Navoiy shohko‘chasi: Avvalgilarga o‘xshamas
Navoiy shohko‘chasi juda uzun bo‘lmasa-da (atigi, 1,4 kilometr) Samarqand shahrining eski ko‘chalaridan biri. Shahar markaziy shifoxonasi, “8 mart” fabrikasi va yana bir nechta korxonalar shu yerda joylashgan. Lekin ko‘chada aholi turar joylari – ko‘p qavatli uylar, hovlilar ko‘proq.
Keyingi o‘n yillikda shaharning boshqa hududlarida bo‘lgani singari Navoiy shohko‘chasida yangi bino va inshootlar, uy-joylar qad rostladi, aholi xonadonlari zamonaviylashdi. Ammo yo‘l kengaymadi, piyodalar yo‘laklari tartibga keltirilmadi. Noqonuniy qurilmalar paydo bo‘ldi, yo‘laklar egallab olindi, ariqlar kichrayib, ko‘milib boraverdi. Katta-katta temirbeton ustunlarda o‘rnatilgan tungi yoritish chiroqlari ishdan chiqdi. Yo‘lning “yamoq” bo‘lmagan joyi qolmadi. Bir so‘z bilan aytganda, Navoiy shohko‘chasi buyuk alloma nomiga ham, shohko‘cha maqomiga ham nomunosib ko‘rinishga kelgandi. Bu joriy yilning bahor oylarida olingan quyidagi suratlarda ham ko‘rinib turibdi.
Ko‘chadagi holatga viloyat hokimligi e’tibor qaratdi, shahar hokimligi va mutasaddi idoralar safarbar etildi. Ko‘cha va uning atrofini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi.
Dastlab yo‘l chetida noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan bino va qurilmalar olib tashlandi. Yo‘lning, ikki chetidagi ariqlar va piyodalar yo‘laklarining chegarasi aniq belgilab olindi va qurilish, ta’mirlash ishlari boshlandi.
– Pandemiya sharoitida ham bu yerda belgilangan karantin qoidalariga amal qilgan holda ish davom etdi, – deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i O.Abdullayev. – Boshqarmamiz xodimlari va boshqa qurilish tashkilotlari vakillari vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga intildi. Natijada qisqa vaqt ichida 6300 kvadrat metr piyodalar yo‘lagi tashkil qilinib, beton qoplama yotqizildi. Ko‘chaning ikki tarafida 2800 pogona metr drenaj tizimi, 2570 kvadrat metr yashil maydon va bu maydonni sug‘orish uchun 1000 metr sug‘orish tizimi yaratildi.
Ko‘chadagi eskirgan tungi yoritish hamda elektr energiyasi ustunlari olib tashlanib, o‘rniga yangi zamonaviy 63 dona ustun hamda 200 ga yaqin led chiroqlar, ko‘chaning tarixiy nomidan kelib chiqqan holda tungi illyuminatsiya bezaklari o‘rnatildi. 1,4 kilometrlik yo‘l to‘liq yangidan asfalt qilindi. Yangi svetoforlar, yo‘l belgilari joylashtirildi.
Ana shu ishlardan so‘ng ko‘chaning qiyofasi butunlay o‘zgardi. Ravon va ko‘rkam, tunda ham kunduzgidek yorug‘. Piyodalar avvalgidek, yo‘lning transport qatnoviga mo‘ljallangan qismida emas, maxsus yo‘laklardan foydalanmoqda. Ko‘zlagan manziliga bexavotir borib kelyapti, ertalab va kechqurun sayr qilishi uchun imkoniyat yaratildi.
– Navoiy bobomiz nomi bilan ataluvchi ko‘chada yashashimdan faxrlansam-da keyingi yillarda bu hududning biroz e’tibordan chetda qolganidan kuyinardim, – deydi adabiyotshunos olim, Samarqand davlat universiteti professori M.Muhiddinov. – Ayniqsa, transport vositalarining ko‘payib, qatnovning tig‘izligidan ko‘chadan o‘tib-qaytishda cho‘chirdik. Biz-ku bir amallab o‘tamiz, lekin nabiralar ko‘chaga chiqsa, maktabga borib-kelgunicha xavotirlanib o‘tirardik. Endi manzara butunlay o‘zgardi. Mana, ko‘chani tartibga keltirsa, obod qilsa, haydovchilar va piyodalar xavfsizligi ta’minlansa bo‘lar ekan. Atrofning obodligidan, ko‘chaning yorug‘ va ko‘rkamligidan bahri dilingiz ochiladi. Bugun bu obodlikdan Navoiy bobomizning ham ruhi shod bo‘lsa, ne ajab.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (foto).