Nodir nusxaga aylangan film

“Titanik” filmini tomoshabinlar hamon hayajon va katta qiziqish bilan ko‘rishadi. Buning boisi, filmni mahorat bilan suratga olingani, unda zamonaviy kino texnologiyalaridan muvaffaqiyatli foydalanilgani va, albatta, rejissyor Jeyms Kemeronning yuksak iste’dodidir.
Film yaratish tarixini hamma bilmaydi. Jeyms Kemeron qachonlardir 1912 yilda aysberg bilan to‘qnashib, minglab yo‘lovchilarning halok bo‘lishi sababi haqida boshqalar qatori eshitgan edi.
Bir kuni u ingliz rejissyori Roy Uord Bayker 1958 yilda suratga olgan “Titanik halokati” filmini tomosha qildi. Kemeronda ushbu filmni batafsilroq va yangi texnologiyalardan foydalanib, ta’sirchanroq suratga olish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng ishga kirishdi. Kema yaratilishi tarixidan tortib, yo‘lovchilar yozishmalari hujjatlarigacha barcha ikir-chikirlarni sinchiklab o‘rgandi.
Film ssenariysi prodyusserlar uchun juda maroqli tuyuldi va “XX asr Foks” ushbu filmni suratga olishda ishtirok etishga rozilik berdi. Bu kino olamida keng ko‘lamli loyiha edi. Suratga olish jarayonida kema maketidan tortib, laynerni chinakam suvga tushirish voqea-hodisalarini multiplikatsion holatdan real ko‘rinishgacha bo‘lgan sahna epizodlari mohirona uyg‘unlashtirildi. Bu jarayon g‘oyat murakkab bo‘lib, bir necha yil vaqtni oldi.
Shunday qilib, Jeyms Kemeronning kino olamida nodir asarga aylangan “Titanik” filmi dunyoga keldi.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.