Neft mahsulotlaridan oqilona foydalanyapmizmi?

Xususan, korxona-tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning mavjud neft va gaz mahsulotlaridan foydalanishlarida samaradorlikka erishish, ularni tejash, asossiz sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashda inspeksiya faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Chunki katta xarajat va mashaqqat evaziga qazib olinayotgan tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltiradi.

To‘g‘ri, bu borada inspeksiyamiz o‘z vakolati doirasida zarur yumushlarni olib boryapti. Ammo tabiiy boyliklardan foydalanishda samaraga erishish asosiy maqsad sanaladi.
2017 yilda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tasdiqlagan tekshirishlar reja-jadvaliga asosan, neft yo‘nalishi bo‘yicha 17 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda tekshirish o‘tkazdik. Natijada 154 million 394 ming so‘mlik 44,79 tonna neft mahsulotlaridan samarasiz foydalanganlik holatlari aniqlandi. Jumladan, 15,87 tonna neft mahsulotlari nomuvofiq maqsadda ishlatilgan, qabul qilish, saqlash va tarqatishda 26,2 tonna, qishki mavsumda avtomashina motorlarini qizdirishda 1 tonna mahsulot yo‘qotilgan, 1,13 tonna me’yoridan ortiqcha sarflangan, 0,26 tonna asossiz hisobdan chiqarilgan va 0,27 tonna kamomad bo‘lgan. 

Bu kabi holatlarning sabablarini o‘rganish maqsadida bo‘limimizning kimyo-nazorat laboratoriyasida 124 ta tahlil o‘tkazildi. Tahlillar davomida 11 holatda mahsulotni saqlashda sifat buzilishiga yo‘l qo‘yilgani va neft mahsulotlarini ulgurji sotishga mo‘ljallangan omborlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaganligi aniqlandi.
Joriy yilda tabiiy boyligimizning behuda isrof bo‘lishining oldini olish, shuningdek, neft va gaz mahsulotlarini sifatli saqlash hamda iste’molchilarga miqdor va sifat jihatidan to‘g‘ri yetkazilishini ta’minlashni nazorat qilish bo‘yicha joylarda zarur tadbirlar tashkil etamiz. Ayni kunda shu maqsadda maxsus dastur ishlab chiqilmoqda.

Ikrom MAXSUMOV,
"O‘zdavneftgazinspeksiya" viloyat bo‘limi bosh texnologi.