Noqonuniy olib o‘tilayotgan 30 ming dollar davlat foydasiga o‘tkazildi va 27 million so‘m jarimaga sabab bo‘ldi
Doniyor (ism-familiyalar shartli) o‘qishni bitirgach, Samarqanddagi turistik firmalardan biriga gid tarjimon bo‘lib ishga kirdi. U firma ishchilari bilan juda tez til topishdi. Doniyor chet eldan kelgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatish, xorijga chiqayotgan sayyohlarga tarjimonlik qilish, shuningdek, O‘zbekistondan Umra safariga ketayotgan ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish bilan ham shug‘ullanardi.
Joriy yilning mart oyida Doniyor ishlayotgan firma bilan Saudiya Arabistonida hamkorlikda faoliyat olib borayotgan hamqishlog‘i Anvar telefon qilib, Umra safariga kelayotgan ziyoratchilarning 30 ming AQSh dollar pullarini bank orqali emas, balki naqd jo‘natishini, Dubayda ziyoratchilarga mehmonxona va boshqa to‘lovlar yengil bo‘lishini aytdi.
Doniyor firmada Umra safariga ketayotgan ziyoratchilarga doktor sifatida biriktirilgan Boburga 30 ming AQSh dolarini Saudiya Arabistoniga borganda, Anvarga berishini iltimos qildi. Bobur bunga rozi bo‘ldi va ertasiga Doniyor bergan pul va o‘zining yuklarini olib, Dubayga borish uchun Samarqand xalqaro aeroportiga keldi.
O‘sha kuni B.Jaxparov o‘zining odatiy ishi - bojxona chegarasida
harakatlanayotgan fuqarolarning qo‘l yuki va bagaj yuklarini bojxona nazoratidan o‘tkazayotgandi. “Samarqand-Dubay” yo‘nalishiga chiqayotgan yo‘lovchilardan biri o‘ziga tegishli bo‘lgan yuklarni ro‘yxatdan o‘tkazib, bojxona organiga murojaat etmasdan bojxona nazorati zonasidan o‘tgan vaqtida shubha uyg‘otdi. Shubhali shaxs bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unga tegishli bo‘lgan qo‘l sumkada 30 ming AQSh dollari miqdordagi chet el valyutasi noqonuniy yo‘l bilan olib o‘tilayotgani aniqlandi.
Bojxona xodimlari Boburdan 30 ming AQSh dollarini nega bojxona deklaratsiyasiga ko‘rsatmasdan noqonuniy olib o‘tilayotganini so‘rganda, u O‘zbekistondan valyutani olib chiqish miqdorini bilmaganligi, ushbu pullar firma tarjimoni Doniyorga tegishli ekanligi va unga hozir telefon qilib chaqirishini aytdi. Bir oz vaqt o‘tganidan so‘ng, Doniyor yetib keldi va haqiqatan ham ushbu pullar unga tegishli ekani va Makka shahrida ziyoratda bo‘lgan ellikboshiga yetkazish uchun Boburdan iltimos qilganini tasdiqladi.
Qonunchilikka ko‘ra, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirgan holda tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazish jinoyati tovarlar bilan bojxona chegarasini amalda kesib o‘tilgan paytdan tugallangan hisoblanadi.
2023 yil 5 may kuni ushbu holat jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ochiq sudida ko‘rib chiqildi. Sud mazkur jinoyatni tamomlangan deb
hisoblab, dastlabki tergov organi tomonidan fuqaro B.Boqiyevning jinoyatni ochilishida faol yordami va rost ko‘rsatuv berganligi uchun to‘g‘ri to‘xtamga kelgan deb hisobladi. Sudlanuchi D.Olimovga jinoyatni tashkil etishning o‘zi bilan cheklanib, jinoyatning ob’yektiv tomonini ifodalovchi harakatlarda qatnashmaganligi bois bazaviy hisoblash miqdorining 90 baravari, ya’ni 27 million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Noqonuniy yo‘l bilan olib o‘tilayotgan 30 ming AQSh dollari esa tegishli tartibda davlat foydasiga o‘tkazildi.
F.RO‘ZIBOYeV.