Samarqand tug‘ruqxonalariga yana 566 ta o‘rin ajratiladi
Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalik bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Jiyanov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
- Tug‘ruqxonalarda joy o‘rinlari muammo ekanligi allaqachon tizim xodimlari o‘ylantirib kelayotgan muammo bo‘lib, uning ko‘rinishlari ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z aksini topgan edi, - deydi Jamshid Jiyanov jurnalistlarga sohada olib borilayotgan ishlar haqda ma’lumot berar ekan. – 2027 yilgacha viloyat tug‘ruqxonalariga bosqichma-bosqich 566 ta o‘rin ajratilishi belgilandi. Bugungi kunda viloyatda viloyat skrining markazi, reproduktiv salomatlik hamda perinatal markaz birlashtirilgan holda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiy markazi viloyat filiali sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda onalar va go‘daklar salomatligiga kompleks tarzda yondashuv bo‘lib, barcha sharoit bitta manzilning o‘zida amalga oshirilishi ayollarga qulaylikni ko‘zda tutadi. Joriy etilgan mazkur tizim shartiga ko‘ra, kelgusida ushbu filialda qo‘shimcha binolar qurilib, sharoit yanada yaxshilanishiga erishiladi. Shuningdek, to‘rtta tumanda mintaqaviy perinatal markazlar tashkil etildi.
Tug‘ruqxonalarda bepul xizmat ko‘rsatiladi, degan fikr qachon real haqiqatga aylanadi? Ko‘pincha Samarqand shahridagi tug‘ruqxonalar bu masala bilan murojaat etganimizda ular bemorlar soni belgilangan limitdan oshib ketishi, natijada ajratilgan dori vositalari barcha davolanayotganlarga yetmasligi ta’kidlanadi. Matbuot anjumanida shu yildan boshlab tibbiyot muassasalarida joriy etilayotgan tibbiy sug‘urta tizimi mazkur muammoga yechim bo‘lishi aytildi. Tizim to‘liq amaliyotga tatbiq etilgach, limit tugadi, degan bahonaga o‘rin qolmaydi, deb umid qilamiz.