NATO Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan muzokaralar boshlashga chaqirdi
Ozarbayjon va Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan tinchlik muzokaralarini boshlashi kerak. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavusho‘g‘li bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu haqida so‘zladi. Ularning bayonoti alyans (NATO) saytida e’lon qilindi.
Shuningdek, Stoltenberg Qorabog‘ jangovar harakatlar hududida tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlardan xavotirda ekanligini bildirdi va tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. “Ushbu ziddiyat barcha sohalarga, shu jumladan energetikaga ham xavf soladi. Bu butun mintaqa va alyans a’zolari uchun juda xavfli holat”, qo‘shimcha qildi u.
Bir muddat ilgari Rossiya, Fransiya va AQSh prezidentlari Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan qo‘shma bayonot berdilar. Ular ziddiyat ishtirokchilarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, shuningdek Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarini vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga chaqirdilar.