Nosoz televizor boshqasiga almashtirib berildi
Past Darg‘om tumani Buyuk Turon mahallasida yashovchi M.Asqarov shu yil 10 noyabr kuni Samarqand shahri “Yopiq bozor” hududidagi «Akmal Sam savdo» MChJga qarashli 1-do‘kondan 1,7 million so‘mga LG televizorini xarid qilgan.
"Xaridor uyiga borib yaqinlari davrasida televizorni qo‘yib ko‘rgach, ekranida nuqsoni borligi aniqlangan, - deydi
«Shahodat» iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uyushmasi nodavlat notijorat tashkiloti direktori Uchqun Amirov. - Ertasi kuni televizorni qaytarib olib borganida do‘kon egasi har xil bahonalar bilan mahsulotni qaytarib olmagan.
Xaridor bir oylik sarsongarchilikdan so‘ng, 23 dekabr kuni tashkilotimizga murojaat qildi.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bo‘yicha iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari belgilab berilganligi MChJ xodimlariga tushuntirildi. Natijada iste’molchi huquqi tiklanib, uning roziligi bilan mahsuloti boshqasiga almashtirildi va xarid narxi tegishlicha qayta hisob-kitob qilindi".