Oqdaryo tug‘ruqxonasida bir kun homiladorlar xastaligi bo‘yicha o‘nlab fikrlarini yuzaga chiqardi

Yarim tun, soat 2:00 da tug‘ruqxonaga shoshilib kirib kelgan yosh kelin-kuyovni shifokorlar ajablanib qabul qilishdi. Ular farzand kutayotganga o‘xshamasdi, qolaversa, bemor ko‘rinishi ham yo‘q edi yosh kelinda. Bu yosh kelin-kuyovni yarim tunda Oqdaryodagi tug‘ruqxonaga kelishga nima majbur qildi?

Shifokorlarning aytishicha, ular farzandli bo‘lgan yo bo‘lmaganligini aniqlash uchun test qildirgan, ammo uning natijasini tushunmay, shifokorlardan maslahat olish uchun kelgan ekan. Bu yoshlarning farzandli bo‘lishga qiziqishi hamda homilador ayollarga nisbatan oilalarda e’tibor kuchayganidan dalolat beradi, deya ta’kidlashdi shifokorlar.

Faqat bu emas, Oqdaryoda 2018 yilda qurib foydalanishga topshirilgan tug‘ruqxona bo‘limi shifokorlari bilan suhbatlashganimda onalar salomatligi, homiladorlar o‘rtasida uchrayotgan xastaliklar, yaratilgan sharoitlar bo‘yicha juda ko‘p fikrlarni bildirishdi.

Yangi tug‘ruqxona, zo‘r sharoit, o‘rinlar hamon kam…

- Yangi qurib ishga tushirilgan tug‘ruqxonada barcha sharoit muhayyo ekanligidan tabiiyki aholi xursand, - deydi Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limi mudiri Hulkar Ravshanova. - Lekin tug‘ruq bo‘limidagi 95 koykada yuzdan ziyod onalar bor. Yoz oylarida bu ko‘rsatkich 140 nafargacha yetadi. Ginekologiya bo‘limi esa 15 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa, hozir 25 nafar ona davolanyapti. Davolanish uchun kelgan onalarni qaytarib yuborishga haqqimiz yo‘q. Shuning uchun hatto, vrachlar xonasini ham palataga aylantirishimizga to‘g‘ri keldi. To‘g‘ri, hozir karantin paytida faqat parvarishga muhtojlar davolanmoqda. Ammo boshqa vaqtda ahvol jiddiyroq.

«Nega yangi qurilgan tug‘ruqxonada o‘rinlar soni ilgarigiday kam?», degan savolimga bo‘lim mudiri loyiha ancha oldin tuzilgan, balki shuning uchundir, deb javob berdi. Agar mulohaza yuritadigan bo‘lsak, Oqdaryo tumaniga qarashli Dahbed va Beshdarxon hududlari aholisi tug‘ruq uchun tuman markaziga emas, Samarqand shahriga kelishadi. Joylashuv jihatidan ularga shu qulay. Bu kabi muassasalar qurilishda aholining o‘sish ko‘rsatkichi nahotki e’tiborga olinmagan bo‘lsa?

Homila nega rivojlanmay qolyapti?

Yaqinda vrachlar huzuriga kelgan qaynota kelinining homilasi ketma-ket nobud bo‘layotganidan shikoyat qildi. Bunda shifokorlarni aybladi, hatto. Agar shifokorlar aybdor bo‘lmasa, unda nega bu holat sodir bo‘lyapti, deya kelinining «aybi»ni isbotlab berishni talab qildi.

- Keyingi paytlarda homilador ayollarda homilaning rivojlanmay qolishi ko‘p uchrayapti, - deya suhbatni davom ettiradi H.Ravshanova. – Avvallari asosan ikki oylikkacha homilaning tushish yoki boshqa bir nuqsonli jihatlar aniqlangan bo‘lsa, hozir olti oylikda ham homilaning rivojlanmay qolib, ona qornida nobud bo‘lishi uchrayotir. Garchi bu homilador ayollar o‘z vaqtida vrach ko‘rigidan o‘tib turgan bo‘lishiga qaramay, bu holatning yuz berayotganiga turli infeksiyalar sabab, deb o‘ylayman.

Darvoqe, tumanda infeksiyalarni tekshirish uchun tegishli uskuna yo‘q, faqat xususiy klinikadagina bunday imkoniyat mavjud ekan.

Chaqaloqlarning o‘ntadan yettitasi muolajaga muhtoj

Bundan ikki-uch yil ilgari tug‘ruqxonalardagi sharoit bilan tanishish maqsadida borganimda aksariyat hollarda chaqaloqlar bo‘limidagi zamonaviy jihozlangan palatada deyarli go‘daklar bo‘lmasdi. Bu safar boshqacha holatga duch keldim: xonadagi barcha zamonaviy beybiterm deb nomlanuvchi, bolaga yetarlicha havo haroratini ta’minlab, dori-darmonlarni uzluksiz yetkazib turuvchi jihozlarning barchasida go‘daklar yotqizilgan ekan. Ehtimol, elektr energiyasining uzluksizligi tufaylidir. Neantolog shifokor bunga yana qo‘shimcha fikrlarni ham bildirdi.

- Afsuski, bugun tug‘ilayotgan chaqaloqlarning o‘ntasidan yetti nafari qo‘shimcha muolajalarga, parvarishga muhtoj, - deydi neantolog shifokor Soima Mamatova. – Buning sabablari juda ko‘p. Onalarning sog‘lom emasligi, organizmdagi turli infeksiyalarni o‘z vaqtida davolamasligi bunga sabab bo‘lmokda.

Aytish kerakki, mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi onalar sog‘lig‘ining boshlang‘ich davrida muhofaza qilish uchun tizim bor. Qishloq vrachlik punktidayoq nazoratga olingan homilador ayollar doimiy ravishda vrach nazoratida bo‘lib turadi. Vaqti kelgach, tuman skrining xonasida ko‘rikdan o‘tadi. Agar bu ham yetarli bo‘lmasa, viloyat skrining markaziga jo‘natiladi.

Viloyat shifokor-olimlari  nima deydi?

Oqdaryolik shifokorlar aytayotgan muammolar birgina ushbu tumanda emas, boshqa hududlarda ham ko‘p uchrayotir. Bu holatlar olimlar tomonidan o‘rganilyaptimi, nima uchun homila rivojlanmay, ona qornida nobud bo‘lmoqda? Bunga rostdan ham faqat infeksiya sababchimi yoki boshqa holatlarmi?

- Inson organizmini o‘rganish bo‘yicha fundamental bilimlar o‘zgarmasa-da, ammo tibbiyotda davolash ishlari yildan-yilga takomillashtirib borilmoqda, - deydi Samarqand davlat  tibbiyot instituti 1-akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Dildora Xudoyorova. – Zamonaviy diagnostika samaradorligining oshishi, yangi preparatlarning ishlab chiqilayotgani kasalliklarni davolashda, xususan, onalar salomatligini muhofaza qilishni ham jahon standartlariga mos tarzda takomillashtirib borishni taqozo qiladi. Ushbu standartlar mamlakatimizda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham joriy etilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Tabiiyki, o‘z ustida ishlab, yangiliklardan doimiy ravishda boxabar bo‘layotgan vrach bu standartlarni qo‘llashi kerak. Afsuski, yuqorida bo‘layotgan barcha yangiliklar quyi tizimga yetib bormasligi, shifokorlarning o‘z ustida ishlashiga imkon bo‘lmasligi, vrachlar malakasini oshirish kurslari bugungi kun talabiga javob bermasligini ko‘pchilik yaxshi biladi. Bu masalada institutimiz, xususan, kafedramiz o‘qituvchilarining loyihalari bor. Misol uchun, viloyatda simulyasion markaz tashkil etilsa, nafaqat onalik va bolalik masalalari, balki tibbiyotning boshqa sohalari bo‘yicha shifokorlarning o‘zaro tajriba almashinuvini joyida o‘tirib, onlayn tarzda amalga oshirish mumkin. Shuningdek, bugun garchi skrining tekshiruvlari natijasida tashqi nuqsonlar aniqlanayotgan bo‘lsa-da, aqliy rivojlanishdan ortda qolish kabi ichki xastaliklarni homiladorligidayoq aniqlaydigan uskunaning Samarqandda mavjud emasligi biroz muammo. Ushbu jihoz faqat poytaxtda bo‘lib, undan o‘tishga barchaning ham imkoniyati yetarli emas, narxi qimmatroq. Shuning uchun loyihamiz tasdiqlanib, mazkur jihoz viloyat uchun ajratilsa, nuqsonli bolalar tug‘ilishining oldini olishga xizmat qilardi.

- Homila o‘z vaqtida rivojlanmay nobud bo‘lishiga turli infeksiyalar ham sabab bo‘lishi mumkin, - deydi tibbiyot fanlari nomzodi Gulnora Eltazarova. - Qolaversa, ko‘plab xastaliklar ham ta’sir qiladi. Ammo bosh omillardan biri ona organizmining yetarli quvvatga ega emasligidadir. Bugungi ekologiya, sun’iy oziq-ovqatlar iste’moli organizmga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Aksariyat onalar hamon anemiyadan aziyat chekadi. Bugun onalarni tabiiy mahsulotlardan ko‘proq, o‘z vaqtida iste’mol qilishga chaqiramiz. Umuman, farzandlarimiz uchun sog‘lom ovqatlanish tartibini yoshlikdan yo‘lga qo‘ymas, tabiiy mahsulotlar iste’moliga o‘tmas ekanmiz, nafaqat onalar, balki aholi o‘rtasida ham kasallik holatlari ko‘payib boraveradi. Loyihada bu ratsion haqida batafsil to‘xtalganmiz. Qishloq aholisi hovlisiga turli mevali daraxtlarni ekib, o‘stirishi, meva qoqilarini iste’mol qilishi vitaminlar manbai. Homiladorlik payti onalar organizmi bugungi kunda baribir qo‘shimcha oziqalar, mikroelementlarga muhtoj. Infeksiyalar ham homilaning rivojlanmay qolishiga sababchi bo‘lishi mumkin, ammo ona sog‘lom bo‘lsa, infeksiyaning ham kuchi yetmaydi.

Gulruh MO‘MINOVA,

«Zarafshon» muxbiri.