolmasligi, o‘ziga ma’qul ish bilan shug‘ullanishida ham ko‘mak berilmoqda. Xususan, o‘tgan vaqtda tumandagi 458 nafar ishga yaroqli nogironlarning 109 nafari ish bilan ta’minlangan. Pasport bilan shug‘ullanuvchilar ham bor.
Yaqinda tuman tibbiyot birlashmasi qoshida nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish bo‘limi faoliyat boshladi. Prezidentimizning tibbiy reabilitatsiya sohasini takomillashtirish yuzasidan bergan topshiriqlari ijrosi doirasida tashkil etilgan bo‘lim 18 o‘ringa mo‘ljallangan. Unda nogironligi bor fuqarolarning harakatlanishi, zarur tibbiy muolajalarni olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
— Oyog‘imda endoprotez o‘rnatilgan, II guruh nogironiman, - deydi shu yerda muolaja olayotgan Nozima Shukurova. – Protez o‘rnatish ham, reabilitatsiya jarayonlari ham bepul ekan. Bu yerda bizga yaxshi qarashyapti. Tezroq sog‘ayib, faol hayot tarziga qaytishimiz uchun barcha imkoniyatlar bor.