"Neksiya"si o‘rindig‘i ostiga og‘u yashirgan jinoyatchi fosh etildi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idora vakillari bilan o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida marixuana giyohvandlik moddasining g‘ayriqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

G‘ijduvon tumanida o‘zining “Neksiya” rusumli avtomashinasida harakatlanib ketayotgan fuqaro J.Sh. tezkor guruh vakillari tomonidan to‘xtatilib, avtomashina tegishli tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtotransport vositasining old yo‘lovchi o‘rindig‘i ostiga 8 dona gugurt qutilariga joylashtirilgan, umumiy og‘irligi 45,12 gramm bo‘lgan marixuana giyohvandlik moddalari borligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.