Nazoratsiz qolgan yoshlar “O‘rgimchak to‘ri”ning salbiy tomonlarini ko‘proq o‘zlashtiryapti
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Yoshlar uchun bunday platformalar nafaqat muloqot qilish, balki o‘z fikrini bayon qilish, yangi do‘stlar orttirish va ma’lumot olish manbai sifatida ham xizmat qiladi. Bu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga ijobiy va salbiy tomonlari bor.
Ijtimoiy tarmoqlar ijobiy tomondan yoshlar uchun kengaytirilgan axborot manbai sifatida xizmat qiladi. Faqat yangiliklar emas, balki turli mavzulardagi ma’lumotlar, ta’lim resurslari va mutaxassislarning tavsiyalari ham mavjud. Bunga birgina misol tariqasida talaba-yoshlar ko‘p foydalanadigan ziyo.uz saytini olaylik. Ushbu sayt keng ko‘lamli kitoblarning elektron variantlarini shakllantirgan va undan bepul foydalanish mumkin.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda barcha uchun o‘z auditoriyasiga ega bo‘lish, surat, video va istalgan xabar hamda ma’lumotni joylashtirish imkoniyati yaratilgan. Bu ijtimoiy tarmoqning bir qator afzalliklari bilan birga salbiy jihatlari borligini ham anglatadi.
Jumladan, oxirgi besh yilda “Tik-tok” va “Instagram” tarmoqlari yurtimizda juda ommalashdi. Odamlar hayotidagi aksariyat voqealarni ijtimoiy tarmoqlarda joylab borishni odat qildi. Ya’ni, ijtimoy tarmoqda ko‘p vaqt o‘tkazish, undan to‘g‘ri maqsadlarda foydalanmaslik - yoshlar oson pul topish, onlayn qimor o‘yinlar, saviyasizlik, kiberjinoyatlar, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va ularning ishtirokchilari soni yildan-yilga ko‘paydi. Buning ustiga yengiltaklikka sho‘ng‘iyotgan yoshlar Yevropa madaniyati niqobi ostida milliyligimizga yarashmagan odatlar avj oldi.
Yaqinda internetda bir kishining itga taqlid qilgan holda odamlarga hujum qilgani, voqeaga guvoh bo‘lgan bolaning qattiq qo‘rqib ketganligi haqidagi xabar keng tarqaldi. Aslida bu holat tarmoqdagi noo‘rin xatti-harakatning bir ko‘rinishi, xolos. "O‘rgimchak to‘ri" sabab turli siyosiy oqimlarga qo‘shilib qolayotganlarning soni minglab topiladi. Aytmoqchi bo‘lganim, bu kabi jarayonlarning avj olishiga kattalarning mas’uliyati kamaygan. Ya’ni, ota-onalar va yoshi kattalar farzandlariga yoshligidan namuna bo‘lsa, internetdan foydalanish tartib-me’yorlarini o‘rgatsa, nazorat qilsa, bu kabi holatlar kamaygan bo‘lardi.
Gulsanam Mamasoliyeva, talaba.