Narpay tumanidagi bog‘chalarda o‘tkazilgan tekshiruv natijasida 17 kishi ishdan olindi
Samarqand viloyati, Narpay tumani maktabgacha ta’lim tizimidagi muammolar, maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi kamchiliklar va boshqa bir qator e’tirozlar haqida OAVlarida ma’lumot berilgan edi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirining 2019 yil 28 iyundagi 262-X-sonli buyrug‘iga asosan joriy yilning 1-3 iyun kunlari Samarqand viloyati Narpay tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Maktabgacha ta’lim vazirining o‘rinbosari Yuldashev M.A. boshchiligidagi vazirlik xodimlaridan iborat guruh tomonidan tekshiruv o‘tkazildi.
Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra Narpay tumanida 3-6 yoshli bolalar soni 16 145 nafarni tashkil etib, shundan 5 287 nafari (32,7%) 104 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga (56 ta davlat, 47 ta oilaviy va 1 ta DXSh asosida nodavlat) qamrab olingan.
Narpay tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini o‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:
Ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish yo‘nalishida.
Ayrim MTTlarda yillik ish reja o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmagan, aksariyat MTTlarining ish rejalari bir xil mazmunda ishlab chikilgan hamda yillik ish rejasining ijrosi ta’minlanmagan. Shuningdek ish reja asosida pedagogik kengashlar o‘tkazilmagan, va hokazo.
Moddiy texnika bazasining holati:
Narpay tumanidagi mavjud 56 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 12 tasi 2014-2017 yillar davomida investitsiya dasturlari doirasida ta’mirlangan.
2018 yilda Investitsiya dasturi doirasida 3 ta MTT (№1,13,65) uchun 6 mlrd. 707 mln. so‘m, “Obod qishloq” dasturi doirasida 2 ta MTT (№12,14) uchun 4 mlrd. 227 mln. so‘m mablag‘ ajratilib uning hisobiga ushbu MTTlar yangidan qurilib topshirildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat sektorini rivojlantirish:
Shuningdek, 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida quvvati 320 o‘rin bo‘lgan 4 ta, 1300 o‘rinli 52 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra ushbu qoidabuzarliklarni sodir etgan mas’ul shaxslar lavozimidan ozod etildi.
Ushbu ro‘yxatda: Maktabgacha ta’lim hududiy boshqarmasining ikki bo‘lim boshlig‘i, 9 ta MTT mudiralari, 6 ta xo‘jalik mudirlari bor. Shuningdek, 6 MTT mudiralariga nisbatan oylik maoshning 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.