Narpay xorijiy tillar fakulteti: kecha va bugun

*Samarqand davlat chet tillar instituti - 30 yoshda

Uchinchi Renessans islohotlarida chet tillarini o‘qitish sohasining ham sezilarli o‘rni bor. Rivojlanib borayotgan mamlakatimizda chet tillarini o‘qitish va rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni sanab tugatish qiyin.

Mana shunday islohotlardan biri chet tillarini yanada ommalashtirish va chekka hududlarda xorijiy til mutaxassislari soni va darajasini oshirishga qaratilgan bo‘lib, bu islohotlar negizida 2021-2022-o‘quv yilida Narpay tumanida Samarqand davlat chet tillari institutining Narpay xorijiy tillar fakulteti tashkil etildi.

Fakultetda xorijiy til va adabiyot (ingliz tili), maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (ingliz tili), ingliz tili o‘qitish filologiyasi (ingliz tili), rus tili o‘qitish filologiyasi (rus tili) yo‘nalishlarida jami 274 nafar talaba tahsil oladi.

Fakultetda umumiy fanlar kafedrasi bo‘lib, barcha professor-o‘qituvchilar til bilish darajasini belgilovchi S1 sertifikatiga ega. Kafedrada bakalavriat uchun 37 ta fan o‘qitiladi.

Kafedraning ilmiy yo‘nalishi – “Xorijiy tillarni o‘qitishda lingvistik va metodik asoslar” bo‘lib, professor-o‘qituvchilar shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib boradi. Shu bilan birga, 5 nafar mustaqil ilmiy xodim shu mavzuda dissertatsiya yozmoqda.

Kafedra o‘qituvchilari iqtidorli talabalar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratadi. Iqtidorli talabalar uchun kafedrada 2 ta maxsus klub tashkil etilgan. Kafedra, shuningdek, Prezidentning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ta’lim va fan rivojini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Narpay tumanidagi maktablar bilan hamkorlik olib boradi. Ushbu hamkorlik doirasida maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirish, shuningdek, maktab o‘quvchilari orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ta’limning izchilligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida kafedra Narpay xizmat ko‘rsatish texnikumi bilan o‘quv-uslubiy hamkorlik shartnomalari imzolagan. Talabalarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatini oshirish va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida ish beruvchi korxona va tashkilotlar bilan innovatsion hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Ilmiy faoliyat talabalarning o‘zlarini rivojlantirishlarida katta ahamiyatga ega. Shu sababli, ilmiy salohiyatni oshirish uchun doimiy faoliyat yurituvchi klublar tashkil etilgan. Ushbu klublar talabalar ilmiy izlanish olib borishlariga yordam beradi. Fakultetda o‘qituvchilar, talabalar va iqtidorli talabalar bilan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tilshunoslikning turli sohalarida seminarlar, davra suhbatlari va muloqotlar o‘tkaziladi. Talabalar o‘z qiziqishlariga ko‘ra turli mavzular bo‘yicha klublarga birlashtiriladi va rahbarlar tayinlanadi.

Shu jumladan, talabalarimiz jamiyatning turli jabhalarida ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishib kelmoqda. Masalan, 2023-2024-o‘quv yilida talabalardan Nafisa Boboyeva va Durdona Akramqulovalar o‘zlarining maqolalari bilan Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Oltin qalam sohibasi 2024” ilmiy-amaliy ko‘rik tanlovida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Faol talabalarimizdan yana biri Dilshod Sultonov Amerikaning “Yuong council” S+5 loyihalarida doimiy ishtirok etib kelmoqda. Joriy yilning 14 oktyabr kuni fakultet talabasi Mohigul Abdumansurova “MDH yetakchilari” xalqaro ilmiy-amaliy tanlovida  o‘z maqolalari bilan qatnashib, g‘olib deb topildi va “Lideri SNG” nomli ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Talabalar uchun fakultetda Intellektual klub “Space X”, “Quvnoqlar va zukkolar” klubi, “Digital Dives”, “Reader’s club”, “IELTS LEARNERS” kabi to‘garaklar faoliyat yuritadi. Ushbu to‘garaklar talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga xizmat qiladi va ularning intellektual va ijodiy rivojiga yordam beradi.

Husniddin MAMANIYoZOV,

fakultet dekani.