Navro‘z ilhomlari: Bugun elimda bayram

Navro‘zjon

Bugun elimda bayram,
Qo‘limga oldim qalam.
Quvonchim olam-olam,
O‘ynab kelgaydir Navro‘z,

Ota-bobom bayrami,
Momo Havom bayrami,
Tabiatning in’omi,
Seni sog‘indim, Navro‘z.

Bugun men o‘g‘il ko‘rdim,
Juda ham xursand bo‘ldim,
Otini Navro‘z qo‘ydim,
Quvnab kelgaydir Navro‘z.

Navro‘zjonim, Navro‘zjon,
Bag‘ring juda bepoyon,
Tinchlik keltir har bir on,
Kuylab kelgaydir Navro‘z.

Har bir kishi hayqirib,
Kuylaydi jo‘shib-jo‘shib,
Yoshi yuz yoshga yetib,
Alik olgaydir Navro‘z.

***

Sazag‘onim

Sazag‘onning bog‘lari bor,
Osmono‘par tog‘lari bor,
Kelinchakdek lol qoldirib
Navro‘z keldi, keldi bahor!

Bayramlarning zo‘ri Navro‘z
Tog‘ qirlarda eriydi muz.
Olamni burkab gullarga
Ta’rifiga yetishmas so‘z.

Qozonlarda sumalaklar
Uni qo‘zg‘aydi malaklar.
Qo‘zg‘ay-qo‘zg‘ay Yaratgandan
So‘raydi yaxshi tilaklar.

Sazag‘onim - so‘lim maskan
Keksalari yuzdan oshgan.
Ishbilarmon tadbirkorlar
Bu qishloqda to‘lib-toshgan.

Keksa ota-bobolarim
Keksa ona buvilarim.
Duo qiling, duo qiling,
Aziz ota-onalarim.

Baxtiyorman, Ochil Sattor
Qo‘llarimdan tushmaydi tor.
Yangi O‘zbekistonimni
Kuylayman men takror-takror.

Ochil Sattorov,

Nurobod tumani, Tovoq-Buloq qishlog‘i.