Nega ayrim tadbirkorlar insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yayapti?
Hududiy boshqarmamiz mutaxassis xodimlari “Societe des Produits Nestle S.A.” kompaniyasi (Shveysariya)ning muzqaymoq mahsulotlari ishlab chiqarish va uning savdosi bo‘yicha yo‘llagan murojaatini o‘rgandi. Unda “KIT KAT” tovar belgisi “Societe des Produits Nestle S.A.” kompaniyasi tegishli ekanligi qayd etilgan. Ammo Samarqand shahrida joylashgan tadbirkorlik sub’yekti o‘sha tovar belgisiga o‘xshash “KIT KIT” tovar belgili muzqaymoq ishlab chiqarib, sotgan va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ygan.
Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish asosiy o‘rinni egallaydi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik halol raqobat muhiti shakllangan sharoitda keng rivojlanadi. Biroq bunday kurash har doim ham insofli yo‘llar bilan olib borilmaydi. Shu sababli, bozor munosabatlari sharoitida “Insofsiz raqobat” tushunchasi ko‘p qo‘llanilmoqda.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan insofsiz raqobat xo‘jalik yurituvchi sub’yekt yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan. Qonun hujjatlariga, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga (raqobatchilarga) zarar, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar deb e’tirof etilgan. Mazkur Qonunning 13-moddasiga asosan insofsiz raqobat taqiqlangan.
Insofsiz raqobatda tovarni xo‘jalik yurituvchi sub’yektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan belgidan o‘zining tovarlari, etiketkalari, o‘rovlarda joylashtirish mumkin emas. Sotilayotgan yoki fuqarolik muomalasiga o‘zgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish ham g‘ayriqonuniy hisoblanadi.
Insofsiz raqobat masalalarini ko‘rib chiqish va bartaraf etish Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Afsuski, insofsiz raqobat bilan bog‘liq murojaatlar yil sayin ortib bormoqda.
Jumladan, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha hududiy boshqarmaga “Buxorogips” MChJ shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan murojaat tushdi. Unda Narpay tumanida joylashgan tadbirkorlik sub’yekti tomonidan “Buxorogips” MChJ qo‘shma korxonasiga tegishli bo‘lgan “ROTBAND” tovar belgisidan noqonuniy foydalangan holda suvoq (shpatlevka) mahsuloti ishlab chiqarib sotganligi bildirilgan. O‘rganish davomida tadbirkorlik sub’yekti tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarda aynan “Buxorogips” AJ QKga tegishli bo‘lgan “ROTBAND” tovar belgisidan foydalanayotganligi aniqlangan.
Dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha hududiy boshqarmaga “INNOTECH PARTNERS” MChJ murojaat qildi. Mazkur murojaatda “Easycol” va “Easycol Baby” nomli tovar belgilariga Intellektual mulk agentligi tomonidan guvohnoma berilgan bo‘lsa-da, Narpay tumanidagi tadbirkorlik sub’yekti tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari qadoqlarida “INNOTECH PARTNERS” MChJga tegishli bo‘lgan tovar belgilariga o‘xshash belgilardan foydalanilgan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqish joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunga asosan, tovar belgisining egasi tovar belgisidan foydalanish va uni tasarruf etish mutlaq huquqiga ega. Tovar belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish, deb e’tirof etiladi.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha, hududiy boshqarma tomonidan insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning xatti-harakatlari boshqa bozor ishtirokchilariga nisbatan insofsiz deb tan olinib, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarini buzilganligi bo‘yicha tegishli tartibda qaror qabul qilindi. Korxonalarga kelgusida insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi.
Azamat Hamroqulov,
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.