Nogironlik aravachasini 4 yil kutgan 92 yoshli onaxon «Adolat» SDP ko‘magi bilan orzusiga erishdi

Yaqinda aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazish uchun Samarqand shahridagi Xo‘ja Ahror Vali mahallasiga bordik. Ochig‘i, hamma qilgan ishimizning asl mohiyatini, uning qiymatini 92 yoshli onaxon bilan bo‘lib o‘tgan voqelik belgilab berdi.
Samimiy suhbatdan so‘ng “Sizga biror yordam kerakmi”, degan savolimizga onaxon uzoq o‘ylanib javob berdi. Onaxon dorilamon kunlarda keksalik nafaqasini olib, yaqinlari ardog‘ida yashayotganini aytib, birgina nogironlik aravachasiga ehtiyoji borligini ma’lum qildi.
Savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak, degan ezgu fikrni amaliyotga qo‘llagan holda O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyati kengashi faollari tashabbusi bilan onaxonga nogironlik aravachasi topshirildi.
- Nogironlik aravachasini 4 yil kutdim, - deydi onaxon. - Bugun shahrimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni, kundan-kun chiroy ochayotgan ko‘chalarni, hamma maqtayotgan Registon maydonida qo‘yilayotgan 3D tomoshalarni ko‘rish orzusida edim. Ushbu niyatimni amalga oshirishga ko‘maklashgani uchun “Adolat” partiyasi faollariga rahmat, deya ko‘zlarida quvonch yoshi bilan duoga qo‘l ochgan onaxonning kayfiyati bizni ruhlantirib yubordi.
Nodira RAJABOVA,
“Adolat” SDP viloyat kengashi “Ayollar qanoti” raisi.