Erta homiladorlik va tug‘ruq holatlari kuzatilgan o‘quvchi-qizlarning qariyb yarmi ota yoki onasiz oilalarda yashagan
Kecha, 13 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining videokonferensiya tizimi orqali majlisi bo‘lib o‘tdi.
Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyotining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari, erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisda Senat Kengashi tomonidan R.Mahmudovani O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylash va uni Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etish, qolaversa, B.Tangabayev va I.Alimovni Oliy sud sudyaligiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Kun tartibidan o‘rin olgan xalq deputatlari mahalliy Kengashlar tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyotining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, qolaversa, sud hokimiyatining ochiqligi masalasida ham bir qator ijobiy natijalarga erishildi.
Ma’lumki, qonun hujjatlarida tegishli sud raislari tomonidan mahalliy Kengashlarga axborot taqdim etib borish nazarda tutilgan. Bir oyda kamida bir marta joylarda sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish hamda jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borish tartibi joriy etildi. Bu esa fuqarolarga xalq vakillari orqali o‘z hududidagi sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishish, sudlar amaliyoti holati haqida ma’lumot olish imkonini berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning o‘zida sud raislarining 900 ta axboroti eshitilgan. Mazkur amaliyot hozirgi kunda ham davom etib kelmoqda.
Biroq shu kunga qadar mahalliy Kengashlarda sudlarning axborotlarini eshitish natijasida hududlarda u yoki bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilanmagan.
Oliy Majlis palatalari tomonidan jamoatchilikning sud-huquq tizimidagi islohotlarga nisbatan munosabatini o‘rganish maqsadida hududlarda sudyalar, advokatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuv va suhbatlar jarayonida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar tahlili ham xalq deputatlari mahalliy Kengashlar tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyotining samaradorligini oshirish zarurati mavjudligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, axborotni eshitish davomida ma’lumot uchun qabul qilish bilan cheklanmasdan, unda ko‘rsatilgan statistik, tahliliy ma’lumotlar asosida mahalliy Kengash o‘z faoliyatini rejalashtirishi, deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlarini belgilab olishi zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, majlisda erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala ham muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, o‘tgan yillarda mamlakatimizda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” konsepsiyasi ishlab chiqilib, onalik va bolalikni muhofaza qilishning milliy modeli yaratilgan.
Olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida qizlarni erta turmushga berish bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi ikki yilda ijobiy tomonga o‘zgargan.
So‘nggi yillarda 18 yoshga to‘lmagan qizlar orasida erta tug‘ruq holatlari ham kamayib, 2018 yilda bunday salbiy holatlar 1,5 mingdan ziyod bo‘lgan, 2019 yilda esa bu ko‘rsatkich 1,2 mingtani tashkil etgan. Joriy yilning birinchi choragida 231 ta erta tug‘ruq holatlari qayd etilgan.
Olib borilayotgan ishlarga qaramay, bu borada qator muammolar mavjudligiga urg‘u berildi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu muammoga, avvalo, aholining huquqiy savodxonligi va tibbiy madaniyatining yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, voyaga yetmagan qizlar, ayniqsa, 13-14 yoshli qizlar orasida erta tug‘ruq holatlarining ko‘payib borayotgani tashvishli holdir.
Erta homiladorlik va tug‘ruq holatlari kuzatilgan o‘quvchi-qizlarning qariyb yarmi ota yoki onasiz oilalarda yashayotganligi aniqlangan. Shuningdek, oiladagi yetishmovchilik, ota-onalarning ishsizligi yoki kam daromad topishi ham qizlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Yana bir jihat, erta va istalmagan tug‘ruq holatlari, yoshlarning oilaviy munosabatlarga tayyor emasligi, oiladagi ijtimoiy-ma’naviy beqarorlik kabi sabablar chaqaloqlar savdosi jinoyatini ham keltirib chiqarmoqda.
Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida Senat Kengashi qarori bilan erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 2020–2021 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.