Nima qildim Vatan uchun?
Joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida tog‘ni ursa talqon qiladigan erkaklar “Mahalladan nega yordam bo‘lmayapti?”, “Qancha vaqtdan beri “bola puli”ni ololmay yurganimizni bilasizmi?”, degan savollarni berishadi. Ammo ulardan “Mamlakatimizda ishsizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan xabardormisiz, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga harakat qilib ko‘rdingizmi, tomorqadan qay darajada foydalanyapsiz?”, degan savollarga tayinli javob ololmaysiz.
To‘g‘ri, har bir mahallada oilaviy sharoitini yaxshilash uchun tomorqada, qo‘shimcha ajratilayotgan yer maydonlarida dehqonchilik qilayotgan, imtiyozli kreditlardan unumli foydalanayotgan mehnatkashlar topiladi. Biroq ular barmoq bilan sanarli ekanligi achinarlidir.
Bankdan kredit olayotganda ayrim sabablarga ko‘ra kechikish bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda bong uradigan, yuqori tashkilot rahbarlariga bank xodimlari ustidan qayta-qayta arz qiladigan “uddaburon”lar mablag‘ ajratilgach, undan maqsadli foydalanyaptimi? Kreditni qaytarishga kelganda bank xodimlarini sarson qilmayaptimi? Afsuski, o‘sha “uddaburon”lar orasida tadbirkorlikni eplayolmayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etyapti. Olingan qarzni vaqtida qaytarmayapti. Hatto boqib, ko‘paytirish maqsadida bepul tarqatilgan tovuq, g‘oz yoki o‘rdaklarni so‘yib, yeb qo‘yganlarni uchratdik.
Oylik maoshi yoki pensiyasi bir kun kechiksa, jig‘ibiyron bo‘ladigan yoshi kattalar-chi? Ular soliq, elektr energiyasi, gaz va boshqa kommunal to‘lovlarini vaqtida to‘layaptimi? Bu haqida yaqinlarini, farzandlarini ogohlantiryaptimi?
Yana bir gap, bugungi kunda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida o‘tgan 2021 yilning noyabr, dekabr oylarida tumanimizning chekka, dasht hududlari – Urganji va Oqchobsoy mahallalarida mevali va manzarali daraxtlar ekildi. Bu ishlar bugun ham davom etyapti. Ammo mazkur xayrli tadbirlarda asosan, davlat tashkilotlari va korxonalar vakillari ishtirok etyapti. Yurt kelajagi, tabiat musaffoligi, farzandlari salomatligini o‘ylagan har bir inson “Yashil makon” loyihasiga hissa qo‘shsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Yaqinda bir tadbirda viloyat hokimining “Tushunmaydigan odam yo‘q, tushuntirolmaydigan rahbarlar bor”, degan gapi e’tiborimni tortdi. Nafaqat rahbarlar, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlar, mahallalardagi faollar bugun mudrab yotgan yoshlarimizni uyg‘onishga, oddiy odamlarimizni shiddat bilan rivojlanayotgan zamondan ortda qolmaslikka chaqirishi kerak.
Shavkat ZIYaDINOV,
Respublika ma’naviyat targ‘iboti markazi Qo‘shrabot tumani bo‘linmasi rahbari.