Narpaydagi Rabinjon yodgorligidan qoraxoniylar davriga tegishli to‘rtta xona topildi
O‘rta asrlar yozma manbalarida keltirilishicha, Arbinjon yoki Rabinjonning o‘rni Narpay tumanidagi Toshko‘pirik mahallasida joylashgan yirik shahar xarobalaridan biri Rabinjon arxeologik yodgorligidir.
Rabinjon Xurosonga boradigan katta yo‘l (Samarqand va Buxoroni bog‘lovchi “Buyuk ipak yo‘li” tarmog‘i) ustida joylashgan Markaziy Sug‘dning yirik shaharlaridan biri. Shaharning umumiy maydoni 100 gektar bo‘lib, ark, shahriston va rabot qismlaridan tashkil topgan.
2023 yilda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan Rabinjon yodgorligining shahriston qismida olib borilgan qazishma ishlari davomida qoraxoniylar davriga oid, ya’ni XI-XII asrlarga tegishli turarjoy o‘rni va xumdon topilgan edi. Ayni paytda yodgorlikning ushbu qismida qazishma ishlari yakunlandi va qoraxoniylar davriga tegishli to‘rtta xona aniqlandi.
Dastlab 1970-1973 yillarda yodgorlikning ark va shahriston qismlarida planografik va stratigrafik qazishma ishlari amalga oshirilgan, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov. – Keyinchalik yodgorlik arkida olib borilgan arxeologik qazishmalarning ilmiy tahliliga ko‘ra, Rabinjon milodiy IV asrdan shakllangani, IX asrning oxiri XII asr o‘rtalarida shahar yanada kengaygani aniqlandi. O‘tgan yil yodgorlikning shahriston qismida olib borilgan qazishma ishlari davomida XI-XII asrlarga oid turarjoy o‘rni va o‘sha davrdagi kulolchilik namunalarining dastlabki qoldiqlarini aniqlagan edik. Bu yil qazishma ishlarini yakunlab, to‘rtta turarjoy xonasini ochdik, ularning tarixi o‘rganildi, tangalar, zargarlik, kulolchilik hamda turli sopol buyumlar topilib, qoraxoniylar davriga, yani XI-XII asrlarga oid deb davrlashtirildi.
Rabinjon yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida xonalarning qurilishida asosan xom g‘isht va paxsadan foydalanilgani hamda shaharda ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan hunarmandchilik maskaniga aylangani aniqlangan.
- Xonalar to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda paxsa devor va xom g‘ishtdan O‘rta Osiyo xonalariga xos tarzda qurilgan, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Sandiboyev. – Umuman, xonalarning xom g‘isht va paxsadan qurilishiga sabab, o‘sha davr arxitekturasida ulardan keng foydalanilgan. Shuningdek, ushbu hududda yashovchilar uchun arzon xomashyo sanalgan va xonalar qish kunlarida issiq, yozda salqin bo‘lgan. Yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlarning ilmiy tahliliga ko‘ra, Rabinjonda kulolchilik, hunarmanchilik, savdo-sotiq va ilk o‘rta asrlarda shaharsozlik rivojlangan va XI-XII asrlarda shahar yanada kengaygan. Ammo 1158 yilda xorazmshoh El Arslon tomonidan bu shahar butunlay vayron qilingan.
Joriy yil Rabinjon yodgorligining shahriston qismida 15x16 kenlikdagi qazishma ishlarini olib bordik, - deydi institut ilmiy xodimi Navro‘z Alimov. – Qoraxoniylar davriga tegishli ushbu yodgorlik boshqa ob’yektlardan farqli ravishda juda yaxshi saqlanib qolgan. O‘sha davrda bitta oila yashagan bu joyda to‘rtta xona uchun yagona kirish eshigi va xonalarga olib boruvchi yo‘lak mavjud. Xonalar eni 1 metr bo‘lgan yo‘lak orqali bir-biriga bog‘langan. Asosiy kirish eshigi shimol tomonda joylashgan bo‘lib, eni 90 santimetrdan iborat. Ushbu eshikda yog‘ochdan qilingan eshik kesakasining o‘rni saqlanib qolgan. Xona devorlari paxsa va xom g‘ishtlar yordamida ko‘tarilgan bo‘lib, balandligi 1-2 metrni tashkil qiladi. Xom g‘ishtlar o‘lchami 35x18x7-8 santimetrga teng bo‘lsa, devorlar qalinligi 90 santimetrni 3,5 metrgacha yetadi.
Xonadon eshigidan kirganda o‘choq va uning yonida tandir joylashganidan bilish mumkinki, bu yerdan oshxona sifatida foydalanilgan (tarhi 4,26x4,9 metr). Ikkinchi xona to‘rida mehmonxona (tarhi 5,5x3,5 metr) bo‘lib, kirish qismining g‘arb tomonida tokcha joylashgan. Undan ma’lum bir narsalarni qo‘yishda foydalanilgan va g‘arb tomonda joylashgani uchun Ka’bani eslatib turishi taxmin qilindi. Shuningdek, ushbu xonadagi o‘choq qoldiqlari mehmonxonani isitishda foydalanilganidan darak beradi. Uchinchi xonadan yotoqxona (tarhi 4,1x3,6 metr) sifatida foydalanilgan.
Devorlari xom g‘ishtdan ko‘tarilib, qalin loysuvoq qilingan. Yotoqxonadan keyin yo‘lak orqali janub tomondagi to‘rtinchi - xo‘jalik va yordamchi xonaga o‘tiladi. Boshqa xonalarga qaraganda kichikroq bu xona (tarhi 2,5x3,5) ichkarisida oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa narsalarni saqlash uchun ikkita o‘ra mavjud.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.