Nafs balosi

Muqaddam sudlanib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Buncha uzoq muddatni bekorga berishmagandir. Albatta, qilmishiga yarasha bo‘lgan. Tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan 4 yilu 7 oyi axloq tuzatish ishlariga almashtirilgandi. Keyinchalik o‘talmagan 2 yilu 11 oy axloq tuzatish ishlari jazosidan shartli ozodlikka chiqarilgan edi. Biroq u bundan to‘g‘ri xulosa qilmadi. Irodasizlik qildimi yoki nafsi ustun keldimi, yana egri yo‘lga kirdi.

U o‘z ishlari bilan Toyloq tuman markaziy savdo bozoriga bordi. Bozorda tanishi Ilhomni ko‘rib qoldi. Hol-ahvol so‘rashib bo‘lgach, Ilhom muddaoga o‘tdi.
– Menga ozroq opiy giyohvand moddasidan kerak bo‘lyapti-da, topishga yordam qilmaysizmi? – dedi.
Azam uning kimgaligi bilan qiziqmay, surishtirib ko‘rishga va’da berdi.
Ular o‘z yo‘llarida davom etishdi. Azam Ilhomning iltimosini bajarishga shu kuniyoq kirishdi. Tanishi Iskandar bilan ko‘rishib, vaziyatni tushuntirdi. Iskandar opiyni topishga harakat qilishini aytib, xayrlashdi. Shundan so‘ng u shogirdi Aminga qo‘ng‘iroq qildi.
– Opiy giyohvandlik moddasidan topib ber, – dedi.

– Bo‘ldi, aka, bir soatlarda topib beraman. Faqat pulini oldindan berasiz, – dedi u.
Iskandar tezda Azamdan, Azam esa Ilhomdan suyunchi oldi. Ilhomga so‘ralgan pul ma’qul keldi shekilli, hech qanday e’tiroz bildirmay, 1 million 300 ming so‘m topdi. Iskandar Aminga pulni uzatib, 20 gramm opiy giyohvandlik moddasini oldi. Keyin buyurtmachi Azamga qo‘ng‘iroq qildi.
Oradan 20 daqiqalar o‘tib, Azam mashinasida yetib keldi. Iskandar bilan biroz gaplashib, opiyni olib ketdi. Uning bu qilmishi qorong‘ilik qo‘ynida qolib ketmadi. Oradan bir-ikki kun o‘tib, Qoraqalpog‘istondagi qarindoshinikiga ketayotgan Azamni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari to‘xtatib, qo‘lga olishdi.
Sud hukmi bilan Azam Mirzayev 5 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jamshid ShODMONOV.