Nohaqlik qurbonlari. Davlat arbobi fojiasi
O‘quv yurtida ta’lim olayotganimda "sovetlarga qarshi o‘ng trotskiychi blok" ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayoni bo‘layotgan joyga yo‘lim tushib qoldi. Sudlanayotgan, N.I.Buxarin, A.I.Rilov boshchilik qilgan bu blok 21 kishidan iborat bo‘lib, ular orasida O‘zbekistonning yetakchi rahbarlari A.Ikromov va F.Xo‘jayev ham bor edilar.
Sud jarayoni katta soyuzlar uyining kolonna zalida 1938 yil 3 martdan boshlab bo‘layotgan edi. Sud ochiq bo‘layotgani uchun unga hamma kirishi mumkin edi. Vaqtim bor edi, men ham kirdim.
Sudda SSSR prokurori A.Ya.Vishinskiy o‘z yordamchilari bilan, o‘rtada SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi raisi V.V.Ulrix o‘tirishar edi. Sudlanuvchilar orasida A.Ikromov va F.Xo‘jayevni ko‘rib, hangu mang bo‘lib qoldim. Men ular bilan tanish bo‘lmasam-da hurmat qilishga o‘rgangan edim.
Sudga kirib borganimda sud a’zolari F.Xo‘jayevga savol berdi. Savol uning ayblanuvchi A.I.Rilov bilan tanishligi edi.
Men sudga kirish uchun ruxsatnoma olgan edim. Oradan kun o‘tib, ana shu sudga yana ruxsatnoma oldim. Bu sudda A.Ikromovning oxirgi so‘zlarini eshitish baxtiga muyassar bo‘lgandim.
U sud oldida qaltiramasdan, asabiylashmasdan gapirardi: "Men ko‘p xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ydim, ammo hech qachon xalqning, partiyaning, o‘rtoq Stalinning dushmani bo‘lmaganman. Partiya uchun kuch-g‘ayratimni ayamasdan mehnat qildim. Hayotim saqlanib qolinsa, o‘zimning sofligimni va Vatanga sadoqatimni mehnatim bilan ko‘rsataman va isbotlayman".
Keyin Buxarin va F.Xo‘jayev gapirdi. Sudlanuvchilarning so‘zlari tinglangach, sud hay’ati maslahatlashish uchun ichkariga kirib ketdi. Men shu vaqtda chiqib ketdim. Ertasiga gazetada e’lon qilinishicha, 13 mart tong sahar soat 4.30 da sud majlisida sud raisi Ulrix hukmni o‘qigan. 17 kishi, ya’ni Buxarin, Rilov, A.Ikromov, F.Xo‘jayev va boshqalar otib o‘ldirishga, 3 kishi turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. Bitta ayblanuvchi o‘sha joyda jon bergan".
Aslida ayblanuvchilarni Markaziy Komitet tarkibidan chiqarish, partiya safidan o‘chirish, ishlarini tergov idoralariga oshirish nazarda tutilgan edi. Hujjatlarga komissiya a’zolarining hammasi imzo chekkan. Ammo komissiya raisi A.Mikoyan "Qamoqqa olinsin, sud qilinsin, otib o‘ldirilsin" deb yozib imzo chek¬maganida 21 nafar begunoh insonlar taqdiri fojia bilan tugamasmidi.
Tayyorlovchi: Fayzulla ISMOILOV,
tarix-geografiya fani o‘qituvchisi,
Jomboy tumani.