2025 yilgacha Qo‘shrabotda barcha bolalar bog‘chaga qamrab olinadi
Qo‘shrabot tumanida 2018 yilgacha 17 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularda bog‘cha yoshidagi bolalarning bor-yo‘g‘i 12 foizi tarbiyalanar edi. Bu bog‘chalarda tarbiyalanuvchilar uchun sharoitlar ham yetarli emasdi. Bugun esa vaziyat butunlay o‘zgargan.
- Tumanda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 12 ming 235 nafarni tashkil etadi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Xolbek Ko‘bayev. - Keyingi 2 yil ichida tumanda 3 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida hamda 63 ta oilaviy bog‘cha tashkil etildi. Buning natijasida bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olish 12 foizdan 43 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkich joriy yilda yana 3 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi hamda 25 ta oilaviy bog‘cha tashkil etilishi hisobidan 20 foizga oshishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda karantin sabab tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘sh turibdi, ammo tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilar bo‘sh o‘tirgani yo‘q.
- Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi viloyatda birinchilardan bo‘lib, telegramda guruh tashkil etgan edi, - deydi H.Ko‘bayev. – Bu guruhga ota-onalar va tarbiyachilar a’zo bo‘lib, muntazam ravishda onlayn mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Shuningdek, «Ijodkor oila», «Ijodkor tarbiyachi», «Ijodkor tarbiyalanuvchi» nominatsiyalari bo‘yicha turli xil tanlovlar ham tashkil etib kelinmoqda.
Bugungi kunda tumanda 8 ta maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binolari foydalanishga topshirilish uchun shay holatda turibdi. Shulardan biri Qo‘shrabot mahallasida joylashgan 8-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosidir. Mazkur zamonaviy 2 qavatli binoni qurish uchun 2 milliard 698 million so‘m mablag‘ sarflangan. Bog‘cha bolajonlarni bag‘riga olishga tayyor turibdi. Bino zallari va xonalar ko‘rgazmali qurollar bilan bezatilgan.
- Tarbiyachilarimiz chiqindi materiallardan turli xil o‘yinchoqlar, gullar, kitoblar yasagan, - deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Marhabo Husanova. – Masalan, turli ertak qahramonlarining rasmlaridan qirqib yasalgan applikatsiyalar joylashtirilgan «jonli» kitoblarimiz bolalar uchun juda qiziqarli va esda qolarli.
2025 yilgacha tumandagi 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarni to‘liq maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish rejalashtirilgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.