“Nega homiladorlarga yoki uning qarindoshlari qo‘liga dori-darmon ro‘yxati yozib berilmoqda?”: Sog‘liqni saqlash vaziri tug‘ruqhonalardagi vaziyatni keskin tanqid qildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov o‘tkazgan yig‘ilishda onalar va bolalar salomatligini asrash borasidagi muhim masalalar muhokama etilgan. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

«Davlatimiz tomonidan dori-darmon va sarflov materiallari uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratilayotgan bir paytda nega homiladorlarga yoki uning qarindoshlari qo‘liga dori-darmon ro‘yxati yozib berilmoqda, deb o‘zimizga savol berishimiz kerak. Tug‘uruq kompleksi rahbarining o‘zi korrupsiyaning tepasida bo‘lsa, hammani bir ko‘zda ko‘rmasa, tanish-bilishchilik qilsa, unda nima bo‘ladi, muassasada nosog‘lom muhit shakllanib, jamoa parokandalikka uchraydi. Aksariyat muassasalar faoliyati yuzasidan kelib chiqqan shikoyatlarning negizida shu omillarni ko‘ryapmiz», degan vazir o‘z nutqida.

Shuningdek, muloqotda tug‘uruqlarning aksariyati "kesarcha kesish" orqali amalga oshirilayotgani, bu operatsiyalarni ayrim muassasalarda faqat bir mutaxassis o‘tkazib, boshqa yosh va mahoratli shifokorlarga imkoniyat berilmasligi, bunga esa muassasa rahbarining aralashuvi sabab bo‘layotgani keskin tanqid qilingan.

Videomuloqotda ko‘tarilgan yana bir muhim yo‘nalish — tibbiyotning barcha sohalari xodimlari uchun zarur bo‘lgan etika-deontologiya masalalari bo‘ldi. Bemor murojaat qilib kelganda “seni noto‘g‘ri davolabdi, xato operatsiya qilibdi, endi men to‘g‘rilayman” degan nosog‘lom qarash bilan kurashish zarurati haqida to‘xtalib o‘tilgan.

Jumladan, bemorlar va ularning qarindoshlari bilan muloqot qilishda xalqaro tajribada keng qo‘llaniladigan “front-ofis” tushunchasi haqida so‘z yuritilgan.

Ya’ni, bunda muassasaning registratura va qabul bo‘limlari xodimlari uchun kommunikativ standartlar, bemor holatining yomonlashuvi yoki yaqinlarining noroziligiga sabab bo‘luvchi harakatlardan tiyilishda amal qilish lozim bo‘lgan me’yorlar haqida ma’lumot berildi.

Yig‘ilish yakunida faoliyati bo‘yicha ko‘p e’tiroz kelib tushayotgan muassasalar rahbarlari, kamchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar qat’iy ogohlantirilgan.