Non narxi arzon bo‘ladi... (mi?)

Sababi oddiy – Mustaqil davlatlar hamdo‘stligidagi non va un mahsulotlari eng arzon davlat bizning mamlakat. Qolaversa, so‘nggi marta qolipli non narxi 2014 yilda oshirilgan edi. O‘tgan to‘rt yil davomida qolipli non narxining bir xil ushlab turilishiga barcha ko‘nikdi. Bozor talabi esa boshqacharoq.

Aytaylik, o‘tgan yili fermerlardan g‘allaning bir tonnasi 550 so‘mdan xarid qilingan. Tabiiyki, fermer bundan foyda ko‘rmaydi. «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tasarrufidagi korxonalarning zarari tiklash qiyin bo‘lgan darajada – 489 milliard so‘m! Ammo asosiy masala bu ham emas. Shu vaqtgacha qolipli non narxini ushlab turish uchun un faqat ayrim korxonalarga ro‘yxat asosida davlat belgilagan narxlarda maxsus fond orqali tarqatilardi. Ana shu ro‘yxatga kirmagan korxonalar esa unni bozor narxida sotib oldi.

Tabiiyki, u ishlab chiqargan non tannarxi ham qimmat bo‘lib, sotolmay, tez orada kasodga uchrardi. Oqibatda davlat belgilagan narxda un oluvchilarning tabiiy monopoliyasi vujudga kelib, bu nonning sifatiga ta’sirini o‘tkazdi. Eng yomoni, unni davlat belgilagan narxda olib, mahsulotni «ko‘cha» narxida sotgan tadbirkorlar ham uchrab turardi. Bu holatda fermer zarar ko‘radi, un ishlab chiqaruvchilar zarar bilan ishladi. Nonni arzon sotishi kerak bo‘lgan tadbirkor esa baribir o‘z bilganidan qolmasdi. Chunki yuqorida aytilganidek, raqobat yo‘q.

– Shunday vaziyatda Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 13 sentyabrda “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi, – deydi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdug‘ani Saidov. – Ushbu qarorga ko‘ra, qolipli nonni talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotish amalga oshiriladi. Bu esa yuqoridagi salbiy holatlarga barham berib, non ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida halol raqobatni vujudga keltiradi. Endi bozorda kimning mahsuloti arzon va sifatli bo‘lsa, o‘sha xaridorgir bo‘ladi. Yuqoridagi hujjatga asosan 1 kilogramm 1-nav bug‘doy uni uchun ulgurji narx 1400 so‘m miqdorida belgilandi. 1 noyabrgacha buni ham bekor qilish ko‘zda tutilgan. Ana shu sababdan ayni vaqtda non narxi 900-1000 so‘mga chiqishi tabiiy. Ammo endilikda non ishlab chiqaruvchilarning ortishi hisobiga narx va sifat aholi talabiga qarab o‘zgaraveradi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari tomonidan spirt ishlab chiqaruvchilar, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalariga don, shuningdek, oliy navli bug‘doy unini birja savdolari orqali sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Bu esa, ma’lum muddatdan so‘ng yem, go‘sht mahsulotlari narxi tushishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga asosan, 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab:

Yoshga doir, nogironlik bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolaligidan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, nogiron bo‘lgan 16 yoshgacha bolalarga nafaqa, shuningdek, yoshga doir pensiyaning belgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa bo‘yicha har bir nafaqa oluvchiga;

Bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha nafaqa oluvchi har bir oila, o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilaga un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanishi joriy etilmoqda. Shu orqali, aholining muayyan qatlamini narxlar o‘zgarishidan himoya qilish ko‘zda tutilgan.

Yana bir holatga e’tibor qarating, Samarqand shahrida shu vaqtgacha davlat belgilagan narxlarda un oluvchi 84 ta korxona bor edi. Bunday korxonalar soni har bir tumanda o‘ntadan kam emas. Ammo ularning hammasi ham arzon undan qolipli non tayyorlamasligi aniq, shunchaki, ustiga narx qo‘yib, yana un holida sotib yuborganlari ham bor edi.

– Uzoq yillardan beri aholi dasturxoniga 30 turdan ziyod non va non mahsulotlari yetkazib beryapmiz, – deydi Samarqand shahridagi «Miyonqol non» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Naimjon Bahriyev. – Har birining quvvati kuniga 30 ming dona qolipli non ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy ikkita seximiz bor. O‘z vaqtida to‘liq quvvat bilan ham ishladik, 30-40 ming dona mahsulot chiqardik. Ammo uzoq vaqt buncha mahsulot ishlab chiqarish bizga zarar keltiradi. Chunki, davlat narxida oladigan unimiz miqdori buncha mahsulotga yetmaydi. Bozor narxida un olib ishlab chiqargan nonimiz tannarxi esa imtiyozli un oladiganlarnikidan oshib ketsa, zarar ko‘rishimiz mumkin. Mana, endi narx siyosati o‘zgardi, hamma narsani bozor hal qiladi. Buning muhim tomoni shundaki, o‘zimizga berilgan «limit» tugasa ham, ishlab chiqarishni ham to‘xtatmaymiz. Endi bemalol qo‘shimcha un olib ishlashda davom etaveramiz. Chunki un narxi erkin bo‘lgach, boshqalar ham shu narxda oladi. Bozorda o‘z o‘rnimizga ega bo‘lish uchun ishlab chiqarishni ko‘paytirib, ustiga qo‘yiladigan narxni boshqalardan arzonroq qilishimiz kerak. Hozircha, misol uchun, 10-15 mingta qolipli non ishlab chiqarsak, ertaga talabga qarab, buni bir necha baravarga oshirishimiz ham mumkin. Hozirgi sharoitda har bir qolipli non narxi bizga 900 so‘mga yaqin tushadi. Agar 950 so‘mdan sotadigan bo‘lsak, foyda bilan chiqamiz.

Ishlab chiqaruvchilarning fikri ana shunday. Ular uchun erkinlik bu -  bozor qoidalari, talab va taklif. Shunga qarab, ular sifatni ham, narxni ham ushlay oladi.

Anvar MUSTAFOQULOV.