Noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning 70 million so‘mlikdan ziyod tilla buyumlari olib qo‘yildi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 18 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida profilaktik suhbatlar, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, amaldagi qonun-qoidalarga rioya etmaydigan fuqarolar ham uchrab turibdi. Tashkil etilayotgan nazorat tadbirlarida bunday toifadagilarning noqonuniy faoliyati viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlarining e’tiboridan chetda qolmayapti.
Jumladan, Jomboy tumanidagi nazorat tadbirida payariqlik Xurshida Kubayevaning “Juriyat” dehqon bozorida tilla buyumlar bilan hujjatsiz savdo qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada “tadbirkor”ning 22 million 350 ming 600 so‘mlik tilla taqinchoqlari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Toyloq tumanida yashovchi Gulshoda Turdiyeva zargarlik buyumlari bilan savdo qilish uchun litsenziya olish zarurligini unutib qo‘ygan ko‘rinadi. Aks holda u “Urgut savdo kompleksi”da tilla taqinchoqlar savdosi bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanmagan bo‘lardi. Nazorat tadbirida G.Turdiyevaning qilmishi fosh bo‘lib, undan qiymati 26 million 362 ming 400 so‘mlik tilla taqinchoqlar olib qo‘yildi.
Samarqandlik Muqaddas Akibova ham “Urgut savdo kompleksi”da zargarlik buyumlari bilan hujjatsiz savdo qilishdan tap tortmadi. O‘tkazilgan nazorat tadbirida uning noqonuniy xatti-harakatlari yuzaga chiqib, undan qiymati 21 million 754 ming 100 so‘mlik tilla taqinchoqlar daliliy ashyo sifatida olindi.
Umid ALIMOV,
Samarqand viloyati davlat soliq
boshqarmasi matbuot xizmati xodimi.