Nogironligi bo‘lgan kishilarga nogironlar aravachasi, eshitish moslamalari, hassa va qo‘ltiqtayoqlar berildi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan «Inson qadri uchun» shiori ostida xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

Viloyatdagi boshqarma va idoralar, jamoat tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari vakillari hamda homiylar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamatqulov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidladi.

Xayriya aksiyasida nogironligi bo‘lgan kishilarga 26 ta nogironlar aravachasi, 3 ta eshitish moslamasi, 10 dona hassa va qo‘ltiqtayoqlar berildi.

- Tug‘ma nogiron bo‘lsam-da, bir umr harakatdan to‘xtaganim yo‘q, - deydi Jomboy tumani Nogahon mahallasida yashovchi, I guruh nogironi Azamat Ortiqov. – 15 yildan buyon turmush o‘rtog‘im, ikki farzandim ko‘magida harakatlanib kelardim. Biroq keyingi yillarda falajlanish boshqa qo‘l va oyoqlarimga ko‘cha boshlagach, nogironlar aravachasiga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan biz kabi insonlarga ko‘rsatilayotgan ko‘makdan boshimiz osmonga yetmoqda. Yaqinda viloyat hokimligi oilamizga tikuv mashinasi sovg‘a qilgan edi. Endi esa nogironlar aravachasini qabul qilib oldim.

Bayram tadbirlari Samarqand shahridagi «Zilol baxt» bazmgohiga ko‘chdi. 200 nafarga yaqin imkoniyati cheklangan shaxslar va ularning hamrohlari uchun bayram dasturxoni yozildi.

Xayriya aksiyasi tadbirlari mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar, saxovat va muruvvat uylarida ham tashkil etildi.

Dilmurod To‘xtayev.