Nonni bosma, ko‘r bo‘lasan!
“Non ham non, uvog‘i ham non” - xalqona hikmat. Uning mazmunida gunoh, zoye, isrof xavfi bor. Qayerdaki, kimdaki bu xususga andisha bo‘lmasa, bir jazosi bor. Bu o‘git shu sababdin ko‘p takror bo‘lgan.
Ulug‘ olim, xanafiylik mazhabi ta’limotini birinchi bo‘lib Movarounnahrga olib kirgan Abu Hafs Kabir Buxoriy (768-832, milodiy) “insonning kambag‘al bo‘lishiga sabab bo‘luvchi omillar sirasiga “non ushoqlarini oyoq ostiga tashlash”, “yuzni etak bilan artish”, “uyni supurmay qo‘yish”, “ostonada o‘tirish”, “idish-tovoqni yuvmay qo‘yish”, “qo‘lni yuvmay taom yeyish”, “ota-onaning nomini aytib chaqirish”, “tish bilan tirnoq olish”, “yoshi kattalar va oqsoqollar oldidan kesib o‘tish” kabi hodisalarni ham kiritgan ekanlar.
O‘tkir va chuqur mulohazalarni o‘z oqimiga qoldirib, asl muddaoga o‘tsak:
- Hoy bola! Nonni bosyapsan!
- Bobo non emas, molni oxiriga solinadigan ushoq.
- Nodonliq qilma. Terib ol!
- Jo‘ralarimdi bari futbolda. Sizdi ishingiz men minan, qizdan ham battar qildingiz…
O‘spirin qo‘lidagi laganni yerga olib urdi. Idish ichidagi po‘chog‘u uvoq yer bilan bitta bo‘ldi. Sakrab yana bir tepdi, atrof bulandi.
Chol qahrlandi:
- Hoy telba, terib ol, ko‘r bo‘lasan!
- Ey, go‘rga! Ko‘zim oqib tushsin...
- Tavba de, nodon...
- Demayman! Demayman!! Demayman!!!
... Qancha suvlar oqib ketdi, qancha bobo o‘tib ketdi. Bola er yigit bo‘lib, harbiydan keyin quruvchilik qildi. Tasodifda tepadan nimadir ko‘ziga tushgandek bo‘ldi. Birov chang dedi, birov temir qirindisi dedi, bormagan do‘xtiri, ko‘rsatmagan tabibi qolmadi. Bugun unday, ertan bunday, ko‘z kundan-kun qora tortaverdi...
Ko‘ksida armon qoldi:
- O‘sha voqea menga bir sinov bo‘ldimi?!... Nodonlikmi?!. Ishqilib uvol tutar ekan. Birovlar undan emas, ko‘zingga ehtiyotsizligingdan kukun tushgan, deydi. Balki... Lekin men o‘sha voqeadan, qaysarlikdan aytgan so‘zlarimdan pushaymonman...
Nurotalik G‘affor Obidov mashhur chorvador. O‘ta mehnatkash va tadbirkor. Shuning uchun davlatimiz u kishiga respublikada xizmat ko‘rsatgan chorvador unvonini bergan. Hoji.
Ittifoqo, yo‘limiz shu kishi bilan G‘ijduvonga tushdi. Ziyoratu tijoratlardan keyin so‘lim taomxonalardan biriga kirdik...
Dasturxonda uch burdacha non qoldi. U kishi duodan keyin xotirjamgina ularni terib olib, toza ro‘molchaga o‘rab to‘rvaxaltasiga joylashtirdi.
Sheriklarimizdan birining ma’noli qarashini sezdimi yoki aytilmagan savolga javob dedimi, kulimsirabgina izohga o‘tdi:
- Rizqni tashlab yoki qoldirib ketmaslik kerak. Bizdan keyin bu non burdalarini hech kim yemaydi. Qoldiq deb sal insofi bori mol uchun mo‘ljallaydi. Xudodan qo‘rqmagani yuvindiga qo‘shib to‘kib yuboradi. Hozirgina “bergan rizqu nasibasiga shukur qilib, mo‘l ko‘llik so‘rab” dasturxonga duo qildik. Amalda uning aksini qilsak, nima bo‘larkan?! Otam nasihatini olib, esimni tanigandan buyon nonni ham, ushog‘ini ham uvol qilmayman. Xudo bergan davlatni shu ish barakotidan deb bilaman...
Men indamadim. Nonning uvoli tutishini ayrimlarda ko‘rganman. Misolda aytishning malolidan cho‘chiyman...
Suyundiq Mustafo Nurotaiy,
Navoiy viloyati.