Noyabr oyi O‘zbekistonda “Keksalar uchun turizm oyligi”, deb e’lon qilindi. Ular qanday imtiyozlardan foydalanishi mumkin?
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, mamlakat bo‘ylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishini rag‘batlantirish maqsadida “Keksalar uchun turizm oyligi”ni tashkil qilish vazifasi belgilangan.
Joriy yilning noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi”, deb e’lon qilingan. Bunda keksalarning turizm oyligini munosib o‘tkazishi, dam olishlarini tashkil etish hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Respublikadagi 212 ta joylashtirish vositalari (mehmonxona va mehmon uyi) xizmatlari uchun 50 foizgacha, 114 ta umumiy ovqatlanish joyidagi xizmatlar uchun 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.
Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 1-30 noyabr kunlari Respublika ichidagi aviayo‘nalishlar uchun 60 yoshdan yuqori erkaklar va 55 yoshdan yuqori ayollar uchun ekonom va biznes toifalarining (LPR3M, UPR3M, SPR3M, OPR3M tashqari) joriy narxlarga 25 foiz miqdorda va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan Respublika ichidagi amaldagi tariflarga 10 foiz miqdorda hamda “Uzautotrans Service” MChJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga 15 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar joriy etilgan.
Shu bilan birga, keksalarni ziyoratgoh va madaniy meros ob’yektlariga kirish uchun O‘zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlaridagi 14 ziyoratgohga nafaqa va keksa yoshdagi fuqarolar uchun kirish bepul etib belgilangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi 49 madaniy meros ob’yektiga kirish uchun chegirmalar joriy etilgan. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 14 hudud bo‘yicha ziyoratgohlar va qadamjolarni o‘zaro bog‘lagan ichki turizm sayohat dasturlari ishlab chiqilib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan barcha hududlardan fuqarolar yig‘inlaridagi keksa avlod vakillaridan iborat faollarni keng jalb etish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki turizmga ruxsat berilgani munosabati bilan keksalarning dam olishini mazmunli tashkil etishda ularning salomatligi va xavfsizligi ta’minlanib, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilinadi.