Narpay tumani Chaqar qishlog‘idagi bino masjid sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan

Narpay tumani Chaqar qishlog‘ida yashovchi bir guruh oqsoqollar Kun.uz tahririyatiga mahalladagi ro‘yxatdan o‘tmagan masjidning ochilishi yuzasidan murojaat qilgan.

Bugungi kunda haqiqatdan ham mazkur bino masjid sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan.

Murojaat yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tomonidan ushbu fuqarolarga masjidni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan bir necha marotaba tushuntirish ishlari olib borilgan.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 409-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki uning joylardagi hududiy organlari vakolat doirasiga kirishi, tegishli hujjatlar taqdim etilgan holda mazkur masala adliya organlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi mumkinligi bildirilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirda Narpay tumanida 18 ta jome masjidi mavjud bo‘lib, murojaatda ko‘rsatilgan Chaqar qishlog‘idagi ro‘yxatdan o‘tmagan masjid yaqinida, ya’ni 3-5 kilometr masofada “Salovot ota”, “Yangi salovot” “Oqmasjid” va “Eshon bobo” masjidlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Narpaylik oqsoqollarga yuqorida ta’kidlangan Nizomga muvofiq, belgilangan tartibda, tegishli hujjatlarni adliya organlariga taqdim etish tavsiya etiladi.

Mazkur bino masjid sifatida davlat ro‘yxatiga olingandan so‘ng O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi masjid faoliyatiga yaqindan ko‘maklashadi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi.