Kitob tumanidagi bog‘chada bolalarga qurtlagan go‘shtdan taom tayyorlanganmi? Viloyat prokuraturasi aniqlik kiritdi
Sh.Mirzayevning “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan “Kitob tumanidagi 10-maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari berilayotganligi” haqidagi xabari mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi.
Xabarda ilova qilingan fotolavhada Kitob tumanidagi 10-MTT mudirasi I.A. tomonidan 2019 yil 4 fevral kuni muassasa xo‘jalik mudiri L.G‘. tarbiyalanuvchilarning taomnomasi uchun sifatsiz bo‘lgan jigar mahsulotini olib kelganligi haqida Kitob tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan bildirish xati va ushbu holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilganligi qayd etilgan.
O‘rganishda Kitob tumani sanitariya-epidemologiya osoyishtalik markazi xodimi Q.X. 2019 yil 4 fevral kuni Kitob tumanidagi 10-MTT mudirasi I.A.ning og‘zaki murojaatiga asosan muassasaga borganligini, tarbiyalanuvchilar uchun tayyorlangan ovqatni ko‘zdan kechirganligini, hech qanday jigar mahsulotini ko‘rmagani, oshpaz, hamshira, xo‘jalik mudiri bilan suhbatlashganini, o‘rganish davomida iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat va go‘sht mahsulotlari aniqlanmaganini bildirgan.
Shuningdek, muassasa oshpazi Z.M., tarbiyachi Z.X. va yordamchi tarbiyachi X.Ch.lar o‘zlarining tushuntirish xatlarida 2019 yil 4 fevral kuni tushlik vaqtida o‘zlariga ovqat tayyorlash uchun jigar mahsuloti olib kelishgani, uni oshxonada ko‘rgan mudira I.A. ushbu holatni fotosuratga tushirib, jigarni o‘zi bilan olib ketgani, jigar olib kelingan vaqtda tarbiyalanuvchi bolalarning ovqati tayyor holda bo‘lgani, I.A. tomonidan yozilgan bildirish xati va rasmiylashtirilgan dalolatnomadan xabarlari yo‘qligini bildirishgan.
Ijtimoiy tarmoqda berilgan xabar viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda, Kitob tumanidagi 10-MTT mudirasi I.A. ishga kelmagani, yashash manziliga xat jo‘natilganda telefon orqali bog‘lanib, o‘zining betobligini bildirgan.
Mazkur holat bo‘yicha Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.
"Fuqaro Sh.Mirzayev “Facebook” foydalanuvchisi bo‘lib, turli xil tovlamachiliklar bilan shug‘ullanib kelgan. Shu sababli, “norasmiy bloger” jumlasi blogerlik maqomini obro‘sizlantirgan shaxs sifatida qo‘llanilgan", deyilgan viloyat prokuraturasi xabarida.