NATO vazirlari Minsk aeroportiga majburiy qo‘ndirilgan samolyot bilan bog‘liq holatni muhokama qildi

NATO tashqi ishlar va mudofaa vazirlari kecha, 1 iyun kuni "RyanAir" aviakompaniyasi samolyotining Minsk aeroportiga majburiy qo‘nishi bilan bog‘liq Belarus munosabatlarini muhokama qilish uchun telekonferensiya o‘tkazdi.

Bir kun avval alyans Belarus vakillarining Bryusseldagi o‘z shtab-kvartirasiga kirishini chekladi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, bu xavfsizlik nuqtai nazaridan va "RyanAir" samolyotining qo‘nishiga norozilik sifatida qilingan.

Shuningdek, vazirlar Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish masalasini muhokama qilishdi.
"Hech shubha yo‘qki, Afg‘oniston jiddiy muammolarga duch kelmoqda, - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg. – Mamlakat oldida ko‘p qiyinchiliklar turibdi. Shu bilan birga, men afg‘onlarning kelajagi o‘zlariga bog‘liqligiga qat’iy ishonaman. Urushni tugatishning yagona yo‘li bu afg‘onlar ishtirokidagi va rahbarligidagi tinchlik jarayoni".

NATO mamlakatlari, birinchi navbatda Qo‘shma Shtatlar may oyi boshida Afg‘onistondan o‘z kontingentlarini olib chiqishni boshlashdi. Bu tolibonlar harakatining tobora kuchayib borayotgan harbiy faoliyati fonida bo‘ldi. Pentagon amerikaliklarga yaqindan ko‘maklashgan ushbu mamlakat fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish rejasi ishlab chiqilayotganini bildirdi.

Shuningdek, videokonferensiya 14 iyunga rejalashtirilgan sammit yig‘ilishini yuqori darajada tayyorlashga mo‘ljallangan. Bu AQShning yangi prezidenti Jo Bayden ishtirok etadigan birinchi NATO sammiti bo‘ladi. Oxirgi marta NATO rahbarlari Londonda 2019 yilning dekabrida uchrashgan edi.