Nega jahon pasportlari faqat to‘rt xil rangda bo‘ladi?
Aniqlanishicha, dunyodagi pasportlarning faqat to‘rt asosiy rangi mavjud bo‘lib, har bir mamlakatda ushbu hujjat muqovasi rangini tanlashning o‘ziga xos sabablari bor ekan. Mabodo aeroportlardagi uzun navbatlar sizni zeriktirib qo‘ysa, shunchaki ushbu maqolani eslaysiz, degan umiddamiz.
Qizil rangli pasport
Qizil muqovali eng keng tarqalgan rangdagi pasportlar o‘tmishi yoki hoziri kommunistik davrga tegishli bo‘lgan davlatlar tomonidan tanlanadi. Sloveniya, Xitoy, Serbiya, Rossiya, Latviya, Ruminiya, Polsha, Gruziya fuqarolari qizil rangli kitobchalarga ega. Xorvatiyadan tashqari Yevropa Ittifoqi a’zolari ham to‘q qizil rang va qizil tusdagi pasportlardan foydalanadilar. Yevropa Ittifoqiga kirishdan manfaatdor - Turkiya, Makedoniya va Albaniya kabi davlatlar ham bir necha yil oldin pasportlarini qizil rangga o‘zgartirgan edi. And millatlari hamjamiyati – Boliviya, Kolumbiya, Ekvador va Peru davlatlarida ham qizil to‘q rangli pasportlar mavjud.
Ko‘k rangli pasport
Ko‘k rangli muqova “yangi dunyo”ni ifodalaydi. Karib dengizining 15 davlati bu rangli pasportga ega. Janubiy Amerika mamlakatlari blokidagi Braziliya, Argentina va Paragvay pasportining ko‘k rangi ushbu davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy kelishuvga ega Merkosur umumiy savdo ittifoqi bilan bo‘lgan aloqani anglatadi. Venesuela ham ushbu ittifoq a’zosi, lekin fuqarolarining pasporti qizil rangda. AQSh pasporti faqat 1976 yilga kelib ko‘k rangga “bo‘yalgan”.
Yashil rangli pasport
Aksariyat musulmon davlatlari, masalan, Marokash, Saudiya Arabistoni, Pokiston davlatlarining pasporti yashil rangda. Bu rang Muhammad s.a.v payg‘ambarning sevimli rangi hisoblangan, u tabiat va hayotning ramzi hisoblanadi. Burkina Faso, Nigeriya, Kot-dIvuar va Senegal kabi G‘arbiy Afrika fuqarolari ham yashil rangning turli tuslaridagi hujjatga ega bo‘lib, bu ularning EKOVAS (G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati)ga a’zoligini bildiradi.
Qora rangli pasport
Eng kam uchraydigan pasportlar qora qoplamali pasportlardir. Bular Afrikadagi Botsvana, Zambiya, Burundi, Gabon, Angola, Chad, Kongo, Malavi kabi ayrim davlatlar fuqarolari egalaridir. Bu rang Yangi Zelandiyaning milliy rangi hisoblanishi bois ular ham qora rangli pasportga ega.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.