Narpayda paxta yig‘im-terimiga kirishildi

Narpay iqlimi issiq, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlardan biri sanaladi. Tumanda yer bilan tillashadigan, o‘z kasbining mohir ustalari mehnat qilishadi. Joriy yilda yuzaga kelgan suv taqchilligi, ob-havo injiqliklariga qaramasdan, tuman paxta dalalarida mo‘l hosil yetishtirildi.
Joriy yilda "Maroqand Sifat" MChJ klaster korxonasi va 234 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 10 ming 762 gektar yer maydoniga iqlim sharoitiga mos, ertapishar navlar ekilib, qabul maskanlariga 37 ming 265 tonna paxta xom ashyosi yetkazib berish maqsadida g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazildi.
Tumanning “Oq oltin” MMTP hududida joylashgan “Yangi qishloq” fermer xo‘jaligi dalasida paxta yig‘im terimi boshlanishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi vakillari, nuroniy otaxonlar, agroinspeksiyaning tuman bo‘limi va hamkor tashkilotlar xodimlari ishtirok etgan yig‘inda dehqonchilikka qut-baraka tilandi.
Fermer xo‘jaligi a’zolari va aholining uyushmagan qatlamidan iborat terim otryadlari a’zolari yetishtirilgan paxta xom ashyosini yig‘ishtirib olishga kirishdi.
Joriy yilda tumanda paxta hosilini yig‘ishtirib olish uchun 6 dona paxta terish mashinalaridan unumli foydalanish rejalashtirilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.