Onalar o‘limi: bitta bo‘lsa ham ko‘p
Keyingi paytda onalar o‘limi bilan bog‘liq holatlar haqida tez-tez eshityapmiz. Garchi ona va bola salomatligini muhofaza qilish yuzasidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan, bu sohaga milliardlab mablag‘ sarflanayotgan bo‘lsa-da, nega bunday holatlar yuzaga kelayapti?
Bugun bu sohada qanday o‘zgarishlar bor va qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Shu savollar bilan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Jiyanovga murojaat qildik.
- Keyingi yillarda onalar salomatligiga e’tibor biroz susaygandek. Xususan, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bundan bir necha yillar avval juda qattiq nazorat ostida bo‘lar, bu masala katta yig‘inlarda ham muhokama etilardi.
- Siz, nazarimda, bundan ancha yillar avval o‘tkazilgan ko‘riklar va ularning doimiy hisoboti haqida so‘rayapsiz. U paytlari rostdan ham bu masala jiddiy tahlil etilar va kamchilikka yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘riladi. Bilasizmi, bunda asosiy masala ayollarni kontratseptiv vositalari bilan qamralishi bo‘lardi. Oilani rejalashtirish, ayol sog‘lom bo‘lsagina, farzandlar sonini ko‘paytirsin, degan masala birinchi o‘ringa chiqardi. Bugun ham bu muhim, ammo aholida salomatligiga e’tibor o‘tgan yillarga qaraganda yaxshilandi, ayollar sog‘ligiga e’tiborli bo‘la boshladi. Lekin bu ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaydi degani emas, barchasi o‘zi yashaydigan hududdagi tibbiy muassasalarda belgilangan muddat davomida ko‘rikdan o‘tishi kerak. Ya’ni tibbiyotning har doimgi ishlari sifatida davom etmoqda. Faqat bu holat katta yig‘inlarda muhokama etilmayapti. Umumumiy miqyosda e’tibor, baribir bor, albatta. Xususan, shu yilning 5 avgustidan 31 avgustiga qadar viloyatda “Ayollar salomatligi” oyligi o‘tkazilmoqda. Bunda aynan yuqorida aytganingizday, ayollar, ayniqsa tug‘ruq yoshidagi ayollar to‘la tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilandi. Bu jarayonda ular nafaqat oddiy kundalik tekshiruvlar, balki viloyat sog‘liqni saqlash tizimida yaratilgan imkoniyatlar tufayli murakkab onkotekshiruvlardan ham mobil tarzda o‘tmoqda. Qolaversa, ushbu tekshiruvlar maqsadli va aniq kasalliklar bo‘yicha olib borilayotgani e’tiborli. Misol uchun, shu yilning olti oyi davomida 140301 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni skriningidan o‘tkazilgan bo‘lsa, ular orasidan 60 nafarida kasallik erta bosqichda aniqlandi. Ko‘krak bezi saratoniga tekshirilgan 156 mingga yaqin ayollarning 57 nafarida xastalik oshkor bo‘lyapti. Bu degani ayollar kasallikni erta bosqichda bilib, to‘liq sog‘ayib ketish imkoniga ega bo‘lmoqda.
- Ayollarning o‘z salomatligiga e’tibori oshgani turli noxush holatlarning kamayishiga turtki beryaptimi?
- Tug‘ruqxonaga kelgunga qadar tibbiy ahvoli haqida deyarli xabardor bo‘lmagan, biron marta qishlog‘idagi shifokorlik punktiga uchramayotgan ayollar soni kamaygan, demoqchiman. Ammo hamon o‘z salomatligiga e’tiborsiz, to‘rtinchi yo beshinchi tug‘ruq bilan kelib, ahvoli og‘irlashayotgan ayollar bor. Yoki o‘zi ahvolini tushunib tursa-da qaynonasining zug‘umi ostida farzand ko‘rishga majbur bo‘layotgan ayollar ham kam emas. Afsuski, onalar o‘limi holatlari ham 35 yoshdan oshgan yoki to‘rt va beshinchi farzand ko‘rayotgan ayollar orasida sodir bo‘lmoqda.
- Gap onalar o‘limi haqda ketarkan, keyingi paytda raqamlar soni oshgani kishini tashvishga soladi. Bu faqat ayollarning o‘z salomatligiga e’tiborsizligidan bo‘lmasa kerak...
- Afsuski, raqamlar oshayotgani haqiqat. Ayniqsa, o‘tgan yili bir necha yillardan buyon yuqori darajaga ko‘tarildi. Tabiiyki, bunda ko‘plab omillar mavjud. Misol uchun, Samarqand shahrida yuz bergan o‘lim holati, Past Darg‘omdagi holatlar yuzasidan tegishli mutasaddilarga intizomiy choralar ko‘rildi.
- So‘nggi yillarda viloyatimizdagi beshta tumanda mintaqaviy, bir nechta tumanga xizmat ko‘rsatadigan perinatal markazlar tashkil etilgandi. Ulardan biri Past Darg‘om tumanida joylashgan. Og‘ir ahvoldagi homilador ayollarga yordam berishga mo‘ljallangan perinatal markazga bo‘la turib nega ushbu tumanda o‘lim holatlari uchradi?
- Yuqorida ta’kidlaganimday, avvalo ayolning o‘z salomatligiga e’tibori juda muhim ahamiyatga ega. Birlamchi tibbiyot har bir homilador ayolni ro‘yxatdan o‘tkazishi va nazoratga olishi lozim. Lekin buning uchun ayollar hududidagi shifokorlik punktiga borishi kerak-da. Mana bu raqamga e’tibor bering: 2024-yil olti oyi davomida bir yilgacha bo‘lgan muddatdagi tug‘ruqlar 447 tani, ikki yilgacha bo‘lgan muddatda 5531 ta, uch yilgacha bo‘lgan muddatdagilari 11566 ta, uch yildan ortiq bo‘lgani 13981 tani tashkil etmoqda. Haliyam bir yil oraliq bilan farzandli bo‘layotganlar bor, ularning soni oz emas. To‘g‘ri, bu raqam bundan 3-4 yil oldingi raqamlardan keskin kamaygan. Lekin shu to‘rt yuz nafar onaning farzandini salomat, momolarimiz aytganday eson-omon dunyoga keltirishiga kim kafolat beradi. To‘g‘ri, Past Darg‘omda shifokorlar yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarimiz bor edi. Tumanlarda kadrlar tanqisligi masalasi hamon mavjud. Bu masalada tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kuchaytirilayapti. Tumanda onalar o‘limi sodir bo‘lishigan ortidan bir nechta rahbarlar ishdan bo‘shatildi va boshqa choralar ko‘rildi.
- Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada ham bu ko‘rsatich oshganini kuzatish mumkin. Aytingchi, mazkur masala bo‘yicha ilmiy bir xulosalar ham mavjudmi?
- Respublika miqyosida onalar o‘limi bilan bog‘liq har bir holat chuqur o‘rganilmoqda, tahlil etilyapti. Hozircha izlanishlar davom etayapti, ammo bular aniq xulosalar emas. Yaxshi bilasiz, butun dunyo kovid virusini boshidan o‘tkazdi, o‘tkazayapti ham. O‘sha paytlardayoq dunyo olimlar uning asoratlari hali qanday bo‘lishini hech kim aniq aytolmaydi, deya bashorat qilgandi. Bu taxminlar bugun tibbiyot sohasi vakillari tomonidan to‘planayotgan ba’zi statistikalarda o‘z ifodasini topyapti. Ba’zi xastaliklar soni ortib ketganining sabablari aynan kovid tufayli, degan xulosaga allaqachon kelib bo‘lindi. Afsuski, onalar o‘limi bo‘yicha kuzatilgan ba’zi tashxislar ham hozircha shunday taxminlarni bermoqda. Chunki homiladorlikning barcha bosqichlarida vrachlar nazoratida bo‘lib, tug‘ruq payti ahvoli keskin yomonlashayotgan, qon ketish holatlari uchrayotgan ayollarni kuzatyapmiz.
- Aholiga bunday paytda ko‘proq qanday tavsiyalarni bergan bo‘lardingiz?
- Birinchi navbatda yuqorida ta’kidlaganimday, ayol onalikka tayyorlanishi kerak, farzandlari oralig‘idagi muddat bir, ikki emas, uch yil bo‘lsa maqsadga muvofiq. Doimiy ravishda organizmidagi vitamin yetishmovchiligini to‘ldirib borishi, hali qiz bola paytidanoq tabiiy, vitaminli mahsulotlarni iste’mol qilib, organizmini tayyorlab borishi lozim. Chunki bizda turmush qurgandan so‘ng organizmini onalikka tayyorlash haqida gapirib bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lsa nur ustiga a’lo nur. Homiladorlikda kuzatilayotgan charchoqlarga e’tiborsiz bo‘lmaslik, ammo doimiy harakatsiz ham qolmaslik lozim. Ayniqsa, ona bo‘layotgan kelinlarni butun oila qo‘llab turishi juda muhim.
- Go‘daklar o‘limi bilan bog‘liq masalalarda ijobiy raqamlarga ko‘zimiz tushdi. Ammo ularning har biri baribir og‘riqli. Bu borada olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Alohida ta’kidlashni istardim, buyon sodir bo‘lgan har bir ona va go‘dak o‘limi holati hokimlik soatida viloyat hokimi tomonidan muhokama qilinib chora-tadbirlar belgilanmoqda. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan barcha mas’ul rahbarga nisbatan keskin choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, tug‘ruqqa ko‘maklashuvchi muassasalardagi xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy markazi viloyat filialidan tumanlarga va og‘ir tumanlardan markazga xodimlarni uch oy muddatga almashtirib ishlatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu amaliyot dastlab Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasida qo‘llanildi va bu o‘z samarasini bermoqda.
Eng asosiysi, bemor bolalarning viloyat bolalar ko‘p tarmokli tibbiyot markaziga aksariyat hollarda transportirovka vaqtida og‘irlashib kelishining oldini olish va bolalar o‘limini kamaytirish maqsadida Urgut, Bulung‘ur, Samarqand, Narpay, Payariq, Pastdarg‘om tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on va Samarqand shaharlarida mahalliy hokimliklar bilan birgalikda bolalar reanimatsiyasi bo‘limlari tashkil etildi.
Yil yakuniga qadar qolgan 8 tumanda shunday bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bu kabi choralar tufayli bilan birga, bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklar o‘limi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 45 taga, besh yoshgacha bolalar o‘limi o‘tgan yilga nisbatan 66 taga kamayishiga erishildi.
Yana bir yaxshi yangilik, shu yilning o‘zida viloyat tug‘ruqxonalarida qo‘shimcha joylar ajratilmoqda. 150 o‘rinli tug‘ruqxonalar ba’zida 250 nafar homilador ayolni qabul qilayotgan tibbiyot muassasalari uchun bu juda muhim ahamiyatga ega. 2027 yilga qadar o‘rinlar soni 566 taga yetishi rejalashtirilgan. Shuningdek, shu yil barcha tug‘ruq muassasalari qo‘shimcha tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.
Dunyo bo‘yicha onalar va bolalar o‘limi eng kam ko‘rsatkich hisoblangan Belarus davlati bilan hamkorlik ishlarini boshlaganmiz. Shifokorlarimizning tajriba almashishi, ularning bu yerda o‘z ko‘nikmalarini o‘rgatishi bo‘yicha kelishuvlarimiz bor.
- Suhbatingiz uchun rahmat.
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.