Nega qishda sholg‘om iste’mol qilish kerak?
Pazandalikda kartoshka kabi ommabop bo‘lmasa-da sholg‘omdan ko‘plab foydali taomlarni tayyorlash mumkin, chunki bu ildizmevali o‘simlik tarkibida juda ko‘p vitamin va minerallar mavjud. Shuningdek, u tabiiy antibiotik hamdir.
Karam bargli yoki krestgullilar oilasiga mansub sholg‘omning vatani G‘arbiy Osiyo, lekin uni hatto qadimgi rimliklar, misrliklar va yunonlar ham yetishtirgan. Umuman olganda gap faqat sholg‘omning ildiz mevalari haqida ham emas. O‘simlikning hatto novdalari va barglarini salatlarga qo‘shib, iste’mol qilsa bo‘ladi. Quyida sholg‘omning foydali xususiyatlari to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Shakar miqdorini nazorat qiladi
Sholg‘om qondagi shakarni pasaytiradi va diabetga chalingan odamlar uchun muhim bo‘lgan insulin darajasini oshiradi. Ushbu ma’lumotlar sholg‘omning ekstrakti va barglarining diabetga qarshi ta’sirini o‘rganish paytida olingan. Ildizli sabzavot jigarning glyukoza ishlab chiqarishi va uglevodlar so‘rilishini pasaytiradi.
Saratonga qarshi kurashish xususiyatlarga ega
Sholg‘om antioksidant faollikni ta’minlovchi bioaktiv o‘simlik birikmalari - glyukozinolatlarga boy. Ular oksidlovchi stress ta’siriga qarshi kurashadi. Shifokorlar glyukozinolat iste’molini turli xil saraton turlari, shu jumladan o‘pka saratoni rivojlanish xavfini kamaytirish bilan bog‘lashadi.
Yallig‘lanishga qarshi
Tanadagi yallig‘lanish ko‘plab surunkali masalan, artrit va yuqori qon bosimi kasalliklari bilan bog‘liq. Sholg‘om glyukozinolatlari yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega bo‘lgan biologik faol indollar va izotiotsianatlar kabi yordamchi mahsulotlarga parchalanadi. Sholg‘omdagi indol turlaridan biri arveleksin yallig‘lanishda ishtirok etadigan erkin radikal turli azot oksidini bloklaydi.
Suyaklarga qalqon
Sholg‘om suyaklarni mustahkamlashga yordam beradi. Undagi K vitamini moddalar almashinuvida muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotlar glyukozinolatlar suyak shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Jigarni himoya qiladi
Flavonoidlar, antotsianlar va oltingugurt birikmalarini o‘z ichiga olgan sholg‘om ekstrakti toksinlar to‘planishini kamaytiruvchi gepatoprotektiv faolligi bilan ajralib turadi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar sholg‘omning jigar kasalliklari bilan bog‘liq muammolarni davolashda foydali ta’sirini aniqladi.
Sholg‘om — shamollashga qarshi
Qaynatib pishirilgan sholg‘om shamollashga qarshi yaxshi vosita. Uni go‘sht bilan pishirib, iste’mol qilinsa ko‘krak va tomoq yumshashiga erishish mumkin. Bargi peshob haydash xususiyatiga ega. Buning uchun sholg‘omning 10 gramm bargi 100 gramm suvda damlanadi. Sholg‘om pishirilib yoxud xomligicha iste’mol qilinsa, ko‘zga foyda, nafas yo‘lini yaxshilaydi, yurak bezovtaligida ajoyib malham bo‘la oladi. Sholg‘omning asal bilan aralashtirilgan sharbati yo‘talga barham beradi, harorat ko‘tarilganida, tomoq og‘riganda naf keltiradi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.